Michigan universitetining huquqshunoslik fakulteti tadqiqotchisi Elias Huri G‘azodagi urushda AQShning manfaatlari va harbiy mavjudligi borasida tahlillarni taqdim qildi.
«Qariyb 10 oydan buyon Isroil G‘azoda genotsidga olib kelgan urushni davom ettirmoqda. Uning armiyasi shafqatsiz hujumlari bilan deyarli barcha xalqaro gumanitar normalarni buzmoqda. Isroil G‘azoda jon saqlayotganlarni hayotiy elementar narsalar – suv, oziq-ovqat, dori va sanitariya vositalari, elektr energiyasi va yoqilg‘idan ham mahrum qilmoqda. Fuqarolik obektlariga yo‘naltirilgan harbiy harakatlar natijasida aholining katta qismi boshpanasiz qolgan.
Isroil oldiga qo‘ygan harbiy maqsadlarning birortasi G‘azoni to‘liq yakson qilish – o‘n minglab aholini o‘ldirish, universitet, maktab, shifoxona va uylarni yakson qilishni nazarda tutmaydi. Agar, Isroil G‘azoda bombalar oqibatida tekislangan quruq yerni okkupatsiya qilishni xohlamasa.
Isroilning bunday xatti-harakatlarini «temir qo‘llov» bilan qo‘llayotgan, uning yaqin ittifoqchisi AQSh esa qoidalarga asoslangan xalqaro tizimni va o‘zining xalqaro obro‘sini yo‘qotmoqda. Ko‘pchilik Isroilning bu harakatlarini Hamasning 7 oktyabrdagi hujumiga javob sifatida baholaydi. Lekin bugunga kelib ular ochiq genotsiddan faxrlanmoqda, Binyamin Netanyahu esa «to‘liq g‘alaba» haqida gapirmoqda», — deydi Huri.
Muallif Netanyahuning ushbu atamasini fashistlar Germaniyasida ishlatilgan «yakunlovchi g‘alaba» shiori va unga olib borish uchun qilingan noinsoniy harakatlarga qiyoslagan.
«AQSh Isroilning eng ishonchli ittifoqchisi hisoblansa ham, urush boshlanguniga qadar ehtiyotkor bo‘lgan hamda Falastin bilan muzokaralarda o‘zini vositachi, ikki tarafga teng munosabatda ko‘rsatib kelishga uringan.
Lekin urush boshlanishi bilan, Jo Bayden hukumati Isroilni har qadamda to‘liq qo‘llashni boshladi. Aslida, bu jamiyatlar ikki xil va G‘azodagi urush haqidagi qarashlari, pozitsiyalari ham oz bo‘lsa-da boshqacharoq bo‘lishi mumkin-ku?
Yoki Isroil lobbisi bo‘lgan Amerika—Isroil jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi AQSh tashqi siyosatiga ta’sir o‘tkazishni boshladimi? Yoki AQShning o‘zi G‘azodagi urushdan biror manfaat ko‘ryaptimi? Agar G‘azo sohillariga yaqin joydagi gaz konlariga ega chiqmoqchi bo‘lsa, buning uchun urush emas, muzokaralar ham yetarli bo‘lardi.
Yuqorida sanalganlarning birortasi falastinliklarni genotsid qilayotgan Isroilni qo‘llash orqali AQShning Yaqin Sharqda ham, butun dunyoda ham obro‘si to‘kilishini izohlamaydi.
Agar AQShning qo‘llovi G‘azodagi genotsid bilan bog‘liq bo‘lmasa-chi? Balki AQSh bu yerda kim asosiy ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchidir?»
So‘nggi yillarda ko‘plab olimlar va tahlilchilar ko‘p qutbli dunyo haqida gapiryapti va dunyoda AQSh gegemonligi nihoyasiga yetganini ta’kidlamoqda. Tahlilchi AQShning bu qo‘llov orqali o‘z gegemoniyasini tiklashga urinmoqda, deb hisoblaydi.
«Bu tahlillar fonida AQSh Suriya va Ukrainadagi mojarolarda Rossiya bilan munosabatlarda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Afg‘onistondan esa qo‘shinlarini olib chiqib ketishga majbur bo‘ldi va “Tolibon” hokimiyatga keldi. Lotin Amerikasi davlatlarida ham vaziyat — AQSh uchun salbiy tomonga o‘zgarmoqda.
Ayni shu vaqtda esa AQShning asosiy raqibi Xitoy xalqaro maydonda o‘z ta’sir doiralarini kuchaytirib bormoqda. Xitoy asosiy rollardan birini o‘ynaydigan BRIKS tashkiloti o‘z safini Eron, BAA, Misr va Efiopiya hisobiga kengaytirib, BRIKS+ga aylandi. Xitoy 2023 yilda Yamandagi qurolli mojarolarni ham sovitishga yordam berib, Yaqin Sharq geosiyosiy maydonda «debyut» qildi».
Muallifga ko‘ra, aynan shu kabi omillar AQShni dunyoda pasayib borayotgan qudratli davlat mavqeyini tiklab olish uchun harakat qilishga undagan. Va bunday imkoniyat G‘azoda yuzaga keldi.
«AQShning harakatlarini aynan shunday tushunish kerak. Bo‘lmasa, nima uchun yengil qurollangan Hamasning bir martalik hujumiga javoban AQSh mintaqada o‘z harbiy mavjudligini kuchaytirmoqda? Xalqaro gumanitar huquqning eng asosiy prinsiplarini mensimasdan olib borilayotgan urush – AQShni hech kim to‘xtatib qola olmasligini ko‘rsatib qo‘yish uchundir.
Bunga ba’zi qarshiliklar ham bo‘ldi. Masalan, Eron Suriyada yuqori martabali amaldori o‘ldirilishi ortidan havodan Isroilga unchalik katta zarar yetkazmagan raketalar otdi. Eron katta ehtimol bilan bu ssenariyni Hamas siyosiy lideri o‘ldirilishidan so‘ng takrorlaydi.
Liviya hududiga hujumga javoban «Hizbulloh» ham Isroilga hujumlar uyushtirdi.
Qizil dengizda yamanlik husiychilar esa muhim dengiz yuklarini to‘xtatdi, Isroil hududiga dronlar va raketalar uchirdi.
Janubiy Afrika Respublikasi Isroilni genotsidda ayblab, unga qarshi BMTning xalqaro sudida ish qo‘zg‘atdi. Sud dastlabki hukmida da’vogarlar foydasiga hukm chiqardi.
BMTning Yaqin Sharqdagi qochqinlar ishlari bo‘yicha tashkilotini AQSh moliyalashtirmay qo‘ygach, Xitoy uni moliyaviy qo‘llashini bildirdi. Xitoyliklar yana mustaqil Falastin davlatini tuzish va tan olishga chaqirib, Fath va Hamas tashkilotlari birligi borasida kelishuv tuzishga yordam berdi.
Lekin yuqoridagilarning hech biri AQShning Isroilga taqdim etayotgan cheksiz resurslari va diplomatik himoyasiga qarshi turish uchun yetarli bo‘lmayapti.
BRIKS+ning maqsadi Kollektiv G‘arb gegemoniyasiga qarshi turish edi. Lekin Xitoy o‘z gegemoniyasiga munosib bo‘lmagan holda faqat diplomatik chaqiriqlar bilan cheklanib qoldi, Rossiya deyarli jim bo‘lsa, Hindiston Isroilni ochiq-oydin qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
BRIKS+ mamlakatlari G‘azodagi genotsidni to‘xtatish uchun ko‘proq narsalar qilishi mumkin edi. Lekin ular bunday qilmadi. JAR va Erondan tashqari BRIKS+ davlatlari hozircha vaziyatdan foydalanib qolmayapti. AQSh tashkilotni «qog‘ozdagi yo‘lbars», deya tavsiflamoqda. Agar BRIKS+ davlatlari buning aksini isbotlamasa, AQSh o‘zi xohlagan qudratli gegemoniyasini saqlab qolayotganini bildiradi», deydi huquqshunos.