Rossiyada sobiq harbiy xizmatchi Qurolli kuchlarni tanqid qilgani uchun qamoqqa olindi

Jahon 20:07 / 07.08.2024 2691

Moskvaning Ukrainadagi urushda harakatlarini tanqid qilgan rossiyalik harbiy bloger armiya haqida «feyklar» tarqatgani uchun 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Moskva sud tizimi matbuot xizmati xabar berdi.

Sobiq harbiy xizmatchi Andrey Kurshin o‘zining Telegram kanalida Rossiyani Krivoy Rog shahri yaqinida yashovchi tinch aholining suvdan foydalanishini cheklagani va tug‘uruqxonani bombardimon qilgani uchun ayblagan.

Moskva viloyati sudiga ko‘ra, Kurshin «Rossiya Qurolli kuchlari to‘g‘risida qasddan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish»da aybli deb topilgan.

Bloger 2014 yilda ilk jangovar harakatlar boshlanganida rossiyalik separatistlar safida Ukraina sharqida jang qilgan, ammo keyinroq harbiylarga nisbatan ancha keskin fikrlar bildirishni boshlagan. Moskva 2022 yilning fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli hujumni boshlagach, hukumat mamlakat qurolli kuchlariga nisbatan bildiriladigan har qanday tanqidni taqiqlab qo‘ydi. Shundan buyon mamlakatda harbiylar haqida «feyklar» tarqatgani uchun minglab odamlar qo‘lga olindi.

Rasmiylar, shuningdek, armiya haqida yozuvchi blogerlarni jilovlashga faol urinmoqda, ularning ayrimlari Moskvaning hujumiga oid nozik va sharmandali ma’lumotlarni e’lon qilgan. Rossiyalik millatchi va isyonchilarning sobiq komandiri Igor Girkin joriy yil boshida Kreml hamda Rossiya harbiy qo‘mondonligini tanqid qilgani uchun to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, may oxirlarida Moskvaning Tver sudi rossiyalik bloger Ilya Varlamovga nisbatan Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi bayonnomani ro‘yxatdan o‘tkazgan edi. Bloger 2023 yilning 23 martida «chet el agenti» deb e’lon qilingandi. Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligiga ko‘ra, bunga u tomonidan tarqatilgan boshqa «chet el agentlari», xususan, «Dojd» telekanali va «Mediazona» portali bosh muharriri Sergey Smirnovning nashrlari sabab bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: