Koreyaning yirik banki sentabrdan Qirg‘iziston bilan dollarda SWIFT-o‘tkazmalarni to‘xtatadi

Iqtisodiyot 22:55 / 12.08.2024 3839

Janubiy Koreyaning Kookmin Bank banki Qirg‘iziston banklarini sentabrdan boshlab dollarda SWIFT-o‘tkazmalarini to‘xtatishi haqida ogohlantirdi, deb yozadi iqtisodchi Azamat Akeneev.

Mamlakat Milliy banki mazkur holatga quyidagicha munosabat bildirdi:

«G‘arb davlatlari tomonidan kiritilayotgan sanksiyalar ro‘yxati va talablarining kengayishi munosabati bilan xorijiy banklar Qirg‘iziston Respublikasi tijorat banklari mijozlari tomonidan amalga oshiriladigan transchegaraviy to‘lovlarni tahlil qilish va tekshirishni talab qilmoqda.

Korrespondentlik tarmog‘ini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, shuningdek, o‘z mijozlariga uzluksiz xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida Qirg‘iziston Respublikasi tijorat banklari mamlakat Milliy bankiga taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan kengaytirish va/yoki xorijiy davlatlarning banklari bilan yangi korrespondentlik aloqalarini o‘rnatish ishlarini olib bormoqda.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston Respublikasining Milliy banki tijorat banklariga xorijiy davlatlarning banklari bilan yangi korrespondentlik munosabatlarini o‘rnatish va mavjudlarini saqlab qolishda har tomonlama yordam va ko‘mak ko‘rsatadi».

Kookmin Bank 2014 yil mart oyi oxirlaridagi aktivlarining qiymati bo‘yicha Janubiy Koreyadagi eng yirik banklar to‘rtligiga kiradi. U Koreyada eng yirik bank va 2017 yil holatiga ko‘ra, kattaligi bo‘yicha dunyoda 60-o‘rinda turadi.

Qirg‘iziston dunyoning 16 davlatidagi banklar bilan korrespondentlik aloqalarini o‘rnatgan:

  • Germaniya — 41,5 milliard qirg‘iz so‘mi;
  • Janubiy Koreya — 14,5 milliard qirg‘iz so‘mi;
  • Rossiya Federatsiyasi — 8,1 milliard qirg‘iz so‘mi;
  • Xitoy — 5,8 milliard qirg‘iz so‘mi;
  • Qozog‘iston Respublikasi — 3,8 milliard qirg‘iz so‘m;
  • Turkiya — 1,8 milliard qirg‘iz so‘mi;
  • Boshqa davlatlar — 5,2 milliard so‘m.
Ko‘proq yangiliklar: