AppStore do‘konlaridan Rutube ilovasi yo‘qolib qoldi

Fan-texnika 20:12 / 10.08.2024 1890

Rutube ilovasi AppStore do‘konlaridan yo‘qolib qoldi, deb xabar bermoqda videoxosting ma’muriyati. Rossiya kompaniyasiga ko‘ra, bu sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan.

«Bizning ilovamiz AppStore ilovalar do‘konlaridan o‘chirib tashlandi. Bu Amerika kompaniyasi sanksiyalari oqibatidir, natijada foydalanuvchilarning mobil ilova orqali xizmatlarimizdan foydalanishi qiyinlashdi», — deyiladi Rutube xabarida.

Kompaniyadagilarning ma’lum qilishicha, Rutube «AppStore’da eng ko‘p yuklanadigan ilovalar reytingida birinchi o‘rinda bo‘lgan». Xosting vakillarining qo‘shimcha qilishicha, ular ilovaning do‘konga qaytarilishiga harakat qiladi. Google Play ilovalar do‘konida esa hozircha Rutube turibdi.

O‘tgan safar AppStore Rutube ilovasini joriy yilning iyunida o‘chirib tashlagan edi. Kompaniyaning apellyatsiyasidan keyin oradan o‘n kun o‘tgach, ilova do‘konda yana paydo bo‘lib qolgan.

Iyul oyi o‘rtalarida «Rostelekom» operator tarmoq infratuzilmasida foydalaniladigan Google uskunasi ishlashidagi texnik nosozliklar tufayli Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun YouTube'dagi ehtimoliy uzilishlar haqida ogohlantirgan edi. Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn 25 iyul kuni Rossiya rasmiylari yaqin kunlarda YouTube ishini sekinlashtira boshlashini aytgandi. 

Bir necha kundan beri Rossiya Federatsiyasining ko‘plab hududlari aholisi YouTube videoxostingiga kirish imkoni yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. Kuni kecha Rossiyada Signal messenjerini bloklash boshlangan.

Ko‘proq yangiliklar: