Erkaklik gormoni bo‘lgan testosteron darajasi oshib ketganida ayblanayotgan 25 yoshli sportchi butun dunyodagi o‘ng siyosatchilar va feministkalarning tanqidlari ostida qoldi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda Helifga nafrat to‘lqinini yog‘dirishmoqda. Shunga qaramay, Iman bu uni sindira olmagani va shunchaki kurashni davom ettiribgina qolmasdan, Parijda -66 kg vazn toifasida oltin medal olmoqchi ekanini aytgan. Shu bilan birga, ushbu jazoirlik qizni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, inklyuzivlik tarafdorlari hamda so‘l siyosatchilar qo‘llashmoqda. «Sport Ekspress» sport bo‘limi muharriri Oleg Shamonayev shu mavzuni tahlil qildi.
«U Jazoir bayrog‘ini baland ko‘taradi»
Jazoirlik Helif va tayvanlik Yu Ting Lin 2023 yilda «tibbiy sabab»ga ko‘ra, Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan diskvalifikatsiya qilingan. Ammo XOQ va IBA o‘rtasidagi mojaro tufayli bokschilarga 2024 yilgi olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga ruxsat berish bilan maxsus komissiya shug‘ullandi, u esa ushbu sportchilarni chetlatish uchun sabab topmadi. «Ikkisi ham qabul qilish qoidalariga va barcha tibbiy ko‘rsatkichlarga mos keladi, — deyiladi XOQ press-relizida. — Ushbu ikki sportchiga qarshi qaratilgan bunday tajovuz to‘lig‘icha IBA qaroriga asoslangan, qaysiki tegishli protseduralarsiz qabul qilingan qarorga. Holbuki bu sportchilar bunga qadar ko‘p yillar mobaynida yuqori darajadagi musobaqalarda ishtirok etib kelishgan».
Jazoir olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Keyreddin Barbariy Imanga qarshi harakatlar yuzasidan shikoyat bildirgani va «bokschini himoyalash» uchun XOQ bilan bog‘langanini ma’lum qildi. Jazoir yoshlar va sport vaziri Abdurrahmadin Hammad ijtimoiy tarmoqlarda o‘z vatandoshining tarafini olib chiqdi: «Helif — bizning qizimiz, singlimiz va chempionimiz. Imanning shaxsiy hayoti — bosib bo‘lmaydigan qizil chiziq. Men u qurboni bo‘lgan OAVdagi ta’qiblarni keskin qoralayman».
Bokschi qizni jazoirlik mashhur futbolchilar ham qo‘llab-quvvatlashdi. Masalan, Adlen Gediura tvitterda Ilon Maskning o‘ziga hujum qildi. «Helif — Jazoirimiz faxri. U zo‘r bokschi va siz biror ma’lumotni tarqatishdan oldin uni tekshirib olsangiz yaxshi bo‘lardi», — deya yozgan Jazoir milliy jamoasining sobiq futbolchisi.
Jazoirlik yana bir futbolchi Ismael Binnosir ushbu bokschi qiz «asossiz nafrat to‘lqinidan aziyat chekkani», «uning Olimpiya o‘yinlariga borishi — iste’dod va qattiq mehnat samarasi» ekanini ta’kidlagan. «Biz u Jazoir bayrog‘ini baland ko‘tarishiga ishonamiz», — deya xulosa qilgan «Milan» a’zosi.
Jazoir boks federatsiyasi va Jazoir olimpiya qo‘mitasi o‘z saytlarida Helif erkak bo‘lib tug‘ilgani va jinsini o‘zgartirish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazgani haqidagi xabarlarni rad etuvchi press-reliz e’lon qilgan. «Raqiblar nafrat kampaniyasi uni izdan chiqaradi deb o‘ylashgan, ammo ro‘y bergan hodisalar uni faqat kuchliroq qiladi», — degan Imanning murabbiyi Muhammad Chaua.
«Men Jazoir xalqiga minnatdorchilik bildiraman. Parijda ilk g‘alabamni qo‘lga kiritganimdan keyin, medalni kafolatlash uchun ikkinchi g‘alabani qo‘lga kiritishga umid qilaman. Keyin esa chempionlik titulini qo‘lga kiritishni o‘ylayman», — degan 3 avgust kuni vengriyalik Anna Luka Xamoriga qarshi chorakfinal jangini o‘tkazadigan Helif.
Ijtimoiy tarmoqlarda Imanning bolalikda tushgan suratlari tarqalmoqda.
Xromosomalar yoki testosteron?
Helif boks bo‘yicha jahon chempionatlarida 2018 yildan ishtirok etishni boshlagan, 2022 yilda esa -63 kg vazn toifasida irlandiyalik Emi Brodherst bilan oltin medal uchun jang qilgan. Mag‘lubiyatga qaramay, Iman vatanida qahramon deb atalgan, chunki u jahon chempionati finaliga chiqqan ilk jazoirlik qiz bo‘lgandi. 2022 yilgi olimpiadada Helif chorakfinalda boshqa bir irlandiyalik — Kelli Harringtonga yutqazgandi.
U chindan ham jahon darajasidagi kuchli sportchi bo‘lib, italiyalik bokschining «u qattiq urgani»dan shikoyat qilishi tushunmovchilik keltirib chiqardi. 2023 yilgi jahon chempionati finalidan oldin -66 kg vazn toifasida ishtirok etgan Iman «tibbiy sabab»ga ko‘ra musobaqadan chetlatilgan, oltin medal uchun jangga esa yarimfinalda unga yutqazgan Janjayem Suvannafeng chiqqandi. O‘shanda bu vazn toifasida xitoylik Yan Lyu chempion bo‘ladi.
«Ularda XY-xromosomalar borligi isbotlangan. Bunday sportchilar musobaqadan chetlashtirilgan», — deya izohlagan 2023 yilgi jahon chempionatida ro‘y bergan hodisani IBA prezidenti Umar Kremlyov Iman Helif va Yu Ting Lin chetlatilganini nazarda tutgan holda.
Lekin uning bu izohi g‘alati ko‘rinadi, chunki sportchilarning jinsini XY-xromosomalar bo‘yicha tekshirish fanga zid deb topilgan va katta sportda bu usuldan foydalanish 1990-yillardayoq bekor qilingan. U hozirda ko‘plab federatsiyalar ayollar o‘rtasidagi bahslarga qo‘yish uchun standart sifatida qabul qilingan testosteron darajasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvni nazarda tutgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo hozircha bu borada XOQ ham, IBA ham aniq tushuntirish bermadi. Shu bilan birga, Helif diskvalifikatsiyadan keyin musobaqalarida ishtirok etib kelayotgan World Boxing federatsiyasi ushbu sportchiga nisbatan jinsi bo‘yicha hech qanday e’tirozi yo‘qligini bildirgan.
«IBA barcha musobaqalarda halol raqobatni ta’minlashda sodiq qoladi. Biz 2024 yilgi Parij Olimpiadasi o‘yinlarida boks bo‘yicha musobaqalarda qatnashish huquqining nomuvofiqligini keskin qoralaymiz. Yana bir bor ta’kidlaymizki, Iman Halif ham, Yu Ting Lin ham tegishli test sinovlaridan so‘ng musobaqalarning ayollar toifasida qatnashish uchun talab qilinadigan talablarga javob bermagan.
Nima uchun biron bir tashkilot bokschini jiddiy jarohatga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfga duchor qilishini mutlaqo tushunmaymiz. Ring hakamining asosiy vazifasi har doim bokschining xavfsizligini ta’minlashdir. Agar bokschi tegishli mezonlarga javob bermasa, buni qanday qilish mumkin? Biz ayollarimizni va ularning teng huquqli raqiblarga qarshi ringga chiqish huquqlarini himoya qilamiz va ularni barcha holatlarda himoya qilamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularning umid va orzularini qiyin sharoitlarda to‘g‘ri ish qilishni istamaydigan tashkilotlar hech qachon olib qo‘ymasligi kerak», — deyilgan IBA bayonotida.
«Ayollar va qizlar himoyasi bo‘yicha zarur choralar»
Nima bo‘lganda ham, ayollar sportiga turli transgenderlar, intersekslar va nebinar personalar kirib kelishi masalasi shunchalik keskin mavzuga aylandiki, endi ko‘pchilikka Helif ishida haqiqatga yetib borish masalasi qiziq emas. Iman bilan bog‘liq voqea yana dunyoni konservatorlar va liberallarga ajratdi. O‘zini ringda erkak kishidan kaltak yegan deb hisoblayotgan italiyalik Karinini himoya qilishni o‘z burchi deb biladigan radikal feministlar ham jazoirlik basavlat qizni kamsitishga qo‘shilishdi.
Sportdagi gender mavzusi bo‘yicha muhokamalar AQShdagi saylovoldi kampaniyasiga ham yetib bordi. Demokratlar hozircha bu mavzuga qo‘shilmayapti, Donald Trampning shtabi vakili esa uning pozitsiyasini bayon etdi. «Prezident Tramp ayollar sportida erkaklar ishtirok etishiga toqat qilmasligini ochiq aytdi: bu radikal so‘l siyosatchilar tomonidan amalga oshirilgan aqlsizlik va adolatsiz reallikdir. Prezident Tramp Oq uyga qaytganidan keyin ayollar va qizlar himoyasi uchun zarur choralarni ko‘radi», — deya Trampning piarchisining so‘zlarini keltirgan Fox News Digital.
Bu vaqtda esa jabrlanuvchi Karini faoliyatini yakunlashi haqida e’lon qildi. «Men o‘zimdan so‘radim: qarshimda kim edi? Ammo buni men hal qilmayman. Men unga ham achinaman, bizni media bum o‘rab turibdi. Kim bo‘libmizki, hukm qilamiz? Biz sportchilarmiz, hakam emas. Bu men uchun mag‘lubiyat emas. Men boshimni baland ko‘targan holda ketaman va boks bilan xayrlashaman», — deya izohlagan Anjyela Parijdagi hodisani.
Keyinroq u raqibi haqidagi fikrini o‘zgartirdi va o‘zi bilan ro‘y bergan holatni tushuntirishga harakat qildi: «Men Helifning qo‘lini siqmaganim ataylab qilinmagan. Undan va barchadan uzr so‘rayman. Men qattiq xafa bo‘lgandim, chunki mening olimpiya orzum puchga chiqqandi. Helifga hech qanday e’tirozim yo‘q, agar yana bir marta u bilan uchrashsam, uni quchib qo‘yaman».
Imanning keyingi raqibi Anna Luka Xamori undan qo‘rqmasligi va jazoirlik raqibga jang taklif etishga tayyorligini bildirgan. «Men qo‘rqmayman. Media va ijtimoiy tarmoqlardagi shovqinga tupuraman. Agar u chindan erkak bo‘lsa, mening g‘alabam yanada ahamiyatliroq bo‘ladi», – degan Xamori.