Kursk viloyatida bir kun davomida Ukraina o‘qqa tutishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, yana 18 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov 6 avgust, seshanba kuni Telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sudja shahridagi otishmalar paytida bir ayol halok bo‘lgan. Nexayevka va Komarovka qishloqlarida ikki kishi - transport vositalari haydovchilari UUA hujumlarida halok bo‘ldi.
Seshanba kuni avvaliga Kursk viloyati rasmiylari, keyinroq esa Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadan Rossiya chegarasini buzib o‘tishga urinish haqida e’lon qilgan edi. Harbiy departament ma’lumotlariga ko‘ra, ertalab Ukraina Qurolli kuchlarining 300 ga yaqin askari, 11 ta tank va 20 ta zirhli texnikasi Nikolayevo-Darino va Oleshnya hududlarida rossiyalik chegarachilarga hujum qilgan.
Gubernator Smirnovga ko‘ra, 26 ta Ukraina samolyot tipidagi droni Kursk viloyati osmonida urib tushirildi va kun davomida raketa tahdidi qayta-qayta e’lon qilindi.
Ukraina chegaradagi janglarga izoh bermadi
Mudofaa vazirligi Kursk viloyatiga «Rossiya qo‘shinlari guruhi zaxiralari» yuborilgani, ular Rossiya FSB chegara qo‘shinlari bo‘linmalari bilan birgalikda hujumlarni qaytarayotgani haqida xabar berdi. Kechqurun departament ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylarning bir qismi «to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat chegarasiga tutashgan hududda mustahkam o‘rnashib olishga uringan», biroq «katta yo‘qotishlar» ko‘rgan va Ukraina hududiga chekingan. Keyinchalik post tahrir qilindi va undan «Ukraina»ning chekinishi haqidagi ibora yo‘qoldi.
Ukraina tomoni Kursk viloyati bilan chegaradagi janglar haqida izoh bermadi.
Ukrainadan Kursk va Belgorod viloyatlari hududiga bostirib kirishga urinishlar 2023 yilning bahorida boshlangan. Ular uchun javobgarlikni Rossiya ko‘ngillilar korpusi (RDK), «Rossiya erkinligi» legioni va Ukraina Qurolli kuchlari tomonida jang qilayotgan Sibir batalioni o‘z zimmasiga oldi.