O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev olimpiadada tarixiy natija ko‘rsatgan o‘zbekistonlik bir guruh sportchilar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbari chempionlikni qo‘lga kiritgan bokschilar Bahodir Jalolov va Abdumalik Halokov, erkin kurashchi Razambek Jamalov, kumush medallarga sazovor bo‘lgan taekvondochi Svetlana Osipova va og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev hamda bronza medali sohibi erkin kurashchi G‘ulomjon Abdullayevni O‘zbekiston xalqi nomidan tabriklab, murakkab kurashlarda ko‘rsatgan yuksak mahorati va matonati uchun minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev ularning ota-onalari va murabbiylariga el-yurtga munosib shunday o‘g‘il-qizlarni tarbiyalagani uchun rahmat aytdi.
“Sen O‘zbekiston ayollari orasida birinchi bo‘lib taekvondo bo‘yicha olimpiya medali sovrindori bo‘lding. Barchamiz har bir chiqishingni hayajon bilan kuzatdik. Yuksak jang san’ati va haqiqiy jangchi ruhini namoyish etding. Sen bilan juda faxrlanamiz”, – dedi prezident Svetlana Osipovaga.
Davlat rahbari Bahodir Jalolov bilan suhbatda u o‘z va’dasining ustidan chiqqanini e’tirof etdi.
“Tarixiy g‘alabang bilan chin qalbimdan tabriklayman. Eng og‘ir vaznda tengsiz ekaningni yana bir bor butun dunyoga ko‘rsatding. Bu bizlarga juda katta faxr, g‘urur-iftixor bag‘ishladi. Parijda ham oltin olib kelishga va’da bergan eding, bugungi tarixiy zafaring shu va’daga mos bo‘ldi. Katta-katta g‘alabalar hali oldimizda. Poytaxtimizda nomingga ochilgan boks bo‘yicha sport mahorati maktabida yana yuzlab, minglab o‘zbek bahodirlari katta ringlarga tayyorlanishiga ishonaman”, – dedi u.
Shavkat Mirziyoyev fursatdan foydalanib bokschilarimizning bosh murabbiysi To‘lqin Qilichev tezda sog‘ayib ketishini tiladi.
Sportchilar prezidentning shaxsiy e’tibori ularga kuchli motivatsiya bergani, mukammal tayyorgarlik ko‘rishlari uchun barcha imkoniyat yaratilganini qayd etib, tashakkur izhor etishdi. O‘zbekiston sportining yangi tarixini yaratishda bundan buyon ham astoydil mehnat qilishga, yanada yuksak marralarga erishishga va’da berishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston jami 13ta medal – 8ta oltin, 2ta kumush va 3ta bronza bilan Olimpiadani umumjamoa hisobida 13-o‘rinda yakunladi.
Bir necha soatdan keyin boshlanadigan olimpiadaning tantanali yopilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori vazifasini taekvondo WT bo‘yicha ikki karra olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov bajaradi.