Qozog‘istonda onlayn kreditni taqiqlash bo‘yicha petitsiya e’lon qilindi

Jahon 18:52 / 13.08.2024 2981

Qozog‘istonning «Haq-Nazar» jamoat fondi ijtimoiy faollari mamlakatda onlayn kreditni taqiqlash bo‘yicha petitsiya yaratdi. U Epetition.kz saytida paydo bo‘ldi, deb yozdi Exclusive.

Qayd qilinishicha, jamoat fondi xodimlari onlayn-kreditlarning salbiy oqibatlaridan «chuqur tashvish» bildirgan. Ularning fikriga ko‘ra, bunday kreditlarni olishning osonligi ko‘plab ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Ta’kidlanishicha, onlayn kreditlar fuqarolarning moliyaviy farovonligiga katta xavf tug‘diradi.

«Ularning qulayligi aholining zaif qatlamlari o‘rtasida qarz yukining oshishiga va moliyaviy beqarorlikka olib keladi. Yuqori foiz stavkalari va noaniq kredit shartlari ko‘pincha odamlarni og‘ir qarz tuzog‘iga solib qo‘yadi, ba’zilar undan qutulolmaydi. Bundan tashqari, onlayn-kreditlash qarz majburiyatlarini to‘lay olmaslik bilan bog‘liq firibgarlik, o‘g‘irlik va tovlamachilik kabi jinoyatlar sonining ko‘payishi uchun sharoit yaratdi», deyiladi petitsiyada.

Petitsiya mualliflari Qozog‘iston hududida onlayn kreditlar berishni taqiqlash, shuningdek, qarz oluvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida mikrokreditlar berish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qilmoqda.

«Biz onlayn kreditlarni cheklash va nazorat qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar jinoyat, suiiste’mollik va moliyaviy qullik bilan bog‘liq xavflarni sezilarli darajada kamaytirishiga aminmiz. Biz Qozog‘iston hukumatini fuqarolarni himoya qilish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqiramiz», deyiladi petitsiyada.

Ko‘proq yangiliklar: