Putin Eronga Isroildan «qasos olish»da vazmin bo‘lishni tavsiya qildi - OAV

Jahon 23:21 / 06.08.2024 8907

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiydan HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi yuzasidan Isroilga vazminlik bilan javob qaytarishni so‘radi. Bu haqda Reuters Eron manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Putin bu xabarni yetkazish uchun o‘zining uzoq yillik safdoshi, Rossiya sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoyguni Tehronga yuborgan. Shoyguning Eron yuqori martabali mulozimlari bilan uchrashuvida qatnashgan ikki manbaning aytishicha, Moskva Tehronga Isroil tinch aholisiga hujum qilmaslikni maslahat bergan.

Manbalarga ko‘ra, Shoyguning tashrifi Moskva Yaqin Sharqdagi urushning oldini olish uchun Eronga vazminlik zarurligini bildirishda qo‘llagan bir necha usullardan biri bo‘lgan xolos.

O‘z navbatida Tehron Rossiyada ishlab chiqarilgan Su-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha Moskvaga bosim o‘tkazgan, dedi Tehrondagi uchrashuvda ishtirok etgan manbalar.

Avvalroq, Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli keskinlashuv fonida Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu Eronga bordi. Safarning rasmiy maqsadi sifatida iqtisodiyot va xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash ekani aytildi.

The New York Times gazetasining yozishicha, Eron Isroilga keng ko‘lamli hujumga tayyorlanar ekan, Rossiyadan zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari va radarlarni so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: