Maktab sumkasini qanday tanlash kerak? – mutaxassis tavsiyalari

Jamiyat 14:01 / 09.08.2024 4938

Maktablarda yangi o‘quv yili boshlanishiga oz qoldi. Hozirda ota-onalar farzandlari uchun maktab bozori qilishda davom etyapti. Shundan kelib chiqib Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar uchun qanday sumka tanlash va undan qanday foydalanishga oid qator tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakovga ko‘ra, noto‘g‘ri tanlangan va foydalanilgan ryukzaklar maktab yoshidagi bolalarning umurtqa pog‘onasi hamda mushaklari uchun ortiqcha yuklamani keltirib chiqaradi. Bu holat esa kelgusida skolioz kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.

Mutaxassis bularning oldini olish uchun 7 ta muhim jihatga e’tibor qaratish lozimligini aytgan.

Birinchidan, maktab sumkasi bolaning orqa qismiga qulay joylashadigan o‘lchamda, tasmalari yelka qismiga botmaydigan, keng va yumshoq yostiqchali qoplamalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.

Ikkinchidan, sumka matosi suv o‘tkazmaydigan, orqa astari esa yupqa bo‘lmasligi kerak. Aks holda, sumka ichidagi qattiq buyumlar, kitoblar jildining burchaklari kuraklar hamda bel sohasida og‘riq va jarohatlarni keltirib chiqarish xavfi bor.

Uchinchidan, ryukzaklarni ikki yelkaga baravar osish tavsiya etiladi. Bu og‘irlikning tana bo‘ylab muvozanatli taqsimlanishiga xizmat qiladi va umurtqa pog‘onasi egriligi bilan bog‘liq patologiyalar kelib chiqishidan asraydi.

To‘rtinchidan, maktab sumkasi beldan pastga tushmagan holatda, lekin undan 5 santimetrdan kam bo‘lmagan uzunlikda taqib yurilishi maqsadga muvofiq.

Beshinchidan, ryukzakning umumiy og‘irligi bola vaznining 10-15 foizidan oshmasligi kerak. Bu me’yor kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun taxminan 3-5 kilogramm, o‘rta sinfdagi bolajonlar uchun 6-8 kilogrammga teng.

Oltinchidan, sumkaga o‘quv qurollari va jihozlarini joylashtirish ham muhim jarayon. Jumladan, og‘ir narsalar ryukzak o‘rtasiga, yengillari har ikki tomoniga muvozanatli solingani ma’qul.

Yettinchidan, katta hajmdagi, og‘ir va noqulay ryukzaklardan foydalanish bolajonlarning zinapoya va yo‘laklarda yiqilish xavfini oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning tegishli farmoni bilan mustaqillik bayramida ketma-ket 4 kun dam olinadi. Shunga muvofiq, 2024/2025 o‘quv yili 4 sentabrdan boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: