Ukraina AQShdan 3,9 milliard dollar miqdorida transh oldi

Jahon 08:29 / 06.08.2024 1515

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 3,9 milliard dollarlik transh ajratdi. Mablag‘lar davlat budjetiga tushdi, deb xabar qildi Ukraina Moliya vazirligi 5 avgust, dushanba kuni. Xabarda qayd etilishicha, moliyaviy resurslar Jahon bankining «Ukrainada barqaror davlat boshqaruvini ta’minlash uchun davlat xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash» (PEACE in Ukraine) loyihasi orqali taqdim etilgan. 

Idora boshlig‘i Sergey Marchenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu qaytarib olinmaydigan moliyaviy yordam hukumatga qarz yukini oshirmagan holda ijtimoiy-gumanitar sohadagi ustuvor xarajatlarni qoplashga yordam beradi. Mablag‘lar o‘qituvchilar, Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xodimlari va boshqa davlat xizmatchilarining ish haqini to‘lash, shuningdek, ko‘chirilganlar, kam ta’minlangan oilalar va nogironlarga yordam ko‘rsatishga yo‘naltiriladi. 

«Bu 2024 yilda Qo‘shma Shtatlar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri budjetni qo‘llab-quvvatlashga birinchi transhdir», dedi Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal Telegram messenjerida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina joriy yilda Qo‘shma Shtatlardan jami 7,8 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri budjet yordami oladi, bu esa unga «ushbu moliyaviy davrni ishonchli tarzda o‘tkazish» imkonini beradi. Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevral oyida Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri AQShdan to‘g‘ridan to‘g‘ri budjet yordami deyarli 27 milliard dollarni tashkil etdi. AQShning 1,15 milliard dollarlik so‘nggi transhi Kiyevga 2023 yil oktyabr oyida berilgan edi. 

Yevroittifoq moliyaviy yordami 

Iyul oyi oxirida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yangi ko‘p yillik qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida Ukrainaga 4,2 milliard yevroga yaqin moliyaviy yordam ajratishga kelishib oldi. Ushbu Yevropa Ittifoqi dasturi to‘rt yil davomida 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordamni nazarda tutadi. Shundan 33 milliard yevro kredit, qolgani esa grant ko‘rinishida to‘lanadi. Oraliq moliyalashtirish uchun jami 7,9 milliard yevro ajratilgan.

Ko‘proq yangiliklar: