Olimpiadaning 9-kuni. Jokovichning ko‘z yoshlari va yuz metrga yugurishda fotofinish

Sport 12:32 / 05.08.2024 18272

4 avgust kuni Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida sportning 13 ta turida 39 ta medallar jamlanmasi o‘ynaldi.

0,005 soniya hal qildi

Olimpiya o‘yinlari. Erkaklar. 100 metr. Final
1. Noa Layls (AQSh) — 9,784
2. Kisheyn Tompson (Yamayka) — 9,789
3. Fred Kerli (AQSh) — 9,81
4. Akani Simbine (JAR) — 9,82
5. Lamont Jyekobs (Italiya) — 9,85
6. Letsile Tebogo (Botsvana) — 9,86
7. Kennet Bednarek (SShA) — 9,88
8. Oblike Sevill (Yamayka) — 9,91

Yakshanba kuni Olimpiya o‘yinlarida markaziy voqealardan biri ro‘y berdi: erkaklar o‘rtasida yuz metrga yugurish  bo‘yicha final o‘tkazildi. Unda amerikalik sportchi Noa Layls 9,79 soniya natija bilan g‘olib chiqdi. Kumush medal sovrindori, yamaykalik Kisheyn Tompson ham shunga yaqin natija qayd etdi, bronza esa amerikalik boshqa bir chopag‘on Fred Kerliga nasib etdi (9,81).

Buyuk yamaykalik Useyn Bolt faoliyatini yakunlaganiga qaramay, bu musobaqa odatdagidek ko‘plab muxlislarning diqqat markazida turmoqda. Bu safar ishtirokchilardan hech biri u 2009 yilda o‘rnatgan jahon rekordiga (9,58) yaqinlasha olmadi.

Bu yilgi musobaqa shunisi bilan ajralib turdiki, unda yaqqol favorit yo‘q edi: bir necha sportchi oltinga da’vogar edi va titul taqdirini soniya ulushlari hal qilishi kutilayotgandi. Shunday ham bo‘ldi.

Poyga o‘ta qizg‘in kechdi, ayniqsa finish muxlislarni hayajonda ushlab turdi. Atletlar marraga yetib kelganidan keyin ham kim g‘olib chiqqanini bilmasdi: ular natijalar e’lon qilinishini kutib turishiga to‘g‘ri keldi. Yakunda Layls Tompsondan soniyaning mingdan bir necha ulushi bilan ustun kelgani ma’lum bo‘ldi. Amerikalikning rasmiy natijasi — 9,784, yamaykalikniki — 9,789.

Kimga qanday medal berilishini aniqlash uchun fotofinishga ehtiyoj sezildi, u esa Laylsning torsi Tompsonning korpusidan bir necha santimetr oldinda ekanini ko‘rsatdi.

Poygada Tokiodagi o‘yinlar g‘olibi, italiyalik Marsel Yakobs ham ishtirok etdi — u marraga 9,85 natija bilan beshinchi bo‘lib yetib keldi.

Layls — amerikalik 27 yoshli yengil atletikachi, 200 metr masofaga yugurish bo‘yicha AQSh rekordchisi, mazkur masofada Tokio Olimpiadasining bronza medali sovrindori. Olti karra jahon chempioni, jumladan 2023 yil Budapeshtda o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

«Bu men istagan narsa: og‘ir kurash, ajoyib raqiblar, — deya Laylsning poygadan keyingi so‘zlarini keltirgan Reuters. — Barcha jangga tayyor edi va men ularning orasida bir erkak bo‘rilar orasidagi bo‘ri ekanini isbotlamoqchi edim».

Layls AQShga yuz metr masofaga yugurishda 20 yil ichidagi ilk oltin medalni taqdim etdi. Bu masofada so‘nggi olimpiya chempioni bo‘lgan amerikalik 2004 yil Afinada 9,85 natija bilan marraga birinchi bo‘lib kelgan Jastin Getlin bo‘lgandi.

Novak Jokovich faoliyatida ilk bor olimpiya oltinini qo‘lga kiritdi

Afsonaviy serbiyalik tennischi Novak Jokovich «Oltin dubulg‘a»ga («Katta dubulg‘a»ning barcha turnirlari hamda olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lish) erishgan tarixdagi beshinchi tennischiga aylandi.

Jokovich 37 yoshida finalda ispaniyalik Karlos Alkarasni (joriy yilgi «Uimbldon» va «Rolan Garros» turnirlari g‘olibi) 7:6 (7:3), 7:6 (7:2) hisoblarida mag‘lub etgan holda Parijdagi olimpiya o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Jokovich — «Katta dubulg‘a» turnirlarida 24 marta g‘olib chiqqan, ammo faoliyatida ilk bor olimpiya chempioniga aylandi.

G‘alabali o‘yin uch soat davom etdi. Jokovich yakuniy matchda g‘olib bo‘lgach, kortga yiqilgancha yig‘lay boshladi, keyin esa sumkasidan Serbiya bayrog‘ini chiqarib, uni muxlislar tomon silkitdi.

«Men nihoyat 37 yoshimda olimpiya oltinini yutdim», — degan Jokovich Eurosport telekanaliga intervyusida.

«Eng asosiysi, men o‘z mamlakatim uchun o‘ynadim. Men Serbiya uchun o‘ynaganimdan g‘ururlanaman. Men bilamanki, Karlos [Alkaras], va Rafa [Rafael Nadal] faxr bilan Ispaniya uchun o‘ynashadi, Endi [Marrey] Britaniya uchun o‘ynashni yoqtiradi, Rodjyer [Federer] — Shveytsariya uchun, Aleks Zverev esa Tokioda Germaniya uchun g‘olib bo‘lgandi. Siz bu yigitlarning barchasining o‘z mamlakati uchun g‘olib bo‘lgandagi reaksiyasini ko‘rgansiz — bu qandaydir o‘zgacha hissiyot», — degan olimpiya chempioni.

Jokovich 2008 yilda Pekin Olimpiadasida yarimfinalda bo‘lajak chempion, ispaniyalik Rafa Nadalga yutqazgan, uchinchi o‘rin uchun bahsda amerikalik Jyeyms Bleykni yenggan holda bronza olgan, 2012 yil Londonda yarimfinalda mezbon va bo‘lajak chempion Endi Marreyga yutqazgan, bronza medal uchun bahsni argentinalik Xuan Martin del Potroga boy bergan, 2016 yil  Rio-de-Janeyroda yana del Potroga yutqazib, olimpiadani barvaqt tark etgan, Tokio olimpiadasida esa yarimfinalda bo‘lajak chempion, germaniyalik Aleksandr Zverevga mag‘lub bo‘lgan, bronza uchun bahsni ispaniyalik Pablo Karreno Bustega boy bergan.

Parijda oltin qo‘lga kiritgan holda Jokovich elita klubiga qo‘shildi, u hisobida «Katta dubulg‘a»ning barcha turnirlari g‘olibligi va olimpiya chempionligi bor bo‘lgan tarixdagi beshinchi tennischiga aylandi. Bunday natija bilan shu vaqtgacha faqat Rafael Nadal, Serena Uilyams, Andre Agassi va Shteffi Graf faxrlana olardi.

«Bu mening Olimpiya o‘yinlaridagi beshinchi ishtirokim, — deydi Jokovich. — Uchtasida yarimfinalda o‘ynaganman, ammo qandaydir sabab tufayli bu to‘siqdan o‘ta olmaganman. Men bu safar ham yarimfinalda kortga chiqqanimda faqat shu haqda o‘yladim… Shuning uchun bu matchda [Alkarasga qarshi final] men u qadar asabiylashmadim, xuddiki medal allaqachon meniki bo‘lgandek. Va men to‘liq kuch bilan harakat qilishni istadim. O‘ylaymanki, bu safar finalga o‘ta olganim katta yordam berdi».

Fransiya ochiq chempionatida tizzasidan olgan jarohatidan keyin jarrohlik amaliyotini o‘tkazganiga qaramay, Jokovich Parijdagi Olimpiadada birorta setni boy bermadi.

Ukrainlarda yana uchta medal

Yakshanba kuni Parijda ayollar o‘rtasida balandlikka sakrash bo‘yicha musobaqa finali o‘tkazildi. Unda ukrainalik Yaroslava Maguchix birinchi bo‘ldi, kumush avstraliyalik Nikola Olislagersga nasib etdi. Ushbu ikki mamlakat vakillari - Eleanor Patterson va Irina Gerashchenko bir xil urinishda bir xil natija ko‘rsatgani tufayli (1.98) bronza medalga ega chiqishdi.

E’tiborli tomoni, finalga chiqqan 13 atlet orasida o‘zbekistonlik Safina Sa’dullayeva ham bor edi va u ham 1.98 metr natijani zabt etdi, ammo urinishlar ko‘pligi tufayli bronzaga ilina olmadi.

Ukrainalik 22 yoshli Yaroslava Maguchix jiddiy raqobatga uchramasdan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Finalga chiqqanlardan faqat ikki kishi 2.00 metr balandliklikni zabt etdi, Maguchix birinchi urinishdayoq o‘tdi (umuman, u finaldagi to‘rt nuqtadan ham — 1.91, 1.95, 1.98 va 2.00 metrdan birinchi urinishdayoq o‘tdi), yashil qit’a vakili Olislagers esa uchinchi urinishda. Uning 2.02 metrdan o‘tish uchun barcha uch urinishi muvaffaqiyatsiz kechdi. 

Ukrainalik atletning ham oxirgi natijasi Olislagersniki bilan bir xil bo‘ldi (2.00), u ham 2.02 metrdan o‘tishda qiynaldi, lekin kamroq urinish amalga oshirgani uchun oltin unga berildi.

Qayd etish kerakki, Maguchix yaxshi formada bo‘lmasdan ham Olimpiada chempioniga aylandi, holbuki u bir oy oldin Parijdagi Brilliant liga bosqichida 2.10 m balandlikdan sakrab, bolgariyalik Stefka Kostadinovaga tegishli bo‘lgan va 37 yil mobaynida saqlanib turgan jahon rekordini (2.09 m) yangilagandi. Ammo 2004 yildan buyon rossiyalik Yelena Slesarenkoga tegishli bo‘lgan Olimpiya rekordini (2.06) yangilay olmadi. 

Bu Yaroslava Maguchixning ilk olimpiya medali. Tokioda u 2.00 metr natija bilan bronza olgandi. Uning bu safargi medali Ukraina uchun Parijdagi ikkinchi oltin bo‘ldi. 3 avgust kuni Olga Xarlan boshchiliidagi ukrainalik qilichboz qizlar delegatsiya uchun ilk oltin medalni taqdim etishgandi.

4 avgust kuni ukrainalik yana bir yengil atletikachi, Mixaylo Koxan bosqon uloqtirishda bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Neytral rossiyaliklarning kumushi

Olimpiya o‘yinlarida ayol tennischilar o‘rtasida juftlik bahslariga rossiyalik Mirra Andreyeva va Diana Shnayder chiqishgandi. Finalda ular tay-breykda italiyalik Sara Errani va Yasmin Paoliniga 7:10 hisobida yutqazishdi va kumush bilan kifoyalanishdi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Rossiya va Belarusni Ukrainadagi urush tufayli Parijdagi o‘yinlarda bir jamoa bo‘lib ishtirok etishdan chetlatgan. Rossiyalik yoki belaruslik bo‘lgan sportchilar saralashdan o‘tadigan taqdirda betaraf ishtirokchilar sifatida qatnashishiga ruxsat berilgan, ularning yutuqlari medallar bo‘yicha umumiy reytingda hisobga olinmaydi.

Tennischilarning kumushi turnirda ishtirok etayotgan rossiyaliklar uchun birinchi medal bo‘ldi.

Umumiy reytingda nihoyat AQSh jamoasi birinchi o‘ringa chiqib oldi. 4 avgust kuni okeanorti vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza qo‘lga kiritib, jami medallar sonini 71 taga yetkazdi (19-26-26) va birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Shu kuni 3 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza bilan kifoyalangan xitoyliklar (19-15-11), kumushlar soni kamroqligi tufayli ikkinchi o‘ringa tushib qoldi.

Dastlabki hafta davomida kuchli beshlikka ham kira olmagan amerikaliklar so‘nggi kunlarda shiddatni oshirishdi. So‘nggi kunda golf, velosport, suzish va yengil atletikada beshta oltin olishdi. Xitoyliklarda esa faqat uchta sport turida g‘alaba – gimnastika, stol tennisi va suzishda, suzish bo‘yicha estafeta bahslarida ular yaqqol favorit sanalgan amerikaliklardan ustun kelishdi.

Ko‘proq yangiliklar: