Xon Yunusdagi maktablarga hujum, Bangladeshda qulatilgan hukumat va Turkiya-Instagram muzokaralari - kun dayjesti

Jahon 14:37 / 06.08.2024 3516

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Humanitar krizis yoqasida qolgan G‘azo iqtisodiy qiyinchiliklar iskanjasiga tushgan. Ayni paytda Qamal qilingan eksklavda yoqilg‘i krizisi ro‘y bermoqda.

7 oktyabrda boshlangan Isroil hujumidan buyon G‘azoda yoqilg‘i taqchilligi kuzatilmoqda. Elektr energiyasi uzatishdagi uzilishlar va yoqilg‘i taqchilligi sharoitida G‘azo sektorida yashash sharoiti tobora qiyinlashib bormoqda.

Xon Yunus shahrida yoqilg‘i quyish shoxobchalari Isroil hujumlari tufayli ishlamasdan qolganidan so‘ng, falastinliklardan biri o‘zining yuk mashinasini ko‘chma yoqilg‘i quyish shoxobchasiga aylantirgan.

Isroil uy-joylaridan ajralgan g‘azoliklar boshpana sifatida foydalanayotgan maktablarni ham HAMAS jangchilari yashiringan, degan vaj bilan o‘qqa tutishda davom etmoqda.

Yaqinda majburan ko‘chirilgan falastinliklar istiqomat qilayotgan Hasan Saloma va Nars maktablari Isroil tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida 30 kishi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlarning jasadlari Al-Ahliy shifoxonasiga ko‘mish uchun keltirilgan.

Shuningdek Xon Yunus shahrining sharqida joylashgan At-Tuffa tumanida Isroil tomonidan ommaviy qirg‘in uyushtirilgani ma’lum qilinmoqda.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi xabariga ko‘ra, urushning 304-kuniga kelib qamal qilingan eksklavda halok bo‘lganlar soni 39 ming 623 kishiga yetgan. Ularning 16 mingdan ortig‘i yosh bolalar. Shu paytgacha yarador qilinganlar 91 ming 469 kishini tashkil etmoqda. 21 mingdan ortiq bolalar bedarak yo‘qolgan.

HAMAS va «Hizbulloh»dagi yo‘qotishlar

Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMAS qo‘mondoni va Livan janubida «Hizbulloh» qo‘mondoni o‘ldirilgani haqida xabar berdi.

Isroil mudofaa kuchlari dushanba kuni G‘azo sektorida HAMAS harakatining batalion qo‘mondoni Jobir Aziz o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bir necha soat o‘tib TsAHAL Livan janubidagi havo hujumida «Hizbulloh» harakati qo‘mondoni Ali Jamol Aldin Javod ham halok bo‘lganini bildirdi.

Isroil armiyasi Jobir Aziz bir kun avval G‘azo sektoridagi HAMAS qo‘mondonlik punkti joylashgani iddao qilinayotgan Hasan Salamiya va Nosir maktablariga berilgan zarba natijasida halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Qo‘mondon bilan birga «boshqalar» ham yo‘q qilingan. Jobir Aziz 2020 yildan beri HAMASning «Al-Furqon» batalioniga qo‘mondonlik qilib kelardi.

Livan janubidagi Ebba hududida «Hizbulloh»ning «Radvan» maxsus kuchlari qo‘mondoni Ali Jamol Aldin Javod ham o‘ldirilgan. TsAHAL o‘z xabariga hujum aks etgan videoni ilova qilgan. Unda Isroil armiyasi harakatlanayotgan mashinaga hujum qilganini ko‘rish mumkin.

AQShdan Isroilga yordam

Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilni himoyalash uchun front to‘plamoqda.

AQSh va uning ittifoqchilari Eron va uni qo‘llayotgan mintaqadagi kuchlarning hujumidan Isroilni himoyalashga tayyorlanmoqda.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant amerikalik va britaniyalik hamkasblari Lloyd Ostin va Jon Hili bilan muzokaralar o‘tkazgan va Yaqin Sharqdagi avj olib borayotgan holat vaziyatni baholash uchun ma’lumotlar taqdim etgan.

Gallant bilan suhbat chog‘ida Ostin Tel-Avivni mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqadagi kuchlari taqsimotini o‘zgartirish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Amerika mudofaa vazirining ta’kidlashicha, bo‘layotgan voqealar mojaroning yanada avj olishiga olib kelmasligi ham mumkin. Uning so‘zlarida ko‘ra, mintaqadagi davlatlar ekskalatsiyaning sovishidan manfaatdor, jumladan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilishdan ham.

Bundan tashqari, AQSh Isroilga harbiy aviatsiya jo‘natilganini ham ma’lum qilgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu vazirlar devoni yig‘ilishida mamlakat Eron va uning ittifoqchilari bilan “bir necha frontlar bo‘ylab” urush holatida ekanini e’lon qilgan.

UNRWA’dagi jangarilar

BMT Isroilga hujumda BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi — UNRWA xodimlari ishtirok etganini tan oldi.

BMT agentlikning to‘qqiz a’zosi bilan hamkorlikni to‘xtatdi, BMT tergovi ularning HAMAS 7 oktyabr kuni Isroilga hujumiga aloqador bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi, deb xabar berdi dpa axborot agentligi 5 avgust, dushanba kuni.

«To‘qqiz nafar shaxsga nisbatan ularning 7 oktyabrdagi teraktlarga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa qilish uchun yetarli dalillar bor», dedi BMT bosh kotibi matbuot kotibi o‘rinbosari Farhan Haq. Ularning ishtiroki aynan nimadan iborat ekani aniqlashtirilmagan.

Isroil tomonidan 7 oktyabrdagi hujumda ishtirok etganlikda ayblangan UNRWA xodimlaridan ikki nafari vafot etdi. Yana to‘qqiz nafar agentlik xodimiga nisbatan dalillar xulosa chiqarish uchun yetarli bo‘lmagan, bir holatda esa umuman dalil yo‘q, deb yozadi Reuters.

Yanvar oyida Isroil razvedkasi UNRWA kamida 19 nafar xodimi 2023 yil oktyabrida HAMASning Isroilga hujumida ishtirok etganini bildirgan edi. Keyinroq Isroil UNRWA'ning 450 dan ortiq xodimi G‘azodagi jangovar guruhlar harbiy xizmatchilari ekanini ta’kidlagan, deb yozadi Reuters.

Shuni vaj qilib Isroil BMTning mazkur agentligini terrorchilik tashkiloti, o‘laroq tan olishga harakat qilmoqda.

UNRWA 1949 yilda tashkil etilgan va hozir unda 30 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Tashkilotning belgilangan vazifalari orasida maktablar, ijtimoiy obektlar, tibbiyot markazlarini boshqarish, shuningdek, G‘azo sektoridagi falastinlik qochqinlar o‘rtasida insonparvarlik yordami tarqatish bor.

Bangladeshda qulatilgan hukumat

Bangladeshda ommaviy noroziliklar tufayli hukumatni 15 yildan buyon boshqarayotgan bosh vazir Shay Hasina mamlakatni tark etgan. U Buyuk Britaniyadan boshpana so‘raganini The Hindu nashri o‘z manbalariga tayanib, ma’lum qilmoqda.

Bangladeshdagi norozilik namoyishlari iyul oyida davlat mansablariga kvota joriy etilganidan so‘ng boshlanib ketgan edi. Bu mamlakat bo‘ylab talabalarning ommaviy noroziliklariga sabab bo‘ldi va alaloqibatda politsiya bilan to‘qnashuvlar ro‘y berdi. 21 iyulga kelib Oliy sud kvotalarning katta qismini bekor qilganiga qaramasdan, norozilik aksiyalari tinmadi.

Norozilik namoyishlari tashkilotchilaridan biri — “Talabalar diskriminatsiyaga qarshi” harakati odamlarni soliqlar va kommunal to‘lovlar to‘lamaslikka chorlab, zavodlar va jamoat transporti ishchilarini ishga bormaslikka chaqirgan.

5 avgust kuni xalq g‘alayoni tufayli Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina iste’foga chiqib mamlakatni tark etgani ma’lum bo‘ldi.

Bangladesh armiyasi boshlig‘i general Vaqer uz-Zamon mamlakatda o‘tish davri hukumati tuzilishini ma’lum qilgan.

«Barcha siyosiy partiyalar vakillari bilan samarali muzokaralardan so‘ng biz o‘tish davri hukumatini tuzishga qaror qildik. Endi vaziyatni hal qilish uchun Bangladesh prezidenti Muhammad Shahobiddin bilan uchrashuv o‘tkazamiz», — degan u matbuot anjumanida.

Bosh qo‘mondonning qayd etishicha, agar namoyishlar va zo‘ravonliklar to‘xtasa, mamlakatda harbiy holat joriy etishga hojat qolmaydi.

Turkiya va Instagram kelishmovchiligi

Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li dushanba kuni Instagram mediaplatformasi vakillari bilan olti soat davom etgan uchrashuv natijalari haqida jurnalistlarga so‘zlab bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar kutilgan natijalarga olib kelmagan va ijtimoiy tarmoqqa joriy etilgan cheklovlar hozircha o‘z kuchida qoladi.

“Biz o‘zimiz istagan natijaga erisha olmadik, biroq faol muzokaralarni davom ettirmoqdamiz. Hozircha bu borada biror bir siljish ko‘zga tashlanayotgani yo‘q”, — degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, 2 avgustdan boshlab Turkiyada Instagram ijtimoiy tarmog‘iga cheklovlar joriy etilgan. Bloklash Turkiya informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalar boshqarmasi farmoyishi bilan kuchga kiritilgan.

Vaziyat bilan tanish manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Instagram'ga ulanish HAMAS siyosiy byurosining rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi bilan bog‘liq kontentlar ijtimoiy tarmoqdan o‘chirib tashlangani bilan bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: