Gurjiston prezidenti: Rossiya Abxaziyada harbiy-dengiz bazasini qurmoqda

Jahon 08:16 / 07.08.2024 6212

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili Rossiya Abxaziyada harbiy-dengiz kuchlari uchun yangi doimiy baza yaratish ustida ish olib borayotganini aytdi: «Bu nafaqat biz uchun, balki Qora dengizning butun xavfsizligi uchun muammo», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Tbilisida mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Zurabishvili Rossiyaning Gurjistondan mustaqilligini bir tomonlama e’lon qilgan Abxaziyadagi Qora dengiz sohilida yangi doimiy Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bazasini yaratish qarorini tanqid qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ruslar ushbu portni rivojlantirish bo‘yicha dastlabki ishlarni boshlab yuborgan: «Ochamchirada dastlabki ishlar olib borilmoqda. Bu jiddiy muammo, chunki bu nafaqat biz uchun, balki Qora dengizning butun xavfsizligi uchun ham muammodir». 

Zurabishvili Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va butun hukumatni Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlariga nisbatan samarali siyosat yuritmayotganlikda aybladi. Zurabishvili bu ikki mintaqa aholisiga Gurjiston fuqaroligi berilishi kerak, deb hisoblaydi va bu hududlarda yashovchi odamlarda Gurjiston va uning imkoniyatlariga qiziqish kuchayganini ilgari surdi. 

Ozarboyjon-Armaniston munosabatlari

Prezident «Anadolu» agentligi muxbirining Fransiya Armanistonga qurol yetkazib berishlari Janubiy Kavkazda, jumladan Gurjistonda mustahkam tinchlikka erishish jarayoniga, Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishiga qanday ta’sir qilishi haqidagi savoliga javob berdi. 

Zurabishvili Fransiyaning Armanistonga qurol yetkazib berish masalasini to‘g‘ridan to‘g‘ri baholashni istamasligini aytdi va: «Boshqa davlat siyosati haqida hech qanday tasavvurga ega emasman», deb qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaro hali tugamagan: «Biz Gurjiston uchun bu mojaroga barham berish muhimligini juda yaxshi bilamiz». 

Zurabishvilining qayd etishicha, Gurjiston ikki davlat o‘rtasida tashkil etiladigan muzokaralarga katta hissa qo‘shishi mumkin. 

«AQShning Gurjistonga yordamni to‘xtatganidan hayron emasman»

Zurabishvili, shuningdek, Gurjiston hukumati tomonidan kiritilgan «xorijiy ta’sirning shaffofligi» to‘g‘risidagi qonun tasdiqlanishi ortidan o‘z mamlakatining AQSh va Yevropa Ittifoqi (YeI) bilan munosabatlaridagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. 

Qonunni tanqid qilar ekan, u 26 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovda amaldagi hukumat g‘alaba qozonmasligi va yangi hukumat G‘arb bilan munosabatlarini qayta yo‘lga qo‘yishi kerakligini aytdi. 

Prezident Zurabishvili agar muxolifat saylovlarda g‘alaba qozonsa, texnokratik hukumat tuziladi, demokratiya va Yevropa Ittifoqiga integratsiyani rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yiladi, dedi. 

Zurabishvili AQSh ma’muriyatining o‘z mamlakatida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan «tashqi ta’sir qonuni» tufayli Gurjistonga 95 million dollarlik yordamni to‘xtatish, AQSh-Gurjiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini qoldirish va Gurjistonning YeIga a’zo bo‘lishini kechiktirish haqidagi qarorlarini izohlar ekan, bu qarorlar umuman hayratlanarli emas, dedi. 

Gurjiston prezidenti Qo‘shma Shtatlar Gurjistonga ko‘p sohalarda yordam berayotganini ta’kidlab, Vashington «Tbilisi hukumatining noto‘g‘ri siyosatiga» javob berganini aytib o‘tdi.

Salome Zurabishvili AQShning Gurjiston hukumati harakatlariga munosabatini tushunishini, biroq Gurjiston armiyasiga yordamning cheklanishi unga tushunarsiz ekanligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: