Turkiya turizm sohasi vakillari yana bir bor mehmonxonalarning “barchasi kiritilgan” (all inclusive) formatidagi xizmatlarini bekor qilish taklifini ilgari surdi, deb xabar beradi Hurriyet.
“Bu orqali erishilgan natijalarni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo shuncha yildan keyin boshimizdan o‘tkazayotgan yangi jarayonda uni qayta ko‘rib chiqish kerak”, — deydi 1990 yillarda ushbu tizim asoschilaridan biri bo‘lgan tadbirkor Zafer Alkaya.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxona egalari turistlarga taqdim etilayotgan oziq-ovqat sifatini yaxshilash siyosatini qayta ko‘rib chiqishi zarur. “Yuqori darajadagi xizmatlar va oziq-ovqat mahsulotlari talab etiladigan turistlar, tabiiyki, unga mos pulni to‘lashga tayyor. Bunda uzoq/yaqin turizm borasidagi geografiyamizda ushbu turistlarni qamrab olish masalasi muhim”, — deya ta’kidlaydi ekcpert.
Turkiyada bundan oldin ham “barchasi kiritilgan” tizimini bekor qilish taklifi bildirilgan edi. 2023 yilning yanvarida turoperator Erol Gyuldal Turkiye Turizm gazetasiga bergan intervyusida Turkiya “barchasi kiritilgan” tizimidan voz kechib, “boy nemis turistlari kelishi uchun” yarimpansion tizimiga (bunda mehmonxonalarda ikki mahal ovqat beriladi) o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Turkiyaga 56,7 million turist tashrif buyurgan bo‘lib, ular orasida birinchi o‘rinni Rossiya fuqarolari egallagan — 6,3 million turist. Joriy yil yakunlari bo‘yicha Turkiya 60 million turistni qabul qilib, turizm sohasidan 60 milliard dollar daromad ko‘rishni rejalashtirgan.