Qashqadaryoda 18 yoshli yigit basseynda tok urishi oqibatida vafot etdi

Jamiyat 10:45 / 14.08.2024 10487

Qarshi tumanidagi suv havzasida 18 yoshli yigit vafot etdi. Bu haqda «Markaziy studiya» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 12 avgust kuni sodir bo‘lgan: Qarshi shahrida ijarada yashab kelgan, 2006 yilda tug‘ilgan kosonlik yigit tushdan so‘ng o‘z yaqinlari bilan cho‘milish maqsadida suv havzasiga borgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yigit basseynda cho‘milib chiqib, usti nam holatda elektr energiya “rozetka”si ustiga oyog‘ini qo‘ygan. Ehtiyotsizligi oqibatida uni o‘sha yerda tok urgan.

Suv havzasining faoliyati boshlaganiga endigina ikki oy bo‘lgan.

Bolaning usti nam bo‘lgan. U telefon quvvatlash uchun o‘rnatilgan “rozetka” ustiga oyog‘ini qo‘ygan. Tok urgan deb taxmin qilyapmiz. Hozirda ekspertiza jarayonlari ketmoqda. Shundan keyin hammasiga aniqlik kiritiladi”, degan tadbirkor Nuriddin Pirnazarov.

Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng marhumning yaqinlari tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilishgan. Unga qadar esa yigitga o‘sha manzilda bo‘lib turgan shifokorlar yordam ko‘rsatishga harakat qilgan. Ammo berilgan yordamlarga qaramay yigit vafot etgan.

Ayni paytda holat yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan va tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Suzish havzasi faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: