Germaniyaning Nyurnberg shahridagi Dyurer gimnaziyasi kechikkan o‘quvchilarga jarima joriy etdi. Spiegel nashrining yozishicha, o‘quvchilar darsga o‘z vaqtida kelmasa, besh yevro to‘lashi shart.
Qoida 2024 yil may oyidan beri 9-11-sinf o‘quvchilari uchun amal qilib kelmoqda. Gimnaziya direktori Rayner Geysderfer bu chora o‘z natijasini bergani, o‘quvchilarning aksariyati vaqtida kelishni boshlagani haqida ma’lum qildi.
O‘quvchilar uzrli sabablarsiz kechiksa va faqat eng zarur hollardagina jarimaga tortiladi. Avval aybdor bilan ota-onasi, o‘qituvchilar va psixologlar suhbatlashadi. Agar suhbatlar yordam bermasa, maktab jarima tayinlaydi.
Gimnaziyadagilarning aytishicha, ota-onalar va o‘qituvchilar bilan suhbat o‘quvchilarni unchalik qo‘rqitmaydi. Biroq jarimalar ularni “chindan tashvishga soladi”.
Jarima chorasi Germaniyadagi maktablarning hammasida ham qo‘llanmaydi. Ayrim ta’lim muassasalarida o‘z vaqtida kelmagan o‘quvchiga qo‘shimcha vazifa berilishi yoki ota-onasi chaqirilishi mumkin.
Forbes nashri yozishicha, mamlakatda uzrsiz sabablar bilan maktabga bormaslik uchun yanada qattiqroq jazo qo‘llanmoqda. Germaniyaning ba’zi hududlarida jarima miqdori 2,5 ming yevrogacha yetishi mumkin.