Ommaviy norozilik namoyishlari ostida Bangladesh muvaqqat hukumatiga iqtisodchi, tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus rahbarlik qiladi. Bu haqda 6 avgust, seshanba kuni Dhaka Tribune gazetasi mamlakat prezidenti Shahabuddin Chuppa matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
84 yoshli Yunusni lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qaror davlat rahbari va Yunus nomzodini ilgari surayotgan «Talabalar diskriminatsiyaga qarshi» norozilik harakati yetakchilari bilan uchrashuvda qabul qilingan. Muvaqqat hukumatning yakuniy tarkibi Bangladeshdagi siyosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng aniqlanadi, deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.
Avvalroq, 6 avgust kuni Bangladesh prezidenti muvaqqat hukumatni shakllantirish uchun parlamentni tarqatib yuborishni e’lon qilgan edi. Bir kun avval Bangladeshda 2009 yildan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelgan 76 yoshli Shayx Hasina norozilik namoyishlari ostida mamlakatni tark etgan edi.
Hasinaning iste’fosi oldidan bir necha hafta davom etgan norozilik namoyishlarida 300 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Ulardan kamida 109 nafari 5 avgust kungi tartibsizliklar qurboni bo‘lgan.
Yunus kambag‘allarga mo‘ljallangan mikrokreditlar uchun Nobel mukofoti olgan
Muhammad Yunus 2006 yilda «Mikrokreditlar orqali iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning pastdan yuqoriga» tushunchasini kiritgani uchun tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan. Yunus tomonidan asos solingan Grameen Bank kichik biznesini rivojlantirish istagida bo‘lgan millionlab kambag‘allarga mikrokreditlar ajratdi va shu orqali ularning qashshoqlikdan qutulishiga yordam berdi.
Yunusning so‘zlariga ko‘ra, u dastlab namoyishchilarning muvaqqat hukumatga rahbarlik qilish taklifini rad etgan. «Men ularga ishim ko‘pligini aytdim. Lekin talabalar qat’iy mendan so‘rashdi. Agar talabalar ko‘p narsani qurbon qila olsalar, mamlakat aholisi ko‘p narsani qurbon qila olsa, men ham javobgarman. Keyin talabalarga aytdim: mas’uliyatni o‘z zimmamga olishim mumkin», dedi Yunus va imkon qadar tezroq Bangladeshga qaytishga va’da berdi. U hozir Parijda.
Bangladeshda bir necha haftadan beri namoyishlar davom etmoqda
Bangladeshda davlat lavozimlari uchun kvota tizimini bekor qilishga chaqiruvchi namoyishlar iyul oyida boshlangan edi. O‘sha oyda mamlakat Oliy sudi kvotani bekor qildi, biroq norozilik namoyishlari davom etdi va ularning ishtirokchilari bosh vazirni hokimiyatdan chetlatishni talab qildi. Oliy sud o‘z qarorida quyi sudning iyun oyida hukumat ishlarining 56 foizi, asosan, 1971 yilda Pokistondan mustaqillik uchun urushda qatnashgan faxriylar qarindoshlariga kvota orqali ajratilishi haqidagi qarorini rad etdi. Shundan so‘ng, davlat ish o‘rinlarining 93 foizi xizmat ko‘rsatgan shaxslarning nomzodlari uchun ochildi.
1972 yilda joriy qilingan kvota tizimi hukumat faxriylarning qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilishini ta’minladi. Bundan tashqari, ayollar, milliy ozchiliklar va nogironlar uchun kvotalar ajratildi. 2018 yilda u bekor qilingan, ammo 2024 yilda sud qarori bilan tiklangan.
Yoshlar orasida yuqori ishsizlik sharoitida bu qaror butun mamlakat bo‘ylab talabalarning ommaviy noroziliklariga sabab bo‘ldi, bu esa hukumatga qarshi namoyishlar va hukumat tarafdorlari, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Ko‘chalardagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun armiya safarbar etilgan. Mamlakatda komendantlik soati joriy etildi. Yangiliklar kanallari efirga uzatilmayapti, mobil internet o‘chirilgan, boshqa davlatlar bilan telekommunikatsiya tizimlari uzilib qolgan.