Andijonda Ucell xodimi kompaniyaning qariyb 450 mln so‘m pulini onlayn birjaga tikib, yutqazib qo‘ydi

Jamiyat 09:51 / 14.08.2024 8752

Paxtaobod tumanida Ucell xodimi kompaniyaning katta miqdordagi pulini onlayn birjada yutqazib qo‘ydi. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.

Kun.uz tanishgan hukmda keltirilishicha, 1999 yilda tug‘ilgan A.I. Ucell kompaniyasining Paxtaobod tumani filialida katta sotuvchi vazifasida ishlagan. Yigit 2023 yilning oktyabr oyida kompaniya tomonidan mijozlarga to‘lovlar uchun o‘tkazilgan 198 mln 900 ming so‘m pulni Paynet ilovasidan foydalanib, o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan. So‘ngra ushbu mablag‘ni Bitcoin oldi-sotdisi uchun Binance kriptovaluta birjasiga tikib yuborgan. 

A.I. 2023 yil noyabr oyida shu usulda kompaniyaning 249 mln 907 ming so‘m mablag‘ini o‘z bank kartasiga o‘tkazib, yana onlayn birjaga tikkan. Ammo uning omadi kelmagan va kompaniyaning jami 448 mln so‘mdan ortiq pulini yutqazib qo‘ygan.

Sudda A.I. aybiga iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni qoplaganini, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan va o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

Sud qarori bilan A.I. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 1 yil davlat hamda davlat ulushi ishtirokidagi korxonalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilib, har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: