Braziliyada dunyodagi eng baland osmono‘par turar joy binosi quriladi

Jahon 21:48 / 06.08.2024 5598

Braziliyaning Balneario-Kamboriu shahrida dunyodagi eng baland osmono‘par turar joy binosi quriladi. Qurilish loyihasi mahalliy hokimiyat tomonidan ma’qullangan, deb xabar berdi Dezeen.

Triumph Tower deb nomlangan binoning balandligi 544 metr bo‘ladi va Nyu-Yorkdagi eng baland turar joy binosidan (Central Park Tower) 72 metr balandroq bo‘ladi. Loyiha Braziliyaning FG Empreendimentos developer kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Osmono‘par bino Barra-Sul hududida quriladi. Bino 100 qavatli bo‘lib, 150 ming kvadrat metr maydonni egallaydi. Minoraning me’moriy ko‘rinishi tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan.

Balneario-Kamboriu shahri o‘zining osmono‘par binolari bilan mashhur. Unda Janubiy Amerikadagi bir qator eng baland osmono‘par binolar joylashgan bo‘lib, ularning ba’zilari FG Empreendimentos kompaniyasi tomonidan qurilgan, jumladan Epic Tower va One Tower.

Qayd qilinishicha, Balneario-Kamboriu shahri Braziliyada 1 kvadrat metr uchun turar joy mulkining eng yuqori narxlariga ega.

Ko‘proq yangiliklar: