Yaponiya Markaziy Osiyoga Rossiya hududini chetlab o‘tib Yevropaga chiqish yo‘lini tashkil etishda yordam bermoqchi - OAV

O‘zbekiston 21:30 / 05.08.2024 9234

Shu hafta Qozog‘istonda 5+1 formatidagi “Markaziy Osiyo – Yaponiya” ilk muloqoti bo‘lib o‘tadi. Bu uchrashuvda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida mintaqa uchun iqtisodiy ko‘mak paketini e’lon qilishni rejalashtirmoqda, deya xabar tarqatdi The Japan Times.

Nashrning hukumatdagi manbalariga asoslanib yozishicha, bu yordam paketi Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Yevropa bilan bog‘laydigan savdo yo‘lagini tashkil etishga yo‘naltiriladi.

Yapon hukumati shu tarzda Rossiya va Xitoy ta’siri ostidagi mintaqaga iqtisodiy mustaqillikni ta’minlashda yordamlashishni maqsad qilgan.

Iqtisodiy ko‘mak, shuningdek, dekarbonizatsiya va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ham nazarda tutadi. Xususan, tabiiy gazni qayta ishlash va boshqa sohalarda uglerod chiqindilarini kamaytirish uchun Yaponiya kompaniyalarining texnologiyalari va qarzlari taqdim etilishi kutilmoqda.

Fumio Kishida 9-12 avgust kunlari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

E’tiborlisi, Markaziy Osiyoni Yevropa bilan Rossiya hududlarisiz bog‘laydigan savdo yo‘li haqida o‘tgan hafta AQShda ham gapirilgan edi. AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Jyeyms O'Brayyenning so‘zlariga ko‘ra, Vashington MOni Armaniston yoki Ozarboyjon orqali jahon bozorlariga olib chiquvchi quruqlik savdo yo‘lini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

“Agar biz Armaniston yoki Ozarboyjon orqali o‘tadigan marshrutni ocha olsak, ular jahon bozorlariga chiqish imkoniga ega bo‘lishadi hamda Rossiya va Xitoyga bog‘liqligi ancha kamayadi”, – degandi O'Brayyen AQSh Senatidagi qo‘mita eshituvlarida.

Ko‘proq yangiliklar: