Rossiyaning Urals nefti dengiz orqali eksporti 2022 yil dekabridan beri eng past darajaga yetdi. Bu haqda 2 avgust kuni Bloomberg o‘z hisob-kitoblariga tayanib xabar berdi. Iyul oyida Primorsk, Ust-Luga va Novorossiysk portlaridan neft eksporti kuniga deyarli 1,8 million barrelgacha kamaydi. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bir oy avval bu ko‘rsatkich 2,2 million barrelni tashkil qilgan.
O‘tgan oyda global neft yetkazib berish kuniga qariyb 586 ming barrelga qisqardi, deb ta’kidlaydi Bloomberg. Iyul oyida neft eksporti nafaqat Rossiya Federatsiyasida, balki Braziliya, Venesuela va Qatarda ham kamaydi. Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni va AQShning eksport hajmi mos ravishda kuniga 5,8 million va 4,4 million barrelgacha oshdi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida Xitoyga neft yetkazib berishning umumiy hajmi kuniga 1,4 million barreldan ko‘proq kamaydi, bu 2024 yildagi eng katta pasayishdir. LSEG Oil Research ma’lumotlariga ko‘ra, Osiyoning neft importi iyul oyida Xitoy va Hindistondagi zaif talab tufayli ikki yil ichidagi eng past darajaga tushdi.
OPEK+ davlatlari neft qazib olish rejasini pasaytirdi
Neftga talab pasayishiga munosabat bildirgan holda, Rossiyani o‘z ichiga olgan OPEK+ tashkiloti a’zolari o‘tgan yilning iyun oyida ishlab chiqarish darajasini kamaytirishga kelishib oldilar. Shu yilning iyun oyida neft eksportchilari karteli joriy cheklovlarni 2025 yil oxirigacha uzaytirishga qaror qildi.
Rossiyaning 50 dan ortiq neft tankeri sanksiyalar tufayli bo‘sh turibdi
G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari 50 dan ortiq rus tankerlarini «ishdan chiqardi», ular yordamida avvalroq mamlakat dunyo bo‘ylab neft eksport qilgan, deb xabar berdi Bloomberg. Kemalar bo‘sh turib qolishi faktining o‘zi G‘arbda Rossiya neftini tashishga xalaqit beradigan vosita borligini isbotlaydi, deya xulosa qiladi Bloomberg. Shunday qilib, 2023 yil oktyabr oyidan beri sanksiyalarga duchor bo‘lgan 53 ta kemaning deyarli barchasi bitta ham yangi yuk ololmadi.
Shu bilan birga, jurnalistlarning ta’kidlashicha, tankerlar uchun to‘siqlar Rossiya ba’zi yuklarni tashish xarajatlari oshishiga olib kelmaydi, chunki yuk stavkalari pasaymoqda.