14 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Jamiyat 20:02 / 14.08.2024 6380

Oshirilayotgan pensiya va maoshlar, Shohimardonga tun-u kun o‘tish-qaytish, yangi tezyurar elektropoyezdlar uchun pullar va muttasil qoidabuzar haydovchining auksionda sotilgan Lacettiʼsi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Avval pensiyalar, so‘ngra oylik maoshlar oshiriladi

O‘zbekistonda 1 sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar 15 foizga oshiriladi. 1 oktyabrdan e’tiboran esa budjet tashkilotlari xodimlarining maoshi 10 foizga, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining maoshi esa 15 foizga ko‘tariladi.

Bu O‘zbekiston prezidenti “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi yangi farmonida ko‘rsatib o‘tilgan.

Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 15 foizga oshiriladi.

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab budjet tashkilotlarida ishlovchi tibbiyot xodimlari, shuningdek, maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari hamda tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, bolalar va mehribonlik uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori 15 foizga; budjet tashkilotlari boshqa xodimlarining ish haqi miqdori 10 foizga oshiriladi;

1 oktyabrdan boshlab Bazaviy hisoblash miqdori 375 000 so‘m etib belgilanadi. Bu esa jarimalar miqdori ham oshayotganini anglatadi.

Shohimardonga borish yanada osonlashdi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda Shohimardonga kirish qismida joylashgan “Oq qiya” bojxona punkti tun-u kun ishlash rejimiga o‘tkazildi.

Bu esa O‘zbekistonning Qirg‘iziston Respublikasi hududi bilan o‘rab olingan eksklav hududlaridan biri — Shohimardon qishlog‘iga dam olishga boruvchi fuqarolar uchun ayni muddao bo‘ldi.

Bu o‘zgarishgacha mazkur postlar ertalab soat 6:00 dan 22:00 gacha ishlardi.

Qayd etib o‘tish lozimki, mazkur yangilik Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning 2024 yil 18 iyul kuni Toshkent shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshdi. Qirg‘iz Respublikasi prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida tomonlar ikki davlat chegarasida joylashgan chegara bojxona postlaridan samarali foydalanish masalasini ko‘rib chiqishgan edi.

Yangi tezyurar elektropoyezdlar xarid qilinadi

O‘zbekistonda Koreya Eksimbanki ishtirokida 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan Hyuindai elektropoyezdlarini xarid qilish loyihasi amalga oshiriladi.

“Koreya Eksimbanki ishtirokida “6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ va uning tarkibidagi “Temiryo‘lekspress” AJ loyihani o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish hamda Koreya Eksimbankining qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organlar deb belgilangan.

O‘zbekiston Milliy banki Koreya Eksimbanki tomonidan taqdim etiladigan qarzlar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish borasida moliyaviy agent hisoblanadi.

Iqtisodiyot va moliya vaziriga hukumat nomidan qarzlarni qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash vakolati berildi.

Qoidabuzar haydovchining Lacetti’si auksionda sotildi

Haydovchining to‘lanmagan jarimalari miqdori 88 mln so‘mga yetgan. Xatlangan Lacetti auksion savdolariga chiqarilib, 92 mln so‘mga sotilgan.

MIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yil fevral oyida byuroning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan 174 ta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchining Lacetti mashinasi xatlab olingan. Ayolga 174 ta ma’muriy jarimadan qariyb 59 mln so‘m miqdoridagi qarzdorlikni qoplasa mashina o‘ziga qaytarilishi to‘g‘risida tushuntirish berilgan.

Ammo oradan 6 oy o‘tib, 174 ta qoidabuzarlik soni 230 taga ko‘paygan. Ya’ni haydovchi mashina xatlanishidan oldin ham yo‘llarda tinimsiz harakat qoidalariga rioya etmay harakatlanib yurgan. Buning oqibatda 60 kun o‘tganidan so‘ng barcha qarzdorliklari MIB ish yurituviga kelib tushavergan. Shu tariqa, haydovchining qoidabuzarliklari soni 230 taga, jarimalar miqdori esa 88 mln so‘mga yetgan.

Qarzdorning Lacetti’si auksion savdolariga chiqarilgan. O‘tkazilgan savdolar jarayonida mashina auksion qatnashchisi tomonidan 92 mln so‘mga sotib olingan. Auksion savdolari orqali kelib tushgan pul mablag‘lari qarzdorning jarimalarini so‘ndirish uchun yo‘naltirilmoqda.

18 yoshli yigit basseynda tok urishidan vafot etdi

Qarshi tumanidagi suv havzasida kosonlik 18 yoshli yigit vafot etdi. 2006 yilda tug‘ilgan yigit cho‘milishdan so‘ng suvdan chiqib, tanasi nam holda elektr energiya “rozetka”si ustiga oyog‘ini qo‘ygan va tok urib yiqilgan. U berilgan yordamlarga qaramasdan vafot etgan, deb xabar beradi “Markaziy studiya”.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yigit basseynda cho‘milib chiqib, usti nam holatda elektr energiya “rozetka”si ustiga oyog‘ini qo‘ygan. Ehtiyotsizligi oqibatida uni o‘sha yerda tok urgan.

Voqea ro‘y bergan suv havzasi faoliyatini boshlaganiga endigina ikki oy bo‘lgan. Suzish havzasi faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: