Rossiyada Rossiya Mudofaa vazirligi buyumlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i Vladimir Demchik yirik miqdorda pora olganlikda gumonlanib hibsga olindi. 235-garnizon harbiy sudi Rossiya Tergov qo‘mitasi Harbiy tergov bosh boshqarmasining Demchikni hibsga olish haqidagi iltimosini qanoatlantirdi, dedi 6 avgust, seshanba kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenko.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Demchik nomi oshkor etilmagan kompaniya rahbaridan 4 million rubl pora olgan. Keyingi ikki yil ichida ushbu kompaniya Mudofaa vazirligidan 574 million rubldan ortiq 26 ta shartnoma oldi. Demchik 15 yilga qamalishi va jarimaga tortilishi mumkin.
Tergov qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, hozir pora beruvchiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi va Bosh shtabida ushlash va hibsga olishlar
Bu so‘nggi oylarda Rossiya qurolli kuchlari tuzilmalaridagi yagona shov-shuvli ish emas. 1 avgust kuni Rossiyaning «Voyentorg» aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori Vladimir Pavlov Rossiya Mudofaa vazirligi mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, hibsga olingan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Pavlov hukumat shartnomasi bo‘yicha 400 million rubldan ortiq miqdorda oshirilgan narxda armiya nesesserlarini sotib olishni ta’minlagan.
26 iyul kuni Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, general Dmitriy Bulgakov hibsga olindi. Tergovchilarning fikriga ko‘ra, Bulgakov davrida qo‘shinlarni yuqori narxlarda past sifatli quruq ovqat bilan ta’minlash tizimi yaratilgan. Tergov qo‘mitasi uning faoliyatidan yetkazilgan zararni 1,3 milliard rublga baholagan.
24 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligining Harbiy qurilish kompaniyasi (VSK) bosh direktori Andrey Belkov Moskvada qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. U 2019 yilda Mudofaa vazirligining davolash-diagnostika markazi uchun tomografiyani oshirilgan narxda – 76 million o‘rniga 121 million rublga davlat xaridini tashkil qilganlikda gumonlanmoqda.
Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Timur Ivanov aprel oyida o‘ta yirik miqdorda pora olganlikda ayblanib, hibsga olindi. May oyida Rossiya Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov ham pora olayotganlikda ayblanib ushlandi. Xuddi shu oyda Rossiya Mudofaa vazirligini tanqid qilgan 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni Ivan Popov firibgarlikda ayblanib hibsga olingan.
May oyi oxirida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Vadim Shamarin hibsga olindi. U 36 million rubl miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda va aybini qisman tan olgan.