«Har qanday mavjud chipta bron qilinishi kerak»: AQSh o‘z fuqarolarini Livanni tark etishga chaqirdi

Jahon 07:37 / 05.08.2024 2034

Britaniya va AQShning Bayrutdagi elchixonalari Isroil va Livanning «Hizbulloh» harakati o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotgan bir paytda Livandagi fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi.

Britaniya elchixonasi fuqarolarga «hozir tijoriy reyslar mavjud bo‘lganda» Livandan uchib ketishni maslahat bermoqda. Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmiga ko‘ra, «vaziyat tezda yomonlashishi mumkin». AQSh elchixonasi, o‘z navbatida, fuqarolarni «har qanday mavjud chiptani bron qilishga» chaqirdi, hatto parvoz manzili «xohishga to‘liq mos kelmasa ham».

London mintaqada diplomatik va harbiy ishtirokini kuchaytiradi

Britaniya elchixona xodimlariga yordam berish va Britaniya fuqarolarining so‘rovlariga «tez javob qaytarish» uchun Yaqin Sharq mintaqasiga, jumladan, Livanga diplomatlarini yubordi. Hududda Britaniya qo‘shinlari «joylashtirish jarayonida», deyiladi xabarda.

Avvalroq, 2 avgust kuni Britaniya mudofaa vaziri Jon Hilli Isroilga tashrif buyurib, «taranglik ortib borayotgan vaziyatda keskinlikni yumshatish»ga chaqirgan edi.

Isroil Bayrutda «Hizbulloh» yetakchisini o‘ldirdi

30 iyul kuni Isroil Bayrutning janubiy chekka hududlariga zarba berdi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 3 kishi halok bo‘lgan, 70 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Isroil Mudofaa kuchlari (TsAHAL) «maqsadli» operatsiyada 27 iyul kuni Jo‘lan tepaliklariga uyushtirilgan hujum uchun mas’ul bo‘lgan «Hizbulloh»ning yuqori martabali harbiy qo‘mondoni Fuad Shukr halok bo‘lganini ma’lum qildi. Hujumdan so‘ng Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats Livan harakati bilan «keng ko‘lamli urush» ehtimoli haqida ogohlantirdi.

O‘z navbatida, «Hizbulloh» hujumga aloqadorligini rad etadi. Guruh zarbalari faqat Isroil harbiy bazasiga qaratilganini ta’kidlamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: