Yosh jurnalistlar jamiyat uchun nega muhim? Amerikalik maktab o‘quvchisining mulohazalari

Jamiyat 19:58 / 06.08.2024 6362

CNN o‘spirin yigitning siyosat va saylovlar haqidagi shaxsiy kuzatuvlarini taqdim etdi.

Men yashaydigan Yangi Angliya hamjamiyatida (AQShning shimoli-sharqiy qismidagi 7 ta shtatni o‘z ichiga oluvchi region – tahr.) shahar maydonidagi uchrashuvlar ochiq muloqot tarzida o‘tadi: ularda xohlagan odam bemalol ishtirok etib, ijtimoiy masalalar haqida savollar berishi mumkin. Agar javoblar qoniqtirmasa, yig‘ilganlar ko‘proq savol bera olishadi.

Lekin prezidentlikka nomzodlar bilan uchrashuvlar bunday bo‘lgani yo‘q. Guvohi bo‘ldimki, ular savollarga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qochib, gapni aylantirishdi, ular bergan javoblar shaharchamizdagi uchrashuvlarda hech qachon qabul qilinmasdi. Shahar rasmiylari bilan muloqotlarda har bir fuqaro jurnalistga aylanishi, ijtimoiy savollarga javob izlashi va shahar rasmiylaridan hisobdor bo‘lishni talab qila olishardi (ular to‘plangan saylovchilarning savollariga odatda javob berishadi).

Meni – 16 yoshli intiluvchan jurnalistni – “masxaraboz”, “xalaqit beruvchi” va “kichkintoy” deb atashgan, lekin qizig‘i menga nisbatan bunday haqoratomuz so‘zlarni aka-ukalarim yoki sinfdoshlarim emas, prezidentlik kampaniyasi va siyosiy faoliyatdagi odamlar ishlatishgan.

Men prezidentlikka nomzodlarga hurmat bilan, aniq savollar berdim: “Tramp hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish talabini buzdimi?”, “6 yanvar voqealari demokratiyaga tahdid edimi?”. Men siyosiy maydonning ikkala tomonidagi nomzodlarga ham savollar berdim, lekin hozirgi praymeriz siklida asosan respublikachilarning tadbirlariga bordim, chunki demokratlar partiyasi yaqinda Nyu-Hempshirni “millat ichida birinchi” maqomidan ayirdi (partiya ilk praymerizini tarixan shakllangan an’anaga zid ravishda, Nyu Hempshirdan boshqa shtatda o‘tkazdi – tahr.).

Respublikachilar o‘tkazgan tadbirlarning birida meni politsiya yordamida chiqarib yuborishdi, Florida gubernatori Ron Desantisning xavfsizlik xodimlari esa meni jismonan qo‘rqitishdi. Nyu Hempshirda o‘tgan “Bizning buyuk amerikacha qaytishimiz” nomli tadbirda Desantis hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish haqidagi savolimga javob berishdan bosh tortdi. (Vaholanki, u avvalroq bergan bayonotida Asoschi Otalarning bosh tamoyillariga rioya qilishning muhimligi haqida gapirgandi, hokimiyatning tinch transferi esa aynan shu tamoyillardan biri). Bir hafta o‘tib, Desantisdan 6 yanvar voqealari haqidagi savolimga bergan “javobi”ga izoh berishini so‘raganimda, u “keyingi tadbirimga keling” dedi, qo‘riqchilari esa meni jismonan qo‘rqitib, tadbirdan chiqarib yuborishdi.

O‘tgan yili noyabrda Janubiy Karolina shtati gubernatori Nikki Heyli ishtirokidagi tadbirlardan birida qatnashgan edim. Men tadbirning savol-javoblar borasidagi ko‘rsatmalariga amal qilgan bo‘lsam ham, u savolimga javob berishdan bosh tortdi, o‘zi va jamoasi meni chekkaga chiqarib qo‘yishdi.

Men guvoh bo‘lgan bunday holatlar – xavotirli tendensiyaning bir qismi xolos. Avtoritetga ega shaxslar yoki rasmiylar Z avlod jurnalistlarga (1997 – 2012 yillarda tug‘ilgan avlod – tahr.) gapirishga qo‘ymasligi holatlari tez-tez uchrab turadi. Mamlakat bo‘ylab talaba-jurnalistlarning Konstitutsiyadagi Birinchi O‘zgartishda belgilangan huquqlari to‘laligicha ta’minlanmayapti, bu esa talabalar faolligini cheklab, ularda sudga chaqirilishdan qo‘rquv uyg‘otyapti.

Mening avlodimga mansub yoshlarni dadil gapirishga va qo‘rqmaslikka undash juda muhim, noyabr oyida bo‘ladigan prezident saylovlari oldidan ayniqsa. Yoshlar real o‘zgarishlarni vujudga keltira oladilar: Tufs o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Z avlodga mansub saylovchilar soni bu yil 40 milliondan oshadi, bu esa Amerika elektoratining beshdan bir qismi demakdir.

Lekin shuni yodda tutish kerakki, barchasi kimning nazoratida ekani – siyosiy harakatlar super-qo‘mitalarimi yoki nomzodlar – biz bilmaymiz. Mamlakatimizda ko‘plar qatori men ham o‘sib borayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy qarashlardagi bo‘linishlar sabab mojaro avj olishidan xavotirdaman. Modomiki 15 yoshli bolaning savollari shunday qarshilikka uchrarkan, biz siyosatchilar oldiga ayniqsa ular javob berishdan qochadigan mavzularda yanada murakkab savollarni qo‘yishimiz kerak. Saylovoldi tadbirlarida men guvohi bo‘lgan holatlar: haddan ortiq nazorat, tashkilotchilik va OAVning bunga munosabati AQShdagi uzoq tarixga ega senzurani o‘zida aks ettiradi. Bu tarix 1798 yilda qabul qilingan, hukumat haqida har qanday noto‘g‘ri, mojaroli va yomon narsani yozishni jinoyat deb belgilagan “Xorijliklar va isyonga chorlov to‘g‘risida”gi qonunga borib taqaladi.

Agar siyosiy maydonning turli qutblaridagi (o‘nglar, markazchilar va so‘llar – tahr.) rasmiylar bir-birlari bilan hurmat va tushunish asosida gaplasha olishmasa, kelajagimizga nisbatan ekzistensial tahdidlarni qanday hal qila olamiz? Men nomzodlardan bu masalaga qanday yechim bermoqchi ekani haqida so‘rashga urindim. Ayrimlar bizni davlat siyosatidan tashvishga tushishga yoki uni tushunishga hali juda yoshlik qiladi deb o‘ylaydi, lekin bu yerda kelajagimizni – Z avlod borgan sari ko‘proq xavotirlanayotgan ertangi kunimizni belgilash haqida gap ketyapti.

Tengdoshlarimning ko‘pida shunday hissiyot bor: biz muammolarga to‘la va olov ichidagi dunyoni meros qilib olyapmiz. Bu shunday dunyoki, uning resurslari sovurilgan, bizdan avvalgi avlodlar bahramand bo‘lgan umid va imkoniyatlardan esa bizga qolmagan.

Men saylovoldi kampaniyasi davomidagi ochiqlik nimalarga qodirligini bilaman, lekin bu ochiqlik yo‘qligiga guvohman. Shunday holatda, jurnalistikaga muhabbatimni sinchiklab o‘rganishda davom etaman. Jurnalistika – kuch-qudratdan haqiqatni izlashdir, ayniqsa bu qudrat savollardan qochayotgan va javoblarni to‘qib chiqarayotgan bo‘lsa.

Men o‘z tajribamni harakat qilishga, siyosiy jarayonlarni Z avlod vakillarining ochiq ko‘zi bilan kuzatishga va atrofimdagi dunyo uchun muhim bo‘lgan o‘tkir savollarni berishga chorlov (bu biroz qo‘rqinchli bo‘lsa ham) deb hisoblashga qaror qildim.

Men qo‘limdan kelgan joyda havaskor jurnalistika bilan shug‘ullanish orqali bu harakatga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Tengdoshlarimni bu jarayonda qatnashishga, o‘z kursilarini egallashga va siyosatchilar eng ko‘p qochishga harakat qiladigandek ko‘rinadigan savollarni berishga ruhlantirishni istardim. Bu – bizning merosimiz, huquqimiz va mas’uliyatimiz.

Ko‘proq yangiliklar: