“Atom bombasi do‘zaxi hech qachon takrorlanmasligi kerak” - yadro hujumidan omon qolgan so‘nggi yapon hibakushalari

Jahon 11:27 / 03.08.2024 26103

Kun hali ertaligiga qaramay havo allaqachon isib ketgandi. Chiyeko Kiriake peshonasidagi terni artganda yuziga soya tushdi. Ko‘zni qamashtiradigan nurni 15 yoshli qiz ilgari hech qachon ko‘rmagandi. 1945 yil 6 avgust, soat 08:15 edi. "Men quyosh botdi deb o‘yladim va boshim aylanib ketdi", deb eslaydi u.

AQSh Kiriakening ona shahri Hiroshimaga atom bombasini tashladi va bu tarixda urushda ishlatilgan ilk atom bombasi bo‘ldi.

Yevropada Germaniya taslim bo‘lgan bir paytda, Ikkinchi jahon urushida jang qilgan Ittifoq kuchlari hali ham Yaponiya bilan urushayotgan edi.

Tiyeko talaba edi, lekin ko‘plab katta o‘quvchilar singari, urush paytida fabrikalarga ishlashga yuborilgandi. U yarador do‘stini opichlab ko‘tarib, gandiraklab maktabiga bordi. Ko‘pgina talabalar qattiq kuyishgandi. Chiyeko uy xo‘jaligi sinfidagi eski moyni ularning yaralariga surtdi.

“Bu biz ularga qilishimiz mumkin bo‘lgan yagona muolaja edi. Yaralanganlar birin-ketin vafot etdi”, - deydi Chiyeko.

“O‘qituvchilarimiz omon qolgan yuqori sinf o‘quvchilarga o‘yin maydonchasida chuqur qazishni buyurdi va men o‘z qo‘llarim bilan sinfdoshlarimni kuydirdim (krematsiya qildim). Shu onda ularni o‘ylab dahshatni his qildim”.

Chiyeko hozir 94 yoshda. Hirosima va Nagasakiga atom bombalari tashlanganiga qariyb 80 yil bo‘ldi va omon qolganlar Yaponiyada hibakusha deb ataladi. Ular hikoyalarini aytib berishi uchun esa vaqt tugab boryapti.

Yadroviy hujumdan keyin ko‘pchilik sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar bilan yashagan, yaqinlarini yo‘qotgan va diskriminatsiyaga uchragan.

Chiyeko Kiriake - atom bombasi hujumidan oldin va hozir

"Odamlar 75 yil davomida bu yerda o‘t-o‘lan o‘smaydi deb aytishgandi, lekin keyingi bahorda chumchuqlar qaytib keldi”,- deydi Chiyeko.

Chiyekoning so‘zlariga ko‘ra, u umri davomida ko‘p marta o‘lim bilan yuzlashgan, ammo qandaydir buyuk kuch o‘zini asrashiga ishongan.

Bugungi kunda tirik qolgan hibakushalarning aksariyati portlashlar paytida bola bo‘lgan. Hibakusha - so‘zma-so‘z "bombadan zarar ko‘rgan odamlar" deb tarjima qilinadi. Ular keksaygani sari, dunyoda mojarolar kuchayib bordi. Hibakushalar hozir yadro xavfini har qachongidan ham realroq deb hisoblaydi.

86 yoshli Michiko Kodama Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Isroilning G‘azoga qarshi urushi kabi bugungi kunda dunyoda kechayotgan mojarolar haqida o‘ylar ekan, "Tanam titrayapti, ko‘z yoshlarim to‘kilyapti. Biz atom bombasidek do‘zaxning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Men inqirozni his qilyapman", - deydi.

Michiko yadro qurolidan voz kechishning faol targ‘ibotchisi bo‘lib, u bu bilan barcha qurbon bo‘lganlarning ovozi eshitilishi va kelajak avlodga yetkazilishini ta’minlash uchun gapirayotganini aytadi.

"Menimcha, to‘g‘ridan to‘g‘ri bombardimonlarni boshdan kechirgan hibakushaning o‘zidan bularni tinglash muhim", deydi u.

Hirosimaga bomba tashlanganida Michiko maktabda edi (u bu paytda 7 yosh bo‘lgan).

“Sinfxonaning derazalaridan biz tomonga yorqin nur tushdi. Bu sariq, to‘q sariq yoki kumushrang nur edi”.

U butun sinfda derazalar qanday singanini tasvirlaydi: “Singan oyna parchalari har tomonga uchib, "devorlar, stollar, stullarni teshib o‘tdi. Shift qulab tushdi. Shuning uchun stol ostiga yashirindim”.

Portlashdan keyin Michiko vayron bo‘lgan xonani ko‘zdan kechirdi. "Men sinfdan emaklab koridorga chiqdim va do‘stlarimning: "Menga yordam beringlar" deb baqirganini eshitdim.

Otasi uni olib ketish uchun keldi va ko‘tarib uyiga olib ketdi. Osmondan qop-qora loydek yomg‘ir yog‘di, deydi Michiko. Bu radioaktiv moddalar va portlash qoldiqlari aralashmasi edi. U uyga borgan yo‘lini hech qachon unuta olmasdi.

Michiko Kodama

"Bu do‘zax sahnasi edi", deydi Michiko. "Biz tomon yugurgan odamlarning kiyimlari butunlay yonib ketgan va go‘shtlari erib ketgandi".

U o‘zi bilan bir xil yoshda bo‘lgan, yolg‘iz qolgan qizni ko‘rganini eslaydi. Qiz qattiq kuygan edi.

Michiko Kodama

"Uning ko‘zlari katta ochiq edi", deydi Michiko. “O‘sha qizning ko‘zlari meni ta’qib qiladi. Men uni eslay olmayman. Oradan 78 yil o‘tgan bo‘lsa-da, qiz mening ongimga, qalbimga muhrlangan”.

Agar uning oilasi eski uyida qolsa, Michiko bugun tirik qolmas edi. Eski uy bomba portlagan joydan atigi 350 metr uzoqlikda edi. Taxminan 20 kun oldin uning oilasi bir necha kilometr uzoqlikdagi boshqa uyga ko‘chib o‘tgan va bu uning hayotini saqlab qoldi.

1945 yil oxiriga kelib, Hirosimada halok bo‘lganlar soni 140 000 atrofida bo‘lgan. AQSh tomonidan uch kundan keyin bombardimon qilingan Nagasakida kamida 74 ming kishi halok bo‘ldi.

Suyeychi Kido esa Nagasakidagi portlash episentridan atigi 2 km uzoqlikda yashagan. O‘shanda u besh yoshda edi va portlashda yuzining bir qismi kuygan. Og‘irroq jarohat olgan onasi uni portlashning og‘ir ta’siridan himoya qildi.

"Biz atom bomba portlashidan jabrlanganlar yana hibakushalar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadimizdan hech qachon voz kechmaganmiz", deydi hozirda 83 yoshda bo‘lgan Suyeychi. U yaqinda Nyu Yorkka BMTda yadroviy qurollar xavfidan ogohlantirish maqsadida nutq so‘zlash uchun borgan.

Portlash ta’siridan hushidan ketganidan so‘ng uyg‘onganida, birinchi esga tushgan narsa qizil moyli tunuka idish edi. Yillar davomida u portlash va atrofdagi vayronagarchiliklarga aynan shu moyli idish sabab bo‘lgan deb o‘ylagan.

Ota-onasi uning bu fikrlarini to‘g‘rilamagan, uni yadroviy hujumdan himoya qilishni afzal ko‘rishdi, lekin Suyeychi bu haqda gapirganda yig‘lab yuborishadi.

Suyeychi Kido \ Foto: BBC/Minnow Films

Jarohatlar darhol sezilmadi. Portlashdan bir necha hafta va oylar o‘tib, har ikki shaharda ham ko‘plab odamlarda radiatsiyaviy zaharlanish alomatlari paydo bo‘la boshladi – leykemiya va saraton darajasi oshib ketdi.

Ko‘p yillar davomida omon qolganlar jamiyatda kamsitishlarga duch kelishdi, ayniqsa juft topishda.

"Hibakusha qoni bizning oilamizga kirishini xohlamaymiz", deyishdi menga, - deydi Michiko. Ammo keyinchalik u turmushga chiqdi va ikki farzand ko‘rdi.

Michiko saraton tufayli onasi, otasi va ukalarini yo‘qotdi. Uning qizi 2011 yilda shu kasallikdan vafot etgan.

"Men o‘zimni yolg‘iz, g‘azablangan va qo‘rquvda his qilyapman va keyingi navbat menga kelishi mumkinmi, deb o‘ylayman", deydi u.

Yana bir atom bomba portlashidan omon qolgan Kiyomi Iguro Nagasakida bomba portlaganda 19 yoshda edi. U uzoq qarindoshining oilasiga turmushga chiqqani va homilador bo‘lgani, qaynonasi atom bombasiga nisbat berib bolani oldirib tashlashni aytganini eslaydi.

“Qaynonam menga kelajaging qo‘rqinchli degandi, - deydi u. Kiyomining aytishicha, unga qo‘shnilariga yadroviy portlashni boshdan kechirganini aytmaslik buyurilgan.

Kiyomi Iguro . O‘smirlik davri, yapon milliy kiyimida \ Foto: BBC/Minnow Films
Foto: BBC/Minnow Films

Kiyomi Yer sayyorasi yadro quroli va urushlardan xoli, tinch bo‘lishini umid qiladi. Suyeychi universitetda Yaponiya tarixidan dars berishni davom ettirdi.

“Hibakusha ekanligim shaxsiyatimga dog‘ tushirdi, ammo keyin oddiy odam emasligimni angladim va insoniyatni qutqarish uchun gapirishga majbur bo‘ldim.

Men o‘zimning alohida inson ekanligimni his qildim", deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: