Rossiya Mudofaa vazirligi Innovatsion rivojlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general-mayor Vladimir Shesterov korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Tergov qo‘mitasi xabar berdi.
Yuqori martabali ofitser «Patriot» bog‘i va ko‘rgazma markazi faoliyati uchun ajratilgan budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblanmoqda. «TASS» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan mablag‘lar 40 million rublni tashkil etadi. Ayni vaqtda generalni hibsga olish masalasi muhokama etilmoqda.
Qayd etilishicha, Shesterov bilan birga «Patriot» parki direktori polkovnik Vyacheslav Axmedov ham ushlangan va u tergov izolyatoriga yuborilgan. Shuningdek, landshaft majmuaning bir necha xodimi ham so‘roq qilinmoqda.
Iyul oyida «Patriot»da davlat xaridlarida talon-toroj holatlari yuzasidan tergov o‘tkazilgandi. Bog‘ mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu davrida, aprelda milliardlab pora olish bo‘yicha hibsga olingan uning o‘rinbosari Timur Ivanov rahbarligi ostida qurilgandi. Maydoni 3,5 ming gektardan ortiq majmua hududida harbiy-vatanparvarlik muzeyi, tarixiy voqealarni rekonstruksiya qilish zonasi, shuningdek, Mudofaa vazirligining asosiy cherkovi joylashgan. Cherkovning qurilishini o‘ziga budjetdan 2 milliard rubl sarflangani aytiladi.
Shesterov aprel oxiridan beri qo‘lga olingan beshinchi general hisoblanadi. 26 iyulda Tergov qo‘mitasining mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari armiya generali Dmitriy Bulgakovga ham e’tirozlari yuzaga kelgani ma’lum bo‘lgandi. U qo‘shinlarga qimmat narxda sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berib, 1,3 milliard rubl zarar yetkazganlikda ayblanmoqda. Ayni vaqtda u «Butirka» tergov izolyatorida saqlanyapti.
23 may kuni Rossiya Qurolli Kuchlari Aloqa bosh boshqarmasi boshlig‘i — Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari general-leytenant Vadim Shamarin ham hibsga olingandi. U Permdagi «Telta» telefon zavodi bosh direktori va bosh buxgalter Yelena Grishinadan 36 million rubl miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda.
May o‘rtalarida Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Yuriy Kuznetsov ham ushlangan. U ham pora olishda ayblanmoqda. Bundan tashqari, sud 58-armiya sobiq qo‘mondoni general Ivan Popovni ham tergov izolyatoriga yuborish bo‘yicha qaror qaror qabul qilgan, biroq keyinroq ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, Popov 1,7 ming tonnadan ortiq metall mahsulotlarining o‘g‘irlanishida ishtirok etgan.