Hirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlanganiga 79 yil to‘ldi

Jahon 09:13 / 06.08.2024 5684

Hirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlanganiga 79 yil to‘ldi. AQSh 1945 yil 6 avgust va 9 avgust kunlari Yaponiyaning ushbu shaharlariga atom bombalarini tashlagan. 

Bombardimon AQSh Qurolli kuchlari tomonidan Ikkinchi jahon urushining so‘nggi bosqichlarida amalga oshirilgan.

1945 yil 6 avgustda, taxminan soat 08:15 da Amerika havo kuchlarining V-29 samolyoti o‘sha paytda 255 ming kishi bo‘lgan Hirosimaga Little Boy («Kichkintoy») bombasini tashladi.

Portlashning qayd etilgan kuchi 13 kilotonna, to‘liq yo‘q qilish radiusi 1,5 kilometrni tashkil etdi. Uranli bo‘lgan bomba Hirosimaning 70 foizini vayron qilgan. 90 ming uyning 62 mingdan ortig‘i yo‘q bo‘lib ketgan.

Yadro portlashining bevosita ta’siridan 80 ming kishi halok bo‘ldi va 1945 yil oxiriga kelib qurbonlarning umumiy soni 200 ming kishini tashkil etdi. Zilzila o‘chog‘ida havo harorati taxminan 3 ming darajaga yetgan.

Shaharga yordam ko‘rsatish uchun kelganlar ham radioaktiv yomg‘ir ta’siridan vafot etgan.

Hirosimaga atom hujumidan keyin Qo‘shma Shtatlar atom bombasini ishlatgan birinchi davlat sifatida tarixga kirdi.

Uch kundan keyin, soat 11:02 da Nagasaki shahriga 500 metr balandlikdan 21 ming tonna trotilga teng bo‘lgan Fat Man («Baqaloq») atom bombasi tashlandi.

240 ming aholiga ega Nagasakidagi portlash 74 mingga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Uylarning 36 foizi butunlay vayronaga aylangan.

Yadroviy zarbalar natijasida halok bo‘lganlarning umumiy soni Yaponiya hukumati tomonidan 500 ming kishiga baholanmoqda.

Yaponiyaliklar ikkala yadroviy portlashdan omon qolgan qurbonlarni «hibakusha» deb atashadi.

Keyingi yillarda omon qolganlarning ko‘pchiligi leykemiya, saraton yoki nurlanishning boshqa nojo‘ya ta’sirlariga duch kelishdi.

Atom bombalaridan foydalanish Ikkinchi jahon urushining «burilish nuqtasi» hisoblanadi. 1945 yil 15 avgustda imperator Xiroxito Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushida ittifoqchilar shartlariga ko‘ra so‘zsiz taslim bo‘lganligini e’lon qildi. Ikkinchi jahon urushi tugashining rasmiy sanasi - Yaponiya so‘zsiz taslim bo‘lish to‘g‘risidagi aktni imzolagan 2 sentabr.

Hirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalari zarar ko‘rgan hududdagi barcha o‘simlik va tabiiy hayotning yo‘q qilinishiga olib keldi.

Atom portlashi energiyasi taxminan 2 kvadrat kilometr maydonda barcha binolarni, tirik mavjudotlarni va tabiatni yoqib yubordi, atmosferaga chiqarilgan yadro zarralari ta’sirini bugungi kunda mintaqa suvlarida ko‘rish mumkin.

Hirosimada Tinchlik memorial bog‘i tashkil etilgan va unda Hirosima qurbonlari yodgorligi joylashgan.

Nagasaki Atom bombasi muzeyi shaharga atom bombasi tashlanishi haqida hikoya qiladi.

Mashhur «Tinchlik yodgorligi» yoki «Gembaku gumbazi» - «Atom gumbazi» portlashdan oldin Hirosima Savdo-sanoat palatasining binosi edi, 1996 yilda «Genbaku gumbazi» YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

To‘qqizta davlat yadro arsenaliga ega: AQSh, Rossiya, Angliya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil. Bu haqda Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) 2023 yilgi hisobotida aytiladi. 

Dunyoda 12 512 ta jangovar kallaklarning qariyb 90 foizi AQSh va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Ko‘proq yangiliklar: