O‘qishni ko‘chirish testlarida qatnashishga 44 mingga yaqin talabgorga ruxsat berildi

O‘zbekiston 17:28 / 12.08.2024 7470

Oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish yakunlandi. Jarayon yakunlari bo‘yicha Bilimlarni baholash agentligi ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha jami 43 882 nafar talabgorga test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat etilgan.

Shundan eng ko‘p ariza respublikadagi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalaridan kelib tushgan (jami 33 255ta). Xorijiy OTMlarning respublikadagi filiallaridan esa 657 nafar talaba o‘qishini ko‘chirmoqchi ekanini bildirgan. Xorijiy davlatlarning OTMlaridan 9 970 nafar talabgor o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza jo‘natgan. Agentlik o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarining o‘tkazilish sanasi va talabgorlar uchun ruxsatnomalarni berish muddatlari haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, xorijiy va mahalliy OTMdan o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qabuli 15 iyuldan 5 avgustgacha davom etgandi. Oldinroq, “perevod”ni kimlar, qay tartibda amalga oshira oladi, qanday holatda o‘qishni ko‘chirish uchun ruxsat berilmasligi haqida maqola e’lon qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: