Kseniya Fadeyeva: Men almashinuvga rozilik bermadim

Jahon 08:03 / 05.08.2024 4498

Aleksey Navalniyning Tomskdagi shtabi sobiq rahbari Kseniya Fadeyeva 4 avgust, yakshanba kuni Rossiya Federatsiyasi va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi asirlar almashinuvi natijasida Rossiya koloniyasidan ozod etilganidan so‘ng birinchi murojaatini e’lon qildi. Unda u barchaga «qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun» minnatdorchilik bildirdi

«Aytishim kerakki, men almashinuvga rozilik bermadim. 2021 yilda jinoiy ish ochilmaguncha Rossiyani tark etmaslikka ongli ravishda qaror qildim va tergov hibsxonasida bo‘lmaganimda qochib ketmadim», dedi Fadeyeva. Uning so‘zlariga ko‘ra, «FSB» maxsus kuchlari uni «shunchaki» avtobusga, keyin esa samolyotga o‘tkazgan.

Xuddi shunday bayonotni avvalroq muxolifatchi Ilya Yashin ham berdi. U almashinuv ro‘yxatiga kiritmaslikni so‘raganini eslatib o‘tdi. «Men bilan sodir bo‘lgan voqeani almashinuv sifatida ko‘rmayapman», dedi Yashin 2 avgust kuni Bonnda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

G‘arb va Rossiya o‘rtasida mahbuslar almashinuvi

2 avgust kuni Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Rossiya koloniyalaridan jami 16 kishi ozod qilindi, ular orasida siyosiy mahbuslar Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin, Oleg Orlov, amerikalik jurnalistlar Evan Gershkovich va Alsu Kurmasheva, shuningdek, Rossiya va Belarusda turli muddatlarga qamalgan Germaniya fuqarolari bor. Rossiyaga 10 kishi qaytdi - Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari, ularning ikki farzandi, kiberfiribgarlar va Germaniyada umrbod qamoq jazosini o‘tagan «FSB» xodimi Vadim Krasikov. 

Ko‘proq yangiliklar: