Moldovaning muvaqqat ishlar vakili Aleksandr Ketraru Rossiya tashqi siyosiy idorasiga chaqirilgan va unga tegishli nota topshirilgan.
1 avgust kuni Moldova Rossiya elchixonasi xodimi, harbiy attashe yordamchisini «persona non grata» deya e’lon qilgandi. Respublika TIVning ma’lum qilishicha, ushbu qaror diplomat tomonidan mamlakat hududida diplomatik statusga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar amalga oshirilgani to‘g‘risida ma’lumot va isbotlar olingach qabul qilingan.
Rossiyaning Moldovadagi elchisi Oleg Vasnetsov Kishinyov ushbu vaziyatda mamlakatlar o‘rtasidagi «ikki tomonlama munosabatlarni buzishni» istayotganini aytgan.
Rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilinishidan biroz oldin Moldovada parlament kotibiyati xodimi va chegara politsiyasi xodimi qo‘lga olingan edi. Korrupsiyaga qarshi kurash va maxsus ishlar prokuraturasi (PCCOCS) ushlashlar jinoiy tergov doirasida 30 iyul kuni kechqurun amalga oshirilganini ma’lum qilgan. 31 iyul kuni ertalab PCCOCS hamda Axborot va xavfsizlik xizmati xodimlari parlamentning yuridik bo‘limida tintuv o‘tkazgan.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, parlament xodimi «2023 yildan boshlab» «Moldova Respublikasi manfaatlariga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plagan va elchixona xodimiga bergani» uchun davlatga xiyonatda gumon qilinmoqda.