Yengilmas Kroufordga qarshi to‘qnashuvda jang bo‘yicha yengilmagan Madrimov 8 yildan buyon raqiblarini nokautga uchratib kelgan Terensning bu boradagi seriyasini to‘xtatgani tahsinga sazovor. Ammo jang ichidagi vaziyatlarni yetarlicha yoritganimizdan kelib chiqib, bu safar jang atrofidagi voqealarga nazar tashladik. Ta’kidlash joizki, katta jangda Madrimovning WBA kamari alamli tarzda yulib olingan bo‘lsa-da, o‘zbek boksi Los-Anjyelesda ko‘prog‘ini yutdi.
Bir yil kutilgan raqib
Krouford so‘nggi jangini 2023 yilning yozida Spensga qarshi o‘tkazib, nokaut bilan 40-g‘alaba va uchta kamar sohibiga aylangach, butun Amerika va boks olami uning navbatdagi raqibi kim bo‘lishini qariyb bir yil kutdi. Nihoyat, aprel oyida yengilmas Terensning raqibi Isroil Madrimov bo‘lishi haqida rasman e’lon qilingach, amerikaliklar nisbatan notanish bo‘lgan o‘zbekistonlik bokschi haqida ma’lumotlar qidira boshlagani tabiiy. Gap shundaki, Madrimov mart oyida rossiyalik Magomed Kurbanovni mag‘lub etib, super yarim o‘rta vazn toifasida WBA kamariga ega chiqqandi. O‘zbek bokschisining prof boksda hali mag‘lub bo‘lmagani va uning havaskor boksdagi katta tajribasidan kelib chiqib, Krouford – Madrimov jangi 3 oy davomida katta intrigaga aylantirildi.
Katta ajiotajga sabab bo‘lgan jang
So‘nggi 10 kun davomida O‘zbekistonda ko‘pchilikning e’tibori o‘zbek bokschilarining Parij-2024dagi ishtirokiga qaratilgan paytda, nafaqat Los-Anjyeles yoki Kaliforniya shtati, balki butun Amerikada Krouford – Madrimov jangi atrofidagi muhokamalar boksdagi asosiy mavzuga aylangandi. Isroil bu jangi orqali professional boks olamini yana bir karra o‘zbek boksini o‘rganishi, tarixi, buguni va yutuqlari haqida gapirishga majbur eta oldi. Jang translatsiyasi huquqini qo‘lga kiritgan Amerikaning eng katta auditoriyaga ega telekanallaridan DAZN va ESPN Madrimov bilan bir qatorda o‘zbekistonlik bir qator bokschilarga e’tibor qaratgan. Los-Anjyelesning o‘zida Krouford – Madrimov jangi haqidagi reklama roliklari, banner va peshtaxtalar shaharning qator nuqtalarida borligi bu bahsga qiziqish qanchalik yuqori bo‘lganini ko‘rsatardi.
Amerikada biznes va shouga aylangan boks
Amerikalik va o‘zbekistonlik bokschilar o‘rtasidagi jang Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtiriladigan Riyadh Season seriyasi doirasidagi boks kechasining asosiy to‘qnashuvi sifatida o‘tkazilgan bo‘lsa-da, Krouford – Madrimov jangini arenada jonli ko‘rishni istaganlar ham, uyida yoki boshqa joyda TV yoki internet orqali tomosha qilmoqchi bo‘lganlar ham yaxshigina xarajat qilishiga to‘g‘ri kelardi.
World Boxing News xabariga ko‘ra, 22 ming tomoshabin sig‘adigan «BMO Stadium»da o‘tkazilgan jang uchun eng arzon chipta narxi 200 dollardan sotilgan bo‘lsa, ring atrofidagi joylar uchun chiqarilgan chiptalar 2000 ming dollardan sotilgan. AQSh hududida esa bu jangni translatsiya qilgan DAZN va ESPN platformalari orqali tomosha qilish narxi esa 79,99 dollarni tashkil etgan. Bu narxlardan boks janglari Amerikada – katta biznes va tomoshabop shouga aylanganini bilish qiyin emas.
Madrimov Krouford bilan jang uchun qancha mablag‘ ishlab oldi?
Professional bokschilarning jang tashkilotchilari, promouterlar orqali translatsiya, chipta sotuvidan tushadigan daromadlardan gonarar olishi zamonaviy boks uchun yangilik emas. Ispaniyaning Marca nashri Nyfighs portaliga tayanib xabar berishicha, Krouford va Madrimovning jang orqali qanchadan mablag‘ ishlab olgani rasmiy hisobotlarda keltirilmagan. Shunga qaramay, Nyfighs’ning yozishicha, amerikalik 36 yoshli bokschi bu jang ortidan qariyb 8 million dollarga boyigan, o‘zbekistonlik 29 yoshli charmqo‘lqop ustasiga qariyb bir million dollar mablag‘ ajratilishi aytilmoqda.
Xulosa
Unutilmas jang natijasi, undan keyingi hakamlik mojarosi va haligacha davom etayotgan bahsli qarorlar bo‘yicha tortishuvlar, taxminlar o‘z yo‘liga, muhimi, o‘zbek boksida yangi tarix yaratib, Amerikada millionlab muxlislar auditoriyasi qarshisida O‘zbekiston bayrog‘ini hilpiratib, mamlakat madhiyasi yangrashiga sababchi bo‘lish – har qanday g‘alabadan-da kattaroq, totliroq va sharaflidir. Hozirdanoq keyingi jangiga tayyorligini takrorlayotgan Isroil Madrimov bu fikrlarimizni tasdiqlasa, ajabmas.
Usmon Ibodov