Olimpiadaning 10-kuni. O‘zi bilan kurashayotgan rekordchi va Baylzning qulashi

Sport 14:32 / 06.08.2024 17369

5 avgust kuni Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida sportning to‘qqiz turida 20 ta medallar shodasi o‘ynaldi.

Yangi Bubka g‘alaba qozonishda davom etmoqda. U ikki karra Olimpiya chempioni

Olimpiya o‘yinlari. Erkaklar. Tayanib sakrash
1. Arman Dyuplantis (Shvetsiya) — 6,25 (jahon rekordi)
2. Sem Kendriks (AQSh) — 5,95
3. Emmanuil Karalis (Gretsiya) — 5,90

Tayanib sakrashda kutilganidek fenomenal shved Armand «Mondo» Duplantis yorqin g‘alabaga erishdi. Umuman olganda, bu sport turi bo‘yicha erkaklar orasidagi bahslarda faqat bitta intriga bor – Arman bu safar yangi jahon rekordini o‘rnatadimi yoki yo‘q? Va u qaysi balandlikda to‘xtaydi? Hozirda Mondoning raqibi faqat bitta — uning o‘zi. Aniqroq aytganda — fizika qonunlari va inson imkoniyatlari chegarasi.

Duplantis bu safar ham tabiatdan ustun keldi. 6,25 metr balandlik — Olimpiya o‘yinlari va umuman yengil atletika tarixidagi yangi daraja. Shved bu nuqtani dushanba oqshomidagi yakuniy uchinchi urinishida, 80 ming kishilik «Stad de Frans»ning nigohi bitta unga qadalib turganida zabt etdi.

Yengil atletikadagi asosiy voqea muxlislar kutganidek yakunlandi. Duplantis ikki karra olimpiya chempioni bo‘ldi, ammo hech kim shubha qilmagan g‘alaba faktidan muhimroq narsa bor edi. Barchani faqat Mondoning yangi rekordi qiziqtirardi — va u ishonchni oqladi. Bu uning faoliyatidagi to‘qqizinchi rekord. Holbuki u hali 24 yoshda.

AQShda tug‘ilgan va o‘sgan Duplantis 2020 yildayoq ukrainalik Sergey Bubkaga tegishli bo‘lgan va 26 yil davomida jahon rekordi hisoblangan — 6 m 14 sm natijani yangilagandi. 2021 yilda esa Tokio olimpiadasida 6 m 2 sm natija bilan chempion bo‘lgan, joriy yil aprelida Xitoydagi musobaqada 6 m 24 sm balandlikdan o‘tib, o‘zining 2023 yil sentabrida o‘rnatgan rekordini bir santimetrga yangilagandi.

Parij olimpiadasida u 6 m 10 sm natija bilan g‘oliblik va olimpiya rekordini o‘rnatdi, keyin o‘z rekordini yangilash uchun harakat boshladi va uchinchi urinishda maqsadiga erishdi, keyin esa u buning barchasi o‘zi uchun qanchalik osonligini namoyish etish uchun turkiyalik mergan Yusuf Dekichning harakatlarini takrorladi.

Futbol. Ispaniya va Fransiya finalda

O‘zbek hakami boshqargan g‘alati o‘yin

Marokash – Ispaniya – 1:2
Gollar:
1:0 – 37, penalti Rahimiy, 1:1 – 65 Lopes, 1:2 – 85 Huanlu Sanches.
Marokko – Muhammadi, Al-Vahdi, Bukamir, Hakimi, Al-Azzuziy, Targallin, Richardson, Ben-Segir, Ezzalzuli, Ahomash, Rahimiy.
Ispaniya – Tenas, Miranda (Migel Guterres, 62), Kubarsi, Erik Garsiya, Pubil (Huanlu Sanches, 62), Aleks Baena (Samu Omorodion 90+2), Barrios (Bernabe, 62), Serxio Gomes, Lopes (Benyat Turriyentes 89), Oros, Abel Ruis.
Ogohlantirishlar: Tenas (37), Rahimiy (37), Lopes (67), Bernabe (72), Richardson (76).

Ispaniya futbolchilari yozni ajoyib o‘tkazmoqda. Avvaliga asosiy jamoa Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lishdi, keyin bu ishni o‘smirlar jamoasi takrorladi, endi esa olimpiyachilar — Olimpiada g‘olibligidan bir qadam berida turibdi. Chorakfinalda ispanlar yaponlarni ishonchli 3:0 hisobida mag‘lub etishdi. Endi yarimfinalda marokashliklar to‘sig‘idan o‘tildi.

Birinchi bo‘limda ko‘p gol urilmadi, ammo yodda qoladigan voqealar bo‘lib o‘tdi. Birinchidan, o‘yin boshidayoq o‘zbekistonlik bosh hakam Ilgiz Tantashev jarohat oldi. Uni ispanlar himoyachisi Pubil yiqitdi, uni raqib futbolchisi turtib yuborgandi.

Arbitrning oyog‘iga mus bosildi, ammo hakam shundan keyin ham oqsoqlanib harakat qildi. Bunday holatda u o‘yinda ishlashda davom eta olmasdi va uni almashtirishga to‘g‘ri keldi. Qurilmalarni o‘tkazish jarayonini hisobga olgan holda o‘yinda yetti daqiqa to‘xtalish bo‘ldi. Shu tufayli birinchi bo‘limga 12 daqiqa qo‘shib berildi. Birinchi bo‘lim davomida futbolchilar suv ichib olishi ham tanaffus qilingandi.

Bu o‘yindagi yana bir g‘alati holat — kabutarlar bilan bog‘liq.

Qushlar galasi muntazam ravishda maydonning burchakka yaqin qismida bo‘lib turdi. Xuddi ularga kimdir don sepib qo‘ygandek. Qolaversa, ular futbolchilardan umuman cho‘chimadi. Futbolchilar ulardan bir metr narida chopayotganida ham ular hurkib uchib ketishmadi. Ba’zida qushlar baribir maydon bo‘ylab ko‘chib yurishiga to‘g‘ri keldi.

O‘yinda esa ispanlar dastlabki daqiqalarda kuchliroq ko‘rinishdi, ammo keyin marokashliklar penalti tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Avvaliga arbitr jarima maydoniga yaqin turgan bo‘lsa-da, folni payqamagandi. Ammo VAR tufayli baribir 11 metrlik nuqta ko‘rsatildi. 

Sufyon Rahimiy esa zarbada adashmadi, bu uning uchun Fransiya maydonlaridagi oltinchi goli bo‘ldi. «Al-Ayn» hujumchisi — turnirning eng yaxshi to‘purari. Goldan keyin Rahimiy uni darvozabon qarshisiga borib raqs tushgan holda nishonladi va bu provokatsiyasi bilan raqibni izdan chiqardi. Yakunda ikki futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatildi.

45+8-daqiqada ispanlar hisobni tenglashtirishga yaqin kelgandi, ammo Aleks Baenaning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi. Penaltidan keyin marokashliklar ham tengma-teng o‘yin ko‘rsata boshladi. Ammo Ispaniya baribir muvozanatni tikladi. Bunga ikkinchi bo‘limdagi futbolchi almashtirishlar evaziga erishildi.

Yarimhimoyachi Fermin Lopes jarima maydonidagi to‘pga birinchi bo‘lib yetib borib, qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. U golini nishonlashga haddan tashqari berilib ketib, ogohlantirish ham oldi. «Barselona» futbolchisi burchakdagi bayroqni tepib, uni qoq ikkiga bo‘lib yuborgandi.

Va aynan Fermin o‘yin taqdirini hal qilgan hujumda ham muhim rol o‘ynadi. U 85-daqiqada uzoq burchakka ideal zarba yo‘llagan Huanlu Sanchesga assistentlik qildi. Marokashliklar o‘yinni qutqarishga urinishdi, ammo bunga vaqt qolmagandi. Ispanlar darvozasiga qo‘shimcha daqiqalarda maydonga tushib kelgan muxlisgina gol ura oldi. Bu esa bunday g‘alati o‘yin uchun mantiqiy yakun bo‘ldi.

Olise va Mateta — Fransiya qahramonlari

Fransiya — Misr 3:1
Gollar:
Mateta (83, 99), Olise (108) — Sobir (62).
Fransiya – Rest, Tryuffer, Lukeba, Bade, Sildiyya, Shotar, Diuf (Due, 76), Akliush (Magassa, 118), Olise, Lyakazett (Kalimuendo, 105), Mateta (Sherki, 118).
Misr – Ala, Abdulmajid, Fayyed, Ad Debes (Majar, 90), Shehata (Saad, 111), El Nenni, Odil (Toriq, 93), Sobir (Kamol, 98), Koka, Zizu (Hamdi, 111), Faysal (Otto, 90).
Ogohlantirishlar: Bade (89), Fayyed (90+7), Zizu (105+1), Kamol (105+2), Lukeba (105+4). 
Chetlatish: Fayyed (92).

1992 yildan futbol olimpiya turnirlarida yosh bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilganidan beri Fransiya o‘yinlarda hech qanday natijaga erisha olmagan. «Uchranglilar» sakkiz urinishdan oltitasida saralash turniridan o‘ta olmagan. O‘yinlardagi ikki ishtirok orasi chorak asrni tashkil etadi. Atlanta-1996 olimpiadasida tarkibida Viyeyra, Pires, Kandela, Makelele, Moris va Viltor bo‘lgan fransuz chorakfinalda Portugaliyaga yutqazgan, Tokiodagi turnirda esa butkul muvaffaqiyatsizlikka uchralgan. Tajribali Jinyak va bo‘lajak jahon vitse-chempioni Kolo Muani bilan ishtirok etgan jamoa guruhda faqat JARni qiyinchilik bilan mag‘lub etgan (4:3), Meksika (1:4) va Yaponiya (0:4) bilan o‘yinlarda yirik hisoblarda yutqazgan.

O‘sha natija va uch o‘yinda o‘tkazib yuborilgan 11 ta gol jamoa o‘yinida balans yo‘qligini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygandi. Tiyerri Anri boshqaruvidagi jamoa esa — o‘sha jamoaning butkul aksi. Yarimfinalga qadar Rest o‘z darvozasidan birorta gol olib chiqmadi, holbuki mart oyida 19 yoshni qarshilagan «Tuluza» posboni ko‘p marta jamoani qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Uydagi turnir uchun jamlangan Fransiya tarkibi — himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan va eng yuqori natijani ko‘zlagan jamoadir. Qolaversa, bu jamoa ikkinchi bo‘limlarda iroda ko‘rsata olmoqda.

Misrga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi ancha nursiz kechdi, mezbonlar safida faqat Badening burchak zarbasidan keyin ustunni nishonga olishi yodda qoldi, ikkinchi bo‘limda esa fransuzlar o‘yinni kuchaytirdi va bosimni oshirdi. Misrlik himoyachi o‘z darvozasi yaqinida to‘pni yo‘qotganida Lyakazett jarima maydoni markazidan turib aniq zarba berolmadi. Tribunadagilar bu vaziyatni muhokama qilib ulgurmasidan Fransiya gol o‘tkazib yubordi, bu vaziyatda Saber ajoyib harakat qildi. U dastlabki zarbasi himoyachidan qaytgach, to‘pni yana o‘ziga o‘nglab oldi, ikki raqibdan qochib ketdi va darvozaga bir necha metr masofadan turib shu qadar kuchli zarba yo‘lladiki, darvozabon qo‘lini ko‘tarishga ulgurmadi.

«Uchranglilar» o‘zi uchun noodatiy holatga tushib qolishdi, ammo baribir maksimal darajadagi dramatik ssenariy bilan vaziyatdan chiqib ketishdi. Avvaliga ulardan omad yuz o‘girishda davom etdi, bir hujumning o‘zida Lyakazett va Badening zarbalari darvoza to‘sini va ustuniga tegdi. Ammo barchasini Olisening turnirdagi to‘rtinchi golli pasi o‘zgartirib yubordi, u Matetani yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi va hisob tenglashdi. Keyin esa hakam barchasi o‘yinning asosiy vaqtida hal bo‘lishiga ko‘nmadi, u VAR hakamlari fikriga qo‘shilmadi hamda to‘p jarima maydoni ichida misrlik himoyachining qo‘lini topgan holat uchun penalti belgilamadi.

Lekin qo‘shimcha bo‘limlar boshlanganida referi «Fir’avnlar»ni ayamadi va Fayyedga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatdi. Fransiya bu ustunlikdan foydalandi, Olise yana bir marta bejiz «Bavariya»ga o‘tmaganini namoyish etdi. Uning namunali uzatmasidan keyin Sildiyya to‘pni shu kuni dubl qilgan Matetaga tashlab berdi. Mezbonlarning pley-offlardagi gollariga faqat shu forvard mualliflik qilayotgandi, ammo o‘yindagi oxirgi nuqtani Olisening o‘zi qo‘ydi. Sensatsiyya ro‘y bermadi — Afrika vakillari bronza uchun bahslashadi, chempionlik esa — Barselona-1992 dan buyon ilk bor — Yevropa vakiliga nasib etadi. 32 yil muqaddam Ispaniya chempion bo‘lgandi, Fransiyaning oxirgi olimpiya oltinini qo‘lga kiritganidan buyon esa 40 yil vaqt o‘tdi. Bundan yaxshiroq finalni o‘ylab bo‘lmasdi.

Final 9 avgust kuni o‘tkaziladi:

Fransiya — Ispaniya (Toshkent vaqti bilan soat 21:00)

Uchinchi o‘rin uchun bahs 8 avgustga belgilangan

Misr — Marokash (20:00).

Simona Baylz Olimpiadada bir kunda ikki bor yutqazdi

Simona Baylz shu kuni Parijda Olimpiadalardagi to‘qqizinchi oltin medalni olgan holda, sovet gimnastkachisi Larisa Latininaning abadiy rekordini yangilashi mumkin edi. Buning uchun avvaliga to‘sinda, keyin — erkin mashqlarda birinchi bo‘lish talab etilardi.

Albatta, Bersidagi arenada yig‘ilgan muxlislarning katta qismi Baylzning ishtirokini ko‘rish uchun kelishgandi. To‘sindagi mashqlarni bajaradigan ishtirokchilar chiqib kelganida uning nomi e’lon qilingach, zal olqishlardan portlay dedi. Baylz esa o‘zini o‘ta xotirjam tutardi. Raqiblari chigalyozdi mashqlari bilan mashg‘ul bo‘lganida, u stulda esnab o‘tirdi.

Dastlabki ishtirokchilarning chiqishlari boshlanganida ham u o‘rnidan qo‘zg‘almadi, u faqat AQSh jamoasi vakilini omadsiz chiqishdan keyin qo‘llab-quvvatlash uchun o‘rnidan turdi.

To‘sinda mashg‘ulotlar o‘tkazish navbati kelganida u bunga 30 soniya ajratdi, bir marta sakrash mashqini ijro etdi va yana dugonalari oldiga yo‘l Oldi. Chiqish vaqti kelganida esa Baylz uzoq vaqt polda o‘tirib tayyorlandi.

Chiqish esa muvaffaqiyatsiz kechdi, Baylz to‘sindan yiqildi — butun zal reaksiya bildirdi.

Shundan keyin Simona uch daqiqa davomida bahosini kutib turdi. Baholar e’lon qilinganida esa u to‘rtinchi o‘rinni egallagani ma’lum bo‘ldi, shundan keyin musobaqa yakunini kutdi va italiyalik sportchini oltin bilan tabriklab, tribuna ostiga yo‘l oldi.

Ikki soatdan keyin erkin mashqlar bo‘yicha musobaqa boshlandi. Simona bu safar ham o‘zini o‘ta xotirjam tutdi va umuman asabiylashmadi. Keyin esa chiqishin amalga oshirdi va yutqazdi. Hakamlar gilamdan tashqariga qo‘ngani uchun undan ballar olib tashlashdi, shu tufayli u braziliyalik Andradega 0,033 ball farq bilan yutqazdi va kumush bilan kifoyalandi. Simona bahosini yuzda tabassum bilan qarshi oldi, keyin esa bronza olgan boshqa amerikalik sportchini qizg‘in tabrikladi. Shu kungi musobaqalar Baylzning triumfi bo‘lish o‘rniga, brazillar karnavaliga aylandi.

Baylz Los-Anjyelesdagi o‘yinlarda ishtirok etishi – katta so‘roq ostida. 2028 yilda Simona 31 yoshda bo‘ladi. Bunday yoshda gimnastikada medal olish esa oson emas. Hozircha esa bir faktni keltirish mumkin: Baylz Parijdagi o‘yinlarda sayyora tarixidagi eng kuchli gimnastikachi bo‘la olmadi.

AQSh va Xitoy raqobatni davom ettirmoqda

Olimpiadaning o‘ninchi kunida asosiy favoritlar biroz sustlashdi, AQSh 2 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza bilan kifoyalandi, Xitoyda ham 2 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza. Amerikaliklar kumushlar soni ko‘proqligi evaziga (21-30-28) oldinda bormoqda. 

Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlardagi Fransiya (13-16-19) va Avstraliya (13-12-8) ancha ortda qolgan. So‘nggi kunda bu jamoalar bittadan oltin bilan kifoyalanishdi.

Ko‘proq yangiliklar: