Markaziy Osiyo yagona ittifoq tomon burildi – Ostonadagi tadbirlar tafsilotlari

O‘zbekiston 17:36 / 10.08.2024 14505

Yakuniga yetayotgan haftada Ostona shahri qator oliy darajadagi tadbirlarga mezbonlik qildi. O‘zbekiston prezidenti davlat tashrifi bilan bu mamlakatda bo‘lib, hamkasbi Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan kompleks aloqalarni muhokamadan o‘tkazdi. Qozog‘iston rahbari Mirziyoyevni davlat oliy ordeni bilan taqdirladi. Shuningdek, Ostonada Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvi o‘tkazildi. Unda mintaqa kelajagi uchun muhim tashabbuslar ilgari surildi. Milliy ID-kartalarni mintaqa miqyosida tan olish, mudofaa siyosatida hamkorlik, yagona mintaqa pozitsiyasini shakllantirish kabi takliflar – Markaziy Osiyo dunyoga yagona kuch sifatida namoyon bo‘layotganini isbotlaydi. Ya’ni mintaqa tobora integratsiya va ittifoqchilik tomon ketmoqda.

Xalqaro aeroportda Mirziyoyevni shaxsan To‘qayevning o‘zi kutib oldi. Asosiy tadbirlar Ostona shahridagi prezident qarorgohi – Oq o‘rdada bo‘lib o‘tdi. Dastavval rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi. Ikki davlat madhiyalari yangradi. So‘ngra odatga muvofiq, tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Prezident Mirziyoyev samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etishi, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalari endi sifat jihatidan yana bir pog‘ona ko‘tarilayotganini aytdi.

Protokolga ko‘ra, tor doiradagi muzokaralardan keyin odatda kengaytirilgan tartibda muzokaralar bo‘lib o‘tardi. Lekin ikki prezident tashabbusi bilan bu gal rahbarlar raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi o‘tkazildi. Mirziyoyev avvalo xalqaro tuzilmalar doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, umumiy manfaatlarni samarali ilgari surish muhimligini ta’kidladi. Tovar ayirboshlash hajmini esa yaqin yillarda 10 mlrd dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda oy oxirigacha alohida dastur qabul qilinadi. Bunda bozorlarni o‘zaro shakllantirish, mavjud cheklovlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratiladi. Tashrif oldidan o‘tgan biznes forumda esa 7 mlrd dollarlik salmoqli kelishuvlar imzolangani ham ma’lum qilindi. Shuningdek, mintaqada suvdan foydalanish masalalariga yagona yondashuv mavjudligi qayd etildi. Ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, suv xo‘jaligi obektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish ishlari davom etishi bildirildi.

Qozog‘iston prezidenti Mirziyoyevni davlat Oliy ordeni “Oltin qiron” bilan taqdirladi.

Ostonada O‘zbekiston Prezidentining safaridan tashqari, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining 6-Maslahat uchrashuvi ham rejalangan edi. Mintaqaning 5 davlatidan ham prezidentlar Ostonada to‘planishdi. 6 yil avval, aynan Ostona shahrida ushbu muloqotga asos solingandi. Prezident Mirziyoyev bu tadbirda so‘zga chiqarkan, mintaqa dunyo uchun tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. “Markaziy Osiyo plyus” formatlari bunga dalolat ekanini qo‘shimcha qildi.

Qozog‘iston prezidenti To‘qayev ham Markaziy Osiyo davlatlari endi mudofaa sohasida ham hamkorlikni kuchaytirishini gapirdi. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon esa global tahdid va xavflarning kuchayishi fonida xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi shakllarini ishlab chiqish, huquq tartibot idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlik mexanizmlarini yaratishni taklif qildi. Shuningdek, Rahmon dunyoda tez o‘zgarishlar yuz berayotgan sharoitda Markaziy Osiyo kelajagi bo‘yicha yagona pozitsiyani shakllantirish zarurati borligini ham aytdi.

Maslahat uchrashuvi yakunida esa prezidentlar Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy hujjatlarga imzo chekdi. Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining faxriy nishoni O‘zbekiston prezidentiga topshirildi.

Rejaga muvofiq Ostona shahrida yana Markaziy osiyo – Yaponiya muloqotining davlat rahbarlair darajasidagi sammiti bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq, Yaponiyadagi kuchli zilzila va sunami ehtimoli ortidan Bosh vazir Fumio Kishida Ostona va Toshkent, shuningdek, Mo‘g‘ulistonga safarini ham bekor qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kunning o‘zida Kishida bilan gaplashib, uni to‘liq tushunishini aytdi, tashrif va sammit yangi sanaga yaqin fursatlarda belgilanishiga kelishib oldi.

Ko‘proq yangiliklar: