OAV: Haniyani o‘ldirish Mossad operatsiyasi bo‘lgan

Jahon 20:24 / 05.08.2024 5060

HAMAS siyosiy lideri Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi hamon muhokamalar markazida. Haniya HAMASni qo‘llashini ochiq aytadigan Eron poytaxti Tehronda xavfsizlik maksimal darajada ta’minlangan kunda o‘ldirilgani esa bu borada shubhalar va tabiiyki konspirlogik qarashlarni kuchaytirdi.

Avvalroq The New York Times Haniya HAMAS va Eron rasmiy ma’lumotida aytilganidek raketa zarbasi yoki uchuvchisiz kurilma yordamida emas, u Tehronda tunab qolgan uyda bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgani haqida yozgandi. Britaniyaning Telegraph nashri ham bu versiyani quvvatlovchi yangi tafsilotlarni e’lon qildi.

Ingliz surishtiruvchilarining aniqlashicha, Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi to‘laligicha Isroil maxsus xizmati Mossad operatsiyasi bo‘lgan. HAMAS liderini o‘ldirish uchun Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi agentlari yollangan va ular yordamida Haniya tunagan xonaga boma qo‘yishgan. May oyida yollangan agentlar Haniya tunab qolishi mumkin bo‘lgan uchta xonaga bomba qo‘ygan.

Avvaliga Raisiyning janozasi ko‘zlangan

Mossad avvaliga HAMAS liderini may oyida, aviahalokat oqibatida vafot etgan Eron marhum prezidenti Ibrohim Raisiyning janozasi vaqtida o‘ldirishni ko‘zlagan, ammo o‘shanda operatsiya barbod bo‘lish ehtimoli yuqoriligi sabab ortga surilgan. Eronda Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin xavfsizlikka mas’ul bo‘lgan bir qator yuqori martabali mulozimlar, u tunab qolgan mehmon uyi xodimlari va hatto generallar qo‘lga olingani aytilgandi. New York Times'ga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida Eron razvedkasi xodimlari ham bo‘lgan.

Yaqin Sharqdagi voqealarni yoritadigan nashrlarda Isroil go‘yoki Tehron markazigacha kamikadze droni uchirgani, juda balanddan uchgan dron esa Haniya turgan xona ustiga aniq raketa tashlagani haqida yozgan. Ammo dron bu qadar aniq harakat qila olishi, bundan tashqari, Isroil droni Eron osmonida bu qadar erkin harakatlanishi shubhali ekani aytilmoqda.

Isroilning «ilmoqli» bayonoti

Isroil tomoni Haniyaning o‘limi haqida hech qanday munosabat bildirgani yo‘q, ammo TsAXAL so‘zchisi bo‘lmish kontr admiral Daniel Hagari Isroil Haniya o‘lgan tunda Yaqin Sharqning biror davlatiga raketa uchirmagani yoki dron uchirmaganini ma’lum qilgan. «Biz seshanba kuni Bayrutga aniq aviazarba yo‘llab, Faud Shukrni o‘ldirdik. O‘sha tunda Yaqin Sharqning boshqa hech bir davlatiga Isroilning birorta raketasi yoki droni uchirilgani yo‘q. Bu aniq. Buni ortiq izohlay olmayman», degan Hagari.

TsAXAL vakilining gapidagi eng muhim jihat u Isroilning Haniya o‘limiga aloqasi yo‘q deb ochiq aytmaganidir. Isroil mudofaa armiyasi vakili «qolganini izohlay olmayman» degani esa Haniya xonasiga bomba portlatilgani haqida versiyaga ishonchni yanada oshiradi.

Britaniya nashrining suiqasd haqida hisobot bilan tanish manbasiga ko‘ra, nazorat kameralarida Mossad yollagani aytilgan agentlar xonalardan xonalarga qanday sezdirmay harakatlangani ko‘ringan. Manbaga ko‘ra, bomba boshqa davlat hududidan turib harakatga keltirilgan.

«Bu — Eron uchun kamsitish»

Telegraph surishtiruv davomida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi vakili bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan. Uning aytishicha, MOSSAD Korpusning yuqori martabali mulozimlarni qo‘riqlash bilan shug‘ullanadigan «Ansor al Mahddi» bo‘linmasi agentlarini yollagan. «Bu qanday sodir bo‘lganiga ishonish qiyin. Balki juda yuqori darajada kelishilgan va hech kim bilmaydigan qandaydir gap bordir», degan u.

Korpusning boshqa vakili bu hodisani Eronning kamsitilishi deb atagan. Nashr suhbatdoshi Eron oliy rahnamosi Ali Hominaiy suiqasddan bir necha soat o‘tib Isroilga hujum qilishga buyruq bergan bo‘lsa-da, u uchun inauguratsiyaga borgan mehmonlar xavfsizligi birinchi o‘rinda bo‘lganini aytgan.

«Hizbulloh» lideri nega Tehronga bormagan?

Yana ba’zi manbalarga ko‘ra, Eron yangi prezidenti Mas’ud Pezashkiyonning inauguratsiya marosimiga «Hizbulloh» lideri Hasan Nasrulloh ham taklif qilingan, ammo u Tehronda xavfsizlik borasida ishlar ko‘ngildagidek tashkil qilinishiga shubha bildirgani sabab marosimga bormagan. Inauguratsiyada uning yordamchisi Naim Qosim qatnashgan.

Tehrondagi Haniya tunab qolgan mehmon uyida Falastindagi «Islom jihodi» guruhi yetakchisi Ziyod an Nahala ham bo‘lgan. Ammo u boshqa qavatga joylashtirilgani sabab tirik qolgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden ilk marta Ismoil Haniyaning o‘limiga munosabat bildirdi. Oq uy rahbariga ko‘ra, HAMAS siyosiy liderining o‘limi asirlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni qiyinlashtirgan. AQSh nashrlariga ko‘ra, Bayden Netanyahuga harbiy yordam to‘xtatilishi bilan tahdid qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: