Yevropakomissiya TikTok platformasiga raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi Yevropa qonunchiligini buzayotgan TikTok Lite ilovasidagi rag‘batlantirish dasturini olib tashlash majburiyatini yukladi. Bu haqda Yevropa komissiyasining rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda so‘z boradi.
Rag‘batlantirish dasturi foydalanuvchilarga video ko‘rish, layklar, obuna va do‘stlarni taklif qilish kabi ma’lum «vazifalarni» bajarganlik uchun ball ishlab olish imkoniyatini beradi. Yevrokomissiyaga ko‘ra, ushbu dastur «platformalarga, ayniqsa, bolalar qaramligini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan xatarlarni oldindan yaxshilab baholamasdan va xavfni kamaytiradigan samarali choralar ko‘rilmasdan» ishga tushirilgan.
Qayd etilishicha, TikTok ijtimoiy tarmog‘i Yevropa Ittifoqi hududida o‘z ilovalaridan rag‘batlantirish dasturini butunlay olib tashlash va taqiqni chetlab o‘tadigan boshqa har qanday dasturni ishga tushirmaslik majburiyatini olgan. Mazkur majburiyatga rioya qilmaslik raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunning buzilishiga tenglashtiriladi va jarimalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi. Ushbu qaror bilan Yevrokomissiya TikTok Lite Ispaniya va Fransiyada ishga tushirilganidan keyin, 22 aprel kuni ijtimoiy tarmoqqa qarshi ochgan ishini rasman yopdi.
TikTok’ka qarshi 19 fevral kuni ochilgan boshqa bir tergov davom etmoqda. Bryussel ma’lumotlariga ko‘ra, unda «voyaga yetmaganlar himoyasi, reklama shaffofligi, ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati, shuningdek, addiktiv dizayn va zararli kontentga bog‘liq» masalalar haqida gap ketmoqda. Agar TikTok DSA qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilsa, ijtimoiy tarmoq o‘zining butun dunyo bo‘ylab aylanma mablag‘ining 6 foizi miqdorida jarimaga tortiladi.