Bangladesh armiyasi boshlig‘i general Vaqer Uz-Zamon mamlakatda o‘tish davri hukumati tuzilishini ma’lum qildi. Bu haqda mahalliy OAV xabar tarqatdi.
Bu bayonot bosh vazir Shayx Hasina norozilik namoyishlari ostida rasmiy qarorgohini tark etganidan keyin yangradi.
«Barcha siyosiy partiyalar vakillari bilan samarali muzokaralardan so‘ng biz o‘tish davri hukumatini tuzishga qaror qildik. Endi vaziyatni hal qilish uchun Bangladesh prezidenti Muhammad Shahobiddin bilan uchrashuv o‘tkazamiz», — dedi u matbuot anjumanida.
Bosh qo‘mondonning qayd etishicha, agar namoyishlar va zo‘ravonliklar to‘xtasa, mamlakatda harbiy holat joriy etishga hojat qolmaydi.
Uz-Zamon tartibsizliklar ishtirokchilarining o‘limi yuzasidan tergov olib borishga va’da berdi.
General, shuningdek, norozilik markazlaridan biriga aylangan Dakka universiteti professori Osif Nazrulani talabalarga murojaat qilib, namoyishlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Dushanba kuni minglab namoyishchilar Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasinaning rasmiy qarorgohi bo‘lgan Dakkadagi «Ganobxabana» majmuasiga bostirib kirishdi.
Bu haqda mahalliy OAV va VVS xabar berdi.
Hasina va uning singlisi tartibsizliklar vaqtida rasmiy qarorgohini tark etgani xabar qilingan. Ular harbiy vertolyotda xavfsizroq joyga qochgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, armiya qo‘mondoni Vaqer-Uz-Zamon siyosiy partiyalar yetakchilari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgan.
Ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Shayx Hasina mamlakat bosh vaziri lavozimini tark etgani haqida xabar tarqatdi.
Bangladeshda ommaviy tartibsizliklar mamlakat hukumati davlat lavozimlari uchun ko‘pchilik kvotalar bekor qilinganidan keyin boshlandi.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar paytida 147 kishi halok bo‘lgan. Mahalliy matbuotning xabar berishicha, qurbonlar soni 200 dan oshgan.