Bangladesh parlamenti bosh vazir Hasinaning qochib ketishi ortidan tarqatib yuborildi

Jahon 07:58 / 07.08.2024 2724

Bosh vazir Shayx Hasina Bangladeshdan qochib, armiya qo‘mondonligi muvaqqat hukumat tuzilganini e’lon qilganidan bir kun o‘tib, Dakkadagi parlament tarqatib yuborildi. Bangladesh prezidenti Shahabuddin Chuppu 6 avgust, seshanba kuni qurolli kuchlar qo‘mondonlari, siyosiy partiyalar rahbariyati, fuqarolik jamiyati vakillari va «Talabalar diskriminatsiyaga qarshi» harakati yetakchilari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha shunday qaror qabul qildi.

Prezident ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan press-relizga ko‘ra, Hasinaning iste’foga chiqishidan keyin muvaqqat hukumat tuzish uchun milliy parlament tarqatib yuborilgan. Bu bayonot talabalik norozilik harakati yetakchilari parlamentni tarqatib yuborish muddatini belgilaganidan bir necha soat o‘tib yangradi, deb yozadi Reuters. Ular asosiy talabi qondirilmasa, «qattiq dastur» ishga tushishi haqida ogohlantirdi.

Talabalar Nobel mukofoti laureatini vaqtinchalik bosh vazir lavozimiga taklif qildi

Ayni paytda, talabalar noroziliklari yetakchisi Nahid Islom 2006 yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureati, iqtisodchi Muhammad Yunusni muvaqqat hukumat rahbari etib tayinlashni taklif qildi. Butun dunyoga tanilgan Yunus o‘z mamlakatida «keng tan olingan», dedi u videomurojaatida. 

Bir kun avval Bangladeshni 15 yil boshqargan 76 yoshli Shayx Hasina mamlakatni tark etdi. Shundan so‘ng armiya qo‘mondoni Vaqir Uz-Zamon uning iste’foga chiqqani va muvaqqat hukumat tayinlanishini e’lon qildi. Shu kuni hukumatga qarshi namoyishchilar Hasinaning rasmiy qarorgohiga bostirib kirishdi. 

Bangladeshda iyul oyida boshlangan norozilik namoyishlaridan beri yuzlab odamlar halok bo‘ldi, faqatgina 5 avgust kuni namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 109 kishi halok bo‘ldi, deydi politsiya va shifokorlar. AFP ta’kidlaganidek, bu iyul oyida ommaviy norozilik namoyishlari boshlanganidan beri eng qonli kun bo‘ldi.

Bangladeshda bir necha haftadan beri namoyishlar davom etmoqda

Bangladeshda davlat lavozimlari uchun kvota tizimini bekor qilishga chaqiruvchi namoyishlar iyul oyida boshlangan edi. O‘sha oyda mamlakat Oliy sudi kvotani bekor qildi, biroq norozilik namoyishlari davom etdi va ularning ishtirokchilari bosh vazirni hokimiyatdan chetlatishni talab qildi. Oliy sud o‘z qarorida quyi sudning iyun oyida hukumat ishlarining 56 foizi, asosan, 1971 yilda Pokistondan mustaqillik uchun urushda qatnashgan faxriylar qarindoshlariga kvota orqali ajratilishi haqidagi qarorini rad etdi. Shundan so‘ng, davlat ish o‘rinlarining 93 foizi xizmat ko‘rsatgan shaxslarning nomzodlari uchun ochildi.

1972 yilda joriy qilingan kvota tizimi hukumat faxriylarning qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilishini ta’minladi. Bundan tashqari, ayollar, milliy ozchiliklar va nogironlar uchun kvotalar ajratildi. 2018 yilda u bekor qilingan, ammo 2024 yilda sud qarori bilan tiklangan.

Yoshlar orasida yuqori ishsizlik sharoitida bu qaror butun mamlakat bo‘ylab talabalarning ommaviy noroziliklariga sabab bo‘ldi, bu esa hukumatga qarshi namoyishlar va hukumat tarafdorlari, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Ko‘chalardagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun armiya safarbar etilgan. Mamlakatda komendantlik soati joriy etildi. Yangiliklar kanallari efirga uzatilmayapti, mobil internet o‘chirilgan, boshqa davlatlar bilan telekommunikatsiya tizimlari uzilib qolgan. 170 million aholiga ega mamlakatning tashqi dunyo bilan aloqasi deyarli yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: