Apple Rutube'dan ilovada Rossiya davlat OAV kontentini yashirishni talab qildi

Jahon 08:34 / 16.08.2022 2446

Amerikaning Apple korporatsiyasi Rutube videoxostingidan iOS operatsion tizimi uchun ilovada RF davlat OAV materiallarini yashirishni talab qildi. Bu haqda 15 avgust, dushanba kuni Rutube matbuot xizmatiga tayanib, Rossiya davlat axborot agentliklari xabar berdi

«Apple Rutube ilovasini moderatsiya qilish muammosini ikki yo‘l bilan hal qilishni taklif qilmoqda: ilovani faqat rossiyalik foydalanuvchilarga taqdim etish yoki «state-sponsored media» kontentini olib tashlash. Bu Rutube ilovasi boshqa davlatlardan bo‘lgan yangi foydalanuvchilari uchun ishlamasligiga olib keladi. Ilovani avvalroq yuklab olgan foydalanuvchilar uchun, ehtimol, yangilanishlar mavjud bo‘ladi», — deya matbuot xizmati javobidan iqtibos keltirgan «Interfaks». 

Apple qaror qabul qilish uchun ikki hafta vaqt berdi, aks holda ilova App Store do‘konidan o‘chirib tashlanadi. 

Rutube vakillari Rossiya davlat OAVning tarqatilishiga cheklov qo‘ymoqchi emasliklarini, chunki bu «ruszabon aholi huquqlarini poymol etishini» ma’lum qildi. Shu bilan birga, ilovadan foydalanish imkoniyati uchta davlat bilan cheklandi. Endi uni faqat Rossiya, Belarus va Qozog‘iston aholisi yuklab olishi mumkin. 

YouTube videoxostingida kanallari bloklangan ko‘plab rus OAV va blogerlar Rutube’da mavjud. Ular orasida - «Birinchi kanal», «Rossiya 1», NTV, «Rossiya 24», TNT, RT, «Spas», shuningdek, teleboshlovchi Vladimir Solovyov, prankerlar Vovan va Leksus, bloger Dmitriy (Goblin) Puchkov va boshqalarning kanallari bor. 

Ko‘proq yangiliklar: