YeI Maduroning Venesuela prezidenti etib qayta saylanganini tan olmaydi

Jahon 10:17 / 05.08.2024 3106

Venesueladagi prezidentlik saylovlarida mamlakat Milliy saylov kengashi (CNE) tomonidan e’lon qilingan ovozlarni sanab chiqishning rasmiy natijalarini ishonchli deb e’tirof etib bo‘lmaydi – Yevropa Ittifoqining pozitsiyasi shunday. YeI tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel nomidan tegishli bayonot 4 avgust, yakshanba kuni Yevropa kengashi saytida e’lon qilindi.

Bayonotda qayd etilishicha, xalqaro kuzatuvchilar Venesuelada ovoz berishni xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etishdagi nomuvofiqliklarni «aniq ta’kidlagan», Venesuela saylov komissiyasi esa haligacha saylov uchastkalaridan Nikolas Maduroning saylovlardagi g‘alabasini tasdiqlovchi bayonnomalarni e’lon qilmagan. Shu bilan birga, CNE allaqachon mamlakat hukmdorini qayta saylangan rahbar sifatida tan oldi. 

«Muxolifat tomonidan chop etilgan va bir qancha mustaqil tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilgan saylov natijalariga ko‘ra, Edmundo Gonsales Urrutia prezidentlik saylovlarida sezilarli farq bilan g‘olib chiqqan», dedi Borrel. 

Qo‘shma Shtatlar avvalroq Gonsalesni «katta farq» bilan saylovda g‘olib deb e’lon qilgan edi. Davlat kotibi Entoni Blinken Venesuela hukumatini «Venesuela saylov qonunlari va Venesuela xalqining xohish-istaklariga muvofiq hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazish bo‘yicha munozaralarni boshlashga» chaqirdi. 

Yevropa Ittifoqi xalqaro miqyosda tan olingan organ tomonidan saylov protokollarini mustaqil ravishda ko‘rib chiqishga chaqirdi, ba’zi alohida davlatlar CNE hech bo‘lmaganda ovoz berish natijalarini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishini talab qilmoqda. Bryussel Maduroning ikkinchi muddatga qonuniyligini tan olmadi – mamlakatdagi avvalgi saylovlar ham xuddi shunday ssenariy bo‘yicha o‘tgan, shundan so‘ng Maduro rejimi muxolifatni ta’qib qila boshlagan va mamlakatda uzoq davom etgan siyosiy inqiroz boshlangan. 

Maduro uchinchi bor saylovda g‘alaba qozonganini da’vo qilmoqda

Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat hukumati nazoratidagi saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, avvalroq mamlakatga ikki muddat prezidentlik qilgan Maduroni saylovchilar 51,2 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Biroq xalqaro kuzatuvchilarga saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilmagan.

Muxolifatga ko‘ra, ovozlar adolatli sanalganda Gonsales taxminan 67 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozonishi kerak edi. Maduroning raqiblari Venesuela bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov uchastkalaridan olingan byulletenlarning 80 foizdan ortig‘ini e’lon qildi. Saylovdan oldingi so‘rovlar ham Maduroning mag‘lubiyatini bashorat etgan edi. 

Venesuela hukmdori namoyishlar tufayli muxolifat yetakchilariga qamoq bilan tahdid qilmoqda

Venesuelada prezidentlik saylovlaridan keyin soxtalashtirishga qarshi namoyishlar boshlandi. 3 avgust holatiga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 2000 kishi qo‘lga olingan, dedi Maduro.

Venesuela hukmdori o‘z tarafdorlari bilan suhbatda ushlanganlarni qattiq tartibli qamoqxonalarga jo‘natishga va’da berdi. Maduro, shuningdek, muxolifat yetakchilarini terrorchilikda ayblab, qamoq jazolari bilan tahdid qilgan. Ulardan biri Mariya Korina Machado avvalroq Karakasdagi mitingda so‘zga chiqib, fuqarolarni namoyishlarni davom ettirishga chaqirgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: