Adenauer jamg‘armasi Rossiyada «nomaqbul» deb tan olindi

Jahon 07:55 / 06.08.2024 912

Konrad Adenauer nomidagi nemis jamg‘armasi (Konrad-Adenauer-Stiftung e.V.) Rossiyada «nomaqbul» tashkilot sifatida tan olindi. Bu haqda 5 avgust, dushanba kuni Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasining rasmiy vakili Andrey Ivanov ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma «Rossiya Federatsiyasi rahbariyatini, uning ichki va tashqi siyosatini, huquqni muhofaza qilish organlari va sud tizimini obro‘sizlantiradigan materiallarni tarqatadi». Rossiya rasmiysi ta’kidlaganidek, «ochiq-oydin provokatsion xarakterga ega bo‘lgan jamg‘arma faoliyati Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni chigallashtirish, Rossiya Federatsiyasining xalqaro maydonda siyosiy va iqtisodiy yakkalanishi uchun shart-sharoit yaratish va faollashtirishga qaratilgan».

«Rossiya repressiyani kuchaytirmoqda»

2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya hukumati bir qator taniqli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Germaniya partiya fondlari vakolatxonalarining ofislarini yopdi.

«Biz Rossiya Ukrainaga kirganidan so‘ng, Rossiyadagi ishimizni darhol to‘xtatdik va boshqa barcha nemis siyosiy jamg‘armalari singari o‘shandan beri mamlakatda yo‘qmiz», dedi dushanba kuni Berlinda Adenauer jamg‘armasi vakili AFP’ga. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylarining maqsadi aniq va mamlakat ichiga yo‘naltirilgan: «Rossiya rejimi repressiyalarni kuchaytirmoqda, o‘z fuqarolarini qo‘rqitmoqchi, ularni erkin va demokratik g‘oyalardan ajratib qo‘ymoqchi».

Konrad Adenauer fondi dunyo bo‘ylab 111 ta vakolatxonaga ega. Uning maqsadlari sifatida liberal demokratiya va ijtimoiy bozor iqtisodiyoti, tinchlik va erkinlik, transatlantik munosabatlar va Yevropa birligini targ‘ib qilish ko‘rsatilgan. Jamg‘armaning vakolatxonasi Rossiyada 1990 yildan beri faoliyat ko‘rsatmoqda. «Jamg‘arma rus va nemis siyosatchilari va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasida konstruktiv fikr almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi, keng ma’noda jamg‘arma Germaniya va Rossiya jamiyatlari o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘indir», deyiladi tashkilot saytida.

Rossiyada «nomaqbul» tashkilotlar

Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin Rossiyada «nomaqbul» tashkilotlar soni keskin o‘sishni boshladi. Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiya hukumati 23 tashkilotni «nomaqbul» tashkilot deb tan olgan, 2023 yilda – 58 ta. 

Rossiya qonunchiligida 2015 yildan beri «nomaqbul» tashkilotlar maqomi qonuniy ravishda mavjud. Ularga Rossiya Federatsiyasi hududida ma’muriy va jinoiy javobgarlik tahdidi ostida faoliyat yuritish taqiqlanadi. Ushbu tashkilotlar bilan hamkorlik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan. 2024 yil iyul oyida Davlat dumasi tegishli qonunni kuchaytirdi. Har qanday «nomaqbul» tashkilotning faoliyatida ishtirok etganlik uchun rossiyaliklar 500 ming rublgacha jarima yoki 4 yilgacha qamoq, uning faoliyatini tashkil etganlik uchun esa 6 yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: