Garchi qamoqda bo‘lsa ham, Imron Xon avvalgidek Pokistondagi muxolif siyosatning yetakchi kuchi hisoblanadi; uning nomi gazeta sarlavhalari va sud majlislarida mudom yangrab turibdi. Tarafdorlari esa ijtimoiy tarmoqlarda tinim bilgani yo‘q.
U omma oldida ko‘rinish berolmayotgan bo‘lsa-da, u bilan doimiy ko‘rishish huquqiga egalar – advokatlar va oila a’zolari uning tashqi dunyoga murojaatlarini yetkazuvchilar bo‘lib turibdi. Imron Xon panjara ortidagi 365 kun uni aslo sindira olmaganini o‘shalar orqali xalqqa yetkazmoqda.
“Unda hamon sovuqqonlik bor, – deydi uning singlisi Olima Xonim. – Uning biror ehtiyoji yoki istagi yo‘q. Faqat ish”.
Imron Xonning huzuriga kirib chiqayotganlarning so‘zlariga ko‘ra, u kunni velotrenajyorda o‘tkazadi, ko‘p kitob o‘qiydi va mulohaza yuritish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Kuniga bir soat qamoqxona hovlisida sayr qiladi. Ayrim vaqtlarda oila a’zolari unga yangi kitobni qancha muddatda yetkazishi mumkinligi borasida munozaralar kelib chiqqan.
“U qamoqxonadagi biror daqiqasini bekorga sarflashni istamaydi, bu unga yanada ko‘proq bilim olish uchun imkoniyat ekanini aytgan”, — degan Olima Xonim BBCʼga bergan intervyusida.
Lekin fakt faktligicha qoladi: janob Xon va uning rafiqasi Bushra Bibi hamon qamoqxonada qolmoqda va yaqin orada ularning ozod bo‘lishiga biror belgi yo‘q.
Ayrimlarning fikricha, buning hayron qolarli joyi yo‘q.
“Hech kim janob Xon qamoqxonadan ertaroq ozod bo‘lish uchun nimadir qilishini kutgani yo‘q”, — degan Vashingtondagi Wilson Centre tahliliy markazining Janubiy Osiyo instituti direktori Maykl Kugelman.
Harbiylar Pokistondagi parda ortidagi kuchli o‘yinchilar bo‘lib, “ular qamoqqa tiqishni ma’qul ko‘radigan siyosiy figura mavjud bo‘lsa, qo‘l qovushtirib o‘tirishmaydi, — degan Kugelman. — Bu ayniqsa Imron Xonga taalluqli”.
Chindan ham, so‘nggi o‘n yilliklar mobaynida armiya Imron Xonning hayotidagi ko‘plab qalqishlar va inishlar uchun asosiy kalit bo‘lgan. Ko‘plab tahlilchilarning fikricha, uning avval boshdan aynan harbiy elita bilan yaqin munosabatlari hokimiyat tepasiga kelishida muhim rol o‘ynagan.
Biroq o‘tgan yilning 9 mayiga kelib bularning barchasi barbod bo‘ldi. 2022 yilda ishonchsizlik votumi natijasida hokimiyatdan chetlashtirilgan Imron Xon hibsga olindi, uning tarafdorlari esa namoyishlarga chiqishdi.
Bu namoyishlarning ayrimlari mushtumzo‘rlikka aylanib ketdi, harbiy binolarga hujumlar uyushtirildi, jumladan Lohurdagi eng yuqori martabali armiya mulozimining rasmiy qarorgohi talamon qilinib, yoqib yuborildi.
BBC manbalariga ko‘ra, shundan so‘ng Pokiston mediakompaniyalariga Imron Xonning suratini ko‘rsatish, nomini tilga olish va ovozini eshittirish taqiqlangan.
Imron Xon hibsdan ozod qilindi, lekin bu vaqtinchalik ekani ma’lum bo‘ldi.
5 avgust kuni u davlat sovg‘alarini noto‘g‘ri deklaratsiya qilgani uchun yana qamoqqa olindi, biroq bu ko‘rgiliklarning boshlanishi edi.
Saylovlar arafasida unga nisbatan ochilgan ishlar soni oshdi; fevral oyining boshiga — ovoz berish sanasiga sanoqli kunlar qolganda 71 yoshli Imron Xon uchta uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi, ularning so‘nggisi 14 yilga ozodlikdan mahrum qilish.
Saylovlargacha Imron Xonning PTI partiyasining ko‘plab nomzodlari yo qamoqxonada, yo yashirinib yurgandi, partiya esa o‘zining taniqli ramzi — kriket tayog‘idan ayrildi. Bu aholining savodxonligi 58 foiz bo‘lgan davlat uchun juda muhim simvol edi.
Shunga qaramasdan, “biz qat’iyatga to‘la edik va bayonot bilan chiqishni istardik”, — degan Imron Xonning advokati va saylovlardagi nomzod Salmon Akrom Raja.
“Bu ishlarning barchasi cheklangan edi, ko‘pchilik umuman targ‘ibot bilan shug‘ullana olmayotgan edi. Kriket ramzining yo‘qotilishi mutlaqo vayron qiluvchi zarba bo‘ldi”, — degan advokat.
Barcha nomzodlar saylovda mustaqil nomzodlar sifatida qatnashgan, hattoki partiya ichidagi guruhlar ham katta emasdi.
Biroq Imron Xon tomonidan qo‘llanayotgan nomzodlar boshqalarga nisbatan ko‘proq joy egalladi va ularning siyosiy raqiblari ularni bloklash uchun alyans tuzishga majbur bo‘ldi. Bu orada PTI yo‘qotilgan o‘rinlarning ko‘pchiligi uchun natijalar soxtalashtirilgan, degan vaj bilan sudlashishga majbur bo‘ldi.
Uning tarafdorlari 8 fevral kungi saylovlar burilish onlari bo‘lgani, Imron Xonning hattoki qamoqxonada turib yo‘llagan murojaatlari ish berganini ko‘rsatuvchi dalil bo‘lganini aytishmoqda.
“8 fevral kuni bo‘y ko‘rsatgan o‘zgarishlar bor, — deydi Olima Xonim. — O‘zgarishlar baribir keladi, ular havoda uchib yuribdi”.
Boshqalar natija status-kvoni o‘zgartirmaganini aytmoqda.
“Biz chindan ham kutilgan joyda turibmiz, avval taxmin qilinganidek, bizga pretsedent taqdim etishadi”, — degan Kugelman.
«PTI hukumatni shakllantira olmadi, uning yetakchisi hamon qamoqxonada, hukmron koalitsiyani esa harbiylar tomonidan qo‘llanadigan partiyalar boshqarmoqda”.
Biroq so‘nggi vaqtlarda Imron Xon va uning tarafdorlarining ishi sekin-asta o‘nglanmoqda.
Imron Xonning qamoqxonaga tiqilishi Pokistonda siyosiy va media olamidagi sensatsiyani keltirib chiqardi.
Bevosita saylov oldidan chiqarilgan uchta hukm bekor qilindi, BMT komissiyasi uning ushlanishini o‘zboshimchalik deb atadi, Pokiston Oliy sudi esa PTI rasmiy partiya hisoblanishi va ayollar va musulmon bo‘lmaganlar uchun mo‘ljallangan “zaxira o‘rinlari”ni olishi lozimligini aytdi.
Hozircha biror narsa amaliy samaraga olib kelgani yo‘q: Imron Xon hamon qamoqda, unga nisbatan yangi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, parlamentdagi zaxira o‘rinlari esa taqsimlanmagan.
Nikohlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha apellyatsiya arizasi berilganidan so‘ng qamoq muddati bekor qilingan rafiqasi Bushra Bibi hamon yangi ayblovlar bo‘yicha qamoqda qolmoqda.
Hukumat esa Imron Xon va uning partiyasini jamoatchilik uchun xavf sifatida ko‘rishda davom etmoqda. Avvalroq ular Pokiston inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining ogohlantirishlariga qaramasdan, PTI partiyasi taqiqlanishiga erishish niyati borligini e’lon qilishdi.
Harbiylar ham o‘z fikrlarini o‘zgartirganligi borasida biror belgi berishmayapti. 9 may kungi voqealarga bir yil to‘lishida armiyaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bayonotida “rejalashtirganlar, tashkilotchilar va ijrochilar” borasida hech qanday murosa bo‘lmasligi, ularga “mamlakat qonunlarini aldab o‘tish”ga yo‘l qo‘yilmasligi aytilgan.
Ko‘pchilik tahlilchilarning fikricha, Imron Xon qamoqdan qutulib qolish uchun aynan harbiylar bilan mana shu munosabatlarni izga tushirishi kerak.
“Fikrimcha, biz barchaga chiqish yo‘lini ko‘rsatuvchi va tizimning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlovchi kelishuvga erishamiz”, — degan Imron Xonning advokati Salmon Akrom Raja.
Bu orada Imron Xon qamoqxonadan o‘z yozishmalarini chiqarishda davom etmoqda. Olima Xonimning aytishicha, sobiq bosh vazir “Pokistonning qoyasi” deb atagan harbiylardan “neytral qolish”ni “mamlakatni boshqarishga qo‘yib berish”ni so‘ragan.
Ayrim sharhlovchilar buni zaytun guldastasiga qiyoslashgan, garchi murojaatdagi “neytral” so‘zini turlicha talqin qilish boshlanib ketgan bo‘lsa-da; avvallari armiya o‘zini siyosatda biror tarafga yon bosmasdan, neytral deb e’lon qilganida Imron Xon bu so‘zlarning ustidan kulgan va “faqat hayvon neytral bo‘lishi mumkin”, degan.
Uning yaqinda muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylovlarga chaqirig‘ini ayrimlar harbiylar oldiga qo‘yilgan shartlardan biri sifatida qabul qilmoqda.
“Men buni real deb qabul qila olmayman, — degan Kugelman. — Vaqt o‘tishi bilan Imron Xon biroz yumshashi mumkin. Bu Pokiston siyosatining haqiqatlaridan biri: agar siz bosh vazir bo‘lishni istasangiz yaxshi inson bo‘lib ko‘rinishingiz kerak, kamida harbiylar ko‘ziga balodek ko‘rinmasligingiz kerak”.
Xullas, hozircha boshi berk ko‘chadagi vaziyat saqlanib turibdi.