Jahon | 21:20 / 16.04.2025
8924
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dronlari Shuyaga hujum qildi. Bu yerda Sumiga raketa zarbasi yo‘llagan brigada joylashgan

Foto: Videodan kadr

16 aprel kuni ertalab Ivanovo oblastining Shuya shahriga dronlar hujum qildi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hujum oqibatida ikki kishi yengil tan jarohati olgan. Rossiya mudofaa vazirligi Shuyada Ukrainaning yettita droni urib tushirilganini ma’lum qildi.

Astra telegram-kanali mahalliy aholi tomonidan hujum joyida olingan videolar geolokatsiyasini aniqladi. Ulardan biri Kooperativ ko‘chasida, Rossiya qurolli kuchlarining 112-gvardiya raketa brigadasi bazasidan 200 metrga yaqin masofada portlagan. Yana bir video General Belov ko‘chasida, brigadaning harbiy shaharchasidan bir kilometr masofada olingan.

Rossiya rasmiylari bazaga hujumni rasman tasdiqlamadi. Ukraina qurolli kuchlari voqeaga izoh bermadi.

Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov avvalroq 112-brigada Rossiya qurolli kuchlarining 448-raketa brigadasi bilan birgalikda Sumi shahri markaziga raketa hujumi uchun mas’ul ekanini aytgandi. 15 aprel kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Kursk oblastida 448-brigadaning doimiy joylashuv manziliga hujum qilingani haqida xabar bergandi.

Sumi bo‘ylab raketa zarbasi 13 aprel kuni yo‘llangan, shaharga «Iskander-M» rusumli ikkita raketa uchib kelgandi. Natijada 35 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi. Rossiya mudofaa vazirligi Sumiga zarba berishdan maqsad «Seversk» operativ-taktik guruhi qo‘mondonlik tarkibi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan joy bo‘lgani va natijada Ukraina qurolli kuchlarining 60 dan ortiq askari halok bo‘lganini da’vo qildi.

Keyinroq Sumi oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Volodimir Artyux ukrainalik siyosatchilarning shu kuni Sumi shahrida harbiylarni taqdirlash rejalashtirilgani haqidagi ma’lumotini tasdiqladi. 15 aprel kuni prezident Volodimir Zelenskiy Artyuxni ishdan bo‘shatdi.

AQSh o‘t ochish to‘xtatilmagunicha, Rossiyadan sanksiyalarni yechmaydi

AQSh Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmaguncha Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish yoki Rossiya bilan boshqa kelishuvlar variantini ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda Davlat departamenti vakili Temmi Bryus ma’lum qildi.

«Qirg‘inbarot to‘xtamaguncha hech qanday muzokaralar, hech qanday qarorlar, hech qanday kelishuvlar bo‘lmaydi», – dedi Bryus Rossiya va AQShning so‘nggi muzokaralarida sanksiyalarni yumshatish mavzusi muhokama qilinganmi, degan savolga javob berarkan.

Bryus RF qo‘shinlarining Sumiga raketa hujumidan so‘ng «tinchlik va o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasiga kim chinakamiga sodiqligi haqida ko‘proq savollar paydo bo‘lishi kerakligi»ni qayd etdi. U harbiy harakatlar davom etayotgani – «hali ham o‘sha go‘sht qiymalagich» ekanini ta’kidladi.

Bryusning chiqishidan biroz oldinroq Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ham xuddi shunday bayonot bergandi. U AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuviga izoh berarkan, Vashington bilan iqtisodiy hamkorlik Moskvaga urushni tugatish uchun turtki bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagandi. «Ammo avval biz o‘t ochishni to‘xtatish rejimini ko‘rishimiz kerak», – degandi u.

Putin mart oyidayoq AQSh prezidenti Donald Trampning zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini so‘zda qo‘llab-quvvatlagan, biroq bir qator tafsilotlarni kelishib olish zarurligini aytgandi. O‘shandan beri AQSh Rossiya vakillari bilan ham, Ukraina vakillari bilan ham muzokaralar olib bordi. Ular sezilarli natija bermadi. Moskva va Kiyev oxir-oqibat energetika obektlariga zarba berishni faqat 30 kunga to‘xtatganini rasman e’lon qildi, ammo ular muntazam ravishda bir-birini kelishuvlarga rioya qilmaslikda ayblamoqda.

Uitkoff 11 aprel kuni Putin bilan uchrashgandi. Uch kundan keyin Fox telekanali efirida muzokaralar natijalarini sharhlar ekan, u Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuvi «yetilayotgani» va u «ushbu beshta hudud»ga taalluqli ekanini aytdi. Uitkoff aynan nima nazarda tutilayotganiga izoh bermadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Uitkoffning so‘zlariga izoh berarkan, anneksiya qilingan hududlarning Rossiyaga tegishli ekanini yuridik jihatdan tan olish Ukraina uchun «qizil chiziq» hisoblanishi haqida ilgari aytgan so‘zlarini takrorladi.

Mavzuga oid