Oliy ta’lim vazirligi 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bo‘yicha topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ko‘p murojaatlar turli (tanlangan mutaxassislik bitiruvchining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mos yoki turdosh emasligi, so‘ralgan hujjat o‘rniga boshqa hujjat yuklangan yoki to‘liq yuklanmagan, yuklangan hujjatlar sifatsizligi va boshqa) sabablarga ko‘ra rad etilgan.
Vazirlik yuqoridagi sabablarni hisobga olib, 1–30 iyul kunlari magistr.edu.uz tizimiga ariza yuborgan, lekin rad etilgan talabgorlarga qo‘shimcha muddat berdi. Ular 6–8 avgust kunlari arizalarini qayta tahrirlashi mumkin.
“Belgilangan muddatdan keyin tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi va kamchiligi bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, OTFIV xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikati talab darajasida bo‘lmagani sabab rad etilgan arizalarni tahrirlash tavsiya etilmasligi va bunday qayta tahrirlangan arizalar ko‘rib chiqilmasligini qo‘shimcha qilgan.