Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Ilon Mask mamlakatda yuz berayotgan tartibsizliklardan keyin «fuqarolik urushi muqarrar» ekanini aytganidan so‘ng amerikalik milliarder bilan dahanaki jang domida qoldi.
X ijtimoiy tarmog‘i (sobiq Twitter) egasi odamlar politsiyaga qarshi mushaklarni otayotgani tasvirlangan videoga izoh qoldirdi. Bosh vazir vakili Maskning izohini «hech qanaqasiga oqlab bo‘lmasligini» aytib, ijtimoiy tarmoqni boshqaruvchi kompaniya «kattaroq narsa qila olishi va bunga majbur ekanini» qo‘shimcha qildi.
Shundan so‘ng Ilon Mask bosh vazirning X’da masjidlar yoki musulmon jamoalariga uyushtirilgan hujumlarga qarab turmasligini aytgan posti ostiga savol yo‘lladi: «Sizni barcha jamoalarga uyushtiriladigan hujumlar tashvishga solishi kerak emasmi?»
Mask, shuningdek, internetda «Bu Britaniyami yoki Sovet Ittifoqi?» deya izoh qoldirgani uchun hibsga olingani aytilayotgan erkak videosi bilan ulashdi. Bundan tashqari, u Buyuk Britaniya politsiyasining harakatlarini qoralovchi postga izoh berib, politsiyaning harakati «rostdan ham bir tomonlama ko‘ringanini» ta’kidladi.
Politsiyaning bunday harakatlari borasidagi ayblovlarga javob qaytargan adliya vaziri Xaydi Aleksandrga ko‘ra, bu kabi «asossiz ta’kidlar» «o‘z ishini bajarayotgan va qonun ustuvorligini ta’minlayotgan politsiyachilar uchun nomaqbul yordamdir».
Uning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarni boshqaruvchi kompaniya tinchlikka chorlash va dezinformatsiyaning oldini olish bo‘yicha yordam ko‘rsatishga «ma’nan majbur».
Shu bilan birga, Britaniya IT instituti (BCS) o‘tgan dam olish kunlari sodir bo‘lgan tartibsizliklardan keyin OAVni nazorat qiluvchi Ofcom’ni X kompaniyasiga jarima qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqirdi. BCS a’zosi Adam Leon Smitning qayd etishicha, «dezinformatsiya tartibsizliklar va to‘lqinlarni keltirib chiqarganida buning oqibati bo‘lishi kerak. Biz Ofcom’ni imkon qadar tezroq Internetda xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunga rioya etilishini ta’minlashga chaqiramiz», — deydi u.
Mamlakat ichki ishlar vaziri Ivett Kuper hukumat «uyidagi bosqinchilik»ka qarab turmasligini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalar jinoyatni rag‘batlantiruvchi onlayn postlar uchun «mas’uliyatni zimmasiga olishi» keraligini aytdi.