Rossiyada Sud ijrochilari UFC sobiq chempioni Habib Nurmagomedovning 79 mln rublga (≈11,6 mlrd so‘m) teng mulkini xatladi. Bunga sportchining Federal soliq xizmati (FSX) oldidagi 302 mln rubl (≈44,3 mlrd so‘m) miqdoridagi qarzi sabab bo‘lgan.
Sud ijrochilari tomonidan olib qo‘yilgan mulklar ro‘yxatida Nurmagomedovning Dog‘istondagi uyi, shuningdek, 6 ta qimmatbaho avtomobili: Ferrari California T, Mercedes-Benz AMG Gs, Mercedes-Benz S-Class, BMW 7, Toyota Land Cruiser va Toyota Tacoma bor.
Avvalroq, FSX Habib Nurmagomedovning soliq, penya va jarimalarni to‘lamagani uchun bank hisob raqamlarini hibsga olgan edi. Bundan tashqari, soliq xizmati sportchining bir qancha kompaniyalarini, jumladan turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Hikmet Travel»ni yopdi. Bunga rasmiy hujjatlardagi ishonchsiz ma’lumotlar sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Ayni damda Habib Nurmagomedov Dubayda yashayapti. U va uning jamoasi yaqin vaqt ichida Dog‘istonga uchib ketishi rejalashtirilgan.
Habib Nurmagomedov 35 yoshda. U aralash yakkakurashlarda birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan (29 ta g‘alaba, 19 ta jangni muddatidan avval yakunlagan).
Nurmagomedov 2018 yilda irlandiyalik Konor Makgregorni mag‘lub etib, chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ularning bahsi MMA tarixidagi eng yuqori daromad keltirgan jangga aylandi (umumiy daromad 200 million dollardan oshiq).
2020 yil oktyabr oyida Nurmagomedov faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 2022 yil iyul oyida u UFC Shon-sharaf zaliga kiritildi.