Rossiya qo‘shini 9 avgust kuni soat 11:05 da Donetsk oblasti Kramatorsk rayoni Konstantinovka shahriga raketa zarbasi yo‘lladi. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkinga ko‘ra, rossiyalik harbiylar «shaharga X-38 raketasi bilan aviazarba yo‘llagan va supermarketni aniq nishonga olgan». Avvaliga Filashkin shahar stvolli artilleriyadan o‘qqa tutilganini aytgandi. Ukrain nashrlariga ko‘ra, zarba «Ekomarket» do‘koniga kelib tushgan. Bosh prokuror ofisi aniqlik kiritishicha, bu oziq-ovqat va xo‘jalik mahsulotlari do‘konlarini o‘z ichiga olgan savdo markazi bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Konstantinovkaga zarba oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, deya xabar bergan Ukraina bosh prokurori ofisi. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatiga ko‘ra, yaralanganlar soni 44 nafarni tashkil etmoqda.
Zarba oqibatida savdo markazida yirik yong‘in yuzaga kelgan. Soat 13:50 da Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko qutqaruvchilar ming kvadrat metr maydonagi yong‘inni o‘chirishgani haqida xabar qilgandi. Zarba tufayli supermarketdan tashqari to‘rtta xususiy uy, to‘qqizta do‘kon, avtomoyka, «Novaya pochta» terminali, savdo pavilyonlari va 12 ta avtomobil shikastlangan.
«Novaya pochta» xabar berishicha, «rossiyaliklarning savdo markazini mo‘ljallab bergan zarbasi oqibatida» kompaniya bo‘limi butunlay vayron bo‘lgan. Xodimlardan birida kontuziya kuzatilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jo‘natmalarning bir qismi butun qolgan.
Konstantinovkada qutqaruv amaliyoti davom etmoqda.
Ukraina hukumati Rossiya qo‘shinini terror amalga oshirishda ayblagan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «rossiyalik terrorchilar» «oddiy supermarket va pochta»ga zarba berganini aytgan: «Rossiya bu terror uchun javob beradi va biz dunyo kelgusida ham Ukraina bilan bo‘lishi, bizning himoyalanishimizga ko‘mak berishi va odamlarimiz hayotini saqlab qolishi uchun barcha ishni qilamiz».
Shunga o‘xshash fikrni Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham aytib o‘tgan. «Konstantinovkada supermarket bo‘ylab zarba — rossiyaliklarning navbatdagi terrori. Oddiy fuqarolar bilan urishish — bu ular biladigan yagona ish», — degan Yermak. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal ham Konstantinovkaga hujum yuzasidan munosabatida rossiyalik harbiylarni «terrorchilar» deb atagan.
Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin Rossiya qo‘shini «odamlar to‘planib turgan joyga navbatdagi marta qasddan zarba bergani»ni ta’kidlagan. «Rossiyaliklardan navbatdagi terror akti», — deya qo‘shimcha qilgan u.
«Ekomarket» kompaniyasi vakili ham Konstantinovkadagi do‘koniga zarba yuzasidan izohida shunga o‘xshash so‘zlarni aytgan. «Fojia kuppa-kunduzi ro‘y berdi, shu tufayli rossiyaliklar bilib turgan holda aynan tinch aholi vakillarini nishonga olgan. Axir do‘konlar — odamlar oziq-ovqat uchun keladigan fuqarolik obektlari. Bu zarbada hech qanday harbiy mantiq yo‘q — faqat terrorizm», — deyiladi kompaniya bayonotida.
Ukraina ombudsmeni Dmitro Lubinets ham supermarket — «ko‘plab tinch aholi vakillari to‘planadigan fuqarolik obekti» bo‘lishini va Rossiya kuchlari «inson huquqlarini keng miqyosda va tizimli ravishda buzayotgani»ni ta’kidlagan.