Dam olish kunlari nisbatan salqin havo respublikaning barcha hududlariga tarqaladi, deya xabar bermoqda “O‘zgidromet”.
Juma kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida juda issiq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati +40…+42 daraja, janubida ba’zi joylarda +45 darajagacha bo‘ladi.
Faqat shimoli-g‘arbiy hududlarga salqin havo kirib kelishi boshlanadi. Hafta o‘rtasida ushbu hududlarda kuzatilgan juda issiq ob-havodan so‘ng, bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kunduz kuni havo harorati +32…+37 darajagacha pasayadi.
Dam olish kunlari havo harorati kunduz kunlari +33…+38 daraja atrofida, respublika janubida +39…+41 darajagacha bo‘ladi. Bu kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq ob-havo saqlanib turadi.
Faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlari tog‘oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim joylarda 11 avgust kuni momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Shamol 7−12 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15−20 metr/sekundgacha kuchayadi, chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.
Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 metr/sekund tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10−14 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.
Harorat kechalari 10 avgustda +24…+26, 11 avgustda +22…+24 daraja, kunduz kunlari 9 avgustda +39…+41, 10−11 avgustda +34…+37 daraja bo‘ladi.