6 avgust kuni Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida sportning sakkiz turida 15 ta medallar shodasi o‘ynaldi.
O‘yinlarning ikkinchi haftasida eng mashhur sport turlarida — jamoaviy o‘yinlarda medallar o‘ynalmoqda.
Yengil atletika bo‘yicha musobaqalarda beshta medal o‘ynaldi.
Parij olimpiadasida asr voqeasi
Olimpiada. Yunon-rim kurashi. -130 kg vazn toifasida final
Mixain Lopes Nunes (Kuba) — Yasmani Akosta Fernandes (Chili) — 6:0
6 avgust kuni Parijda yunon-rim kurashi bo‘yicha bahslar yakunlandi. 130 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasi finalida kubalik afsonaviy Mixain chililik Yasmani Akostani mag‘lub etgan holda faoliyatidagi beshinchi Olimpiya medalini qo‘lga kiritdi.
Dastlab 2004 yilgi Afina olimpiadasida qatnashgan Lopes chorakfinalda rossiyalik Xasan Baroyevga yutqazib, ishtirokini to‘xtatgandi, Pekin-2008 dan boshlab keyingi beshta olimpiadaning har birida eng yaxshi bo‘ldi. U Xitoydagi o‘yinlar finalida litvalik Mindaugas Mizgaytisdan ustun kelgan, to‘rt yil o‘tib Londonda estoniyalik Xeyki Nabini mag‘lub etgan, 2016 yilda esa turkiyalik Rizo Kayalpni yenggan, 2021 yilgi finalda gurjistonlik kurashchi Yakob Kadjaya ustidan g‘alabaga erishgan.
U Tokiodagi chempionlikdan keyinoq Aleksandr Karelinning rekordini yangilagan holda tarixdagi eng sovrindor kurashchiga aylangandi. Rossiyalik kurashchi faoliyati davomida olimpiya o‘yinlarining uchta oltinini qo‘lga kiritgandi (Sidneydagi oxirgi ishtirokida kumush bilan kifoyalangan), Lopes esa to‘rtta. Shu bilan birga, olimpiya o‘yinlarida shohsupaga chiqish borasida ikki kurashchining natijasi tenglashgandi (to‘rttadan), Parijda esa Mixain bu borada ham ustunlikka erishdi.
Boshqa sport turlarida olti, yetti va undan ko‘p oltin medallarga ega chiqqan sportchilar ham bor, lekin baribir faqat Lopesning beshta oltin medalini afsonaviy deb hisoblash mumkin.
Chunki kurashchilar gimnastikachilar, suzuvchilar, tennischilar yoki eshkak eshuvchilardan farqli o‘laroq to‘rt yilda faqat bitta oltin qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ladi. Kubalik sportchi esa bu imkoniyatdan barchadan yaxshiroq foydalangan. Oxirgi o‘yin yil mobaynida u Olimpiada o‘yinlarida biror marta mag‘lub bo‘lmagan.
Parijda u birinchi raundda janubiy koreyalik Li Sun Chan to‘sig‘idan o‘tdi (7:0), chorakfinalda eronlik Amin Mirzazoda unga qattiq qarshilik ko‘rsatdi (3:1), yarimfinalda esa ozarboyjonlik Saboh Shariatiy taslim etildi (4:1). Uning finaldagi raqibi Yasmani Akosta turkiyalik Hamza Bakir (3:1), misrlik Abdullatif Muhammad (2:1) va xitoylik Mena Ling Jye (1:1, oxirgi harakat uchun g‘alaba)ni mag‘lubiyatga uchratgandi.
Finalda bir necha haftadan keyin 42 yoshni qarshilaydigan Lopes chililik raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. U dastlabki uch daqiqalikdan keyin ham 3:0 hisobida oldinda borayotgandi. Ikkinchi bo‘limda ham bir necha harakat amalga oshirgan Mixain ishonchli g‘alabani rasmiylashtirdi — 6:0. Lopes oltin medalni qo‘lga kiritdi va Olimpiya o‘yinlari tarixida individual musobaqalar doirasida shu qadar ko‘p oliy sovrinni qo‘lga kiritgan ilk atlet bo‘ldi.
Shundan keyin Lopes gilamning o‘zida oyoq kiyimini yechdi va bu bilan faoliyatini yakunlaganini bildirdi.
Olimpiadaning eng mojaroli ishtirokchisi — finalda
Olimpiya o‘yinlari. Ayollar. -66 kg vazn toifasida 1/2 yarimfinal
Janjayem Suvannapxeng (Tailand) — Iman Helif (Jazoir) — 0:5
6 avgust kuni Parijda boks turniri davom ettirildi. Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, muxlislarning asosiy e’tibori ayollar o‘rtasida 66 kilogrammgacha vazn toifasidagi yarimfinal bahsiga qaratildi.
Jazoirlik Iman Helif, bu Olimpiadada shov-shuv ko‘targan bokschi qiz barchaning diqqat markazida turibdi. XY-xromosomalar aniqlanib, tekshiruvdan o‘ta olmagani bahonasida o‘tgan yilgi jahon chempionatidan chetlatilgan bokschiga Parijdagi o‘yinlarda ishtirok etishga ruxsat berildi va u o‘z vazn toifasida asosiy favoritga aylandi. Jazoirlik qiz o‘z atrofidagi kuchli shovqinga qaramay, har bir bosqichdagi raqiblarni ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratmoqda. 1/8 finalda Iman italiyalik Anjyela Karini to‘sig‘idan o‘tgandi, ushbu sportchi 46 soniya ichida bir necha zarbalar o‘tkazib yuborgach, jangni davom ettirishdan bosh tortgan va bu raqib musobaqaga qo‘yilishiga e’tiroz bildirgandi. Keyinroq u bu harakati uchun Imandan uzr so‘rab chiqdi. Iman esa keyingi bosqichda vengriyalik Anna Hamorini mag‘lubiyatga uchratdi.
Yarimfinalda Helif Tailand vakili Janjayem Suvannapxengga qarshi ringga chiqdi. Ular avvalroq jahon chempionatida ham to‘qnash kelishgan va o‘shanda Iman hakamlar qaroriga ko‘ra g‘olib deb topilgandi.
Birinchi raund afrikalik sportchining to‘liq ustunligida o‘tdi, u ring markazini egalladi va jangni nazorat qildi. Suvannapxeng bunga tezligi bilan qarshi turishga harakat qildi, ammo qarshi zarbalar bilan kutib olindi. Dastlabki uch daqiqalik so‘ngida raqiblar klinchga kirib olishdi. Raund yakuniga ko‘ra barcha arbitrlar Helifning ustunligini qayd etishdi. Jangning qolgan qismi ham shu ruhda o‘tdi. Tailand vakili taslim bo‘lishni istamadi va hujum qilish uchun imkon qidirdi, ammo raqibining yanada ko‘proq zarbalarini o‘tkazib yubora boshladi va bir marta nokdaunga ham uchradi, yakunda jazoirlik sportchi yaqqol g‘alabaga erishdi. Tailandlik bokschi Helifning oldingi raqiblaridan farqli o‘laroq uning qo‘lini siqib qo‘yib, g‘alaba bilan tabrikladi.
Endi Helif eski tanishi Yan Lyuga qarshi oltin uchun jang qiladi — u yarimfinalda tayvanlik Chen Nyansindan ustun kelgan. Xitoylik sportchi amaldagi jahon chempioni hisoblanadi va Xelif uchun jiddiy raqib sifatida ko‘rilmoqda.
Basketbol: mezbonlar va amerikaliklar — yarimfinalda
Erkaklar o‘rtasida basketbol turnirida seshanba kuni chorakfinallar o‘tkazildi — ya’ni medallar uchun kurashadigan jamoalar aniqlandi.
Kunning birinchi yarmida Serbiya qo‘shimcha vaqtlarda besh ochko farqi bilan Avstraliyani mag‘lub etdi, Germaniya esa Gretsiya bilan bahsda ishonchliroq natijaga — 13 ochko — erishdi.
Keyin, kechqurun, Fransiya Kanadani 82:73 hisobida, basketbol bo‘yicha barcha olimpiya turnirlari favoriti hisoblangan AQSh Braziliyani yirik hisobda tor-mor etdi — 122:87.
Yarimfinallar 8 avgust kuni, final va uchinchi o‘rinlar uchun bahslar esa — 10 avgust kuniga belgilangan.
Futbol. AQSh va Braziliya — finalda
Ayollar o‘rtasidagi futbol turnirida birinchi yarimfinalda seshanba kuni AQSh va Germaniya to‘qnashdi.
Amerikaliklar 1:0 hisobida ustun kelishdi va finalda brazillar bilan uchrashadigan bo‘ldi, janubiy amerikaliklar shu kuni ispaniyalik qizlardan 2:0 hisobida ustun kelishdi.
AQSh va Braziliya azaldan dunyoning eng kuchli ikki jamoasi hisoblangan, faqat hozirda reytingda Ispaniya, Fransiya va Angliyani oldinga o‘tkazib yuborgan.
Ayollar o‘rtasidagi futbol finali 10 avgust kuni o‘tkaziladi, bir kun oldinroq Germaniya va Ispaniya jamoalari bronza uchun maydonga tushadi.
Voleybol: bu yerda ham — AQSh va Braziliya. Ammo hozircha yarimfinalda
Braziliya va AQSh nafaqat futbolda, balki sportning boshqa ko‘plab jamoaviy turlarida, xususan, ayollar voleybolida azaliy raqiblar sanaladi.
Parijda ayollar voleyboli turnirida seshanba oqshomida yarimfinalga shu ikki jamoa, shuningdek Italiya va Turkiya jamoalari o‘tishdi.
Payshanba kuni yarimfinalda AQSh Braziliya bilan, Italiya esa Turkiya bilan o‘ynaydi, oltin uchun bahs Olimpiadaning so‘nggi kunida, 11 avgust kuni o‘tkaziladi.
Bir kun oldin erkaklar o‘rtasidagi voleybol turnirida chorakfinal bahslari o‘tkazilgan va 8 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan yarimfinal bosqichiga Polsha (jahon reytingi peshqadami), AQSh, Italiya va Fransiya chiqqandi.
Syorfing: Parijdan 16 ming kilometr uzoqda
Olimpiadalar tarixida ilk bor sport turlaridan biri bo‘yicha musobaqalar O‘yinlarning asosiy shahridan shu qadar uzoqda — qariyb 16 ming kilometr masofada o‘tkazilmoqda. Syorfing bo‘yicha turnir Tinch okeanida, Taitida o‘tkazildi.
Seshanba kuni bu yerda mezbon sportchi g‘olib bo‘ldi: Kauli Vaast — ham Fransiya jamoasi a’zosi, ham mahalliy aholi vakili sanaladi. Finalda u avstraliyalik Jyek Robinsondan ustun keldi.
Ayol syorfingchilar o‘rtasidagi bahslarda esa amerikalik Kerolayn Marksga teng keladigani topilmadi.
Xitoylik sportchilar birinchi o‘rin uchun kurashda amerikaliklar bilan raqobatni davom ettirmoqda. 6 avgust kuni Amerika jamoasi to‘rtta oltin, bir kumush va uch bronza qo‘lga kiritib, yaqqol peshqadamga aylandi (24 – 31 – 31), Xitoy bitta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza bilan kifoyalandi (22–21–16). Keyingi o‘rinlarda Avstraliya (14), Fransiya (13) va Buyuk Britaniya (12 ta oltin medal) bormoqda.
Amerikaliklar ayollar syorfingida, ayollar kurashida bittadan, yengil atletikada ikkita oltin oldi, bunga xitoyliklar suvga sakrashdagi bitta chempionlik bilan javob qaytardi, 10 metrlik tramplindan sakrashda xitoylik Tsyuan Xunchan va Chen Yusi kutilganidek birinchi va ikkinchi bo‘lishdi.
Uchinchi o‘rinni shimoliy koreyalik Kim Mi Re egalladi. KXDRning medallari soni beshtaga yetdi: ikki kumush va uchta bronza.